Jahon | 16:00 / 25.11.2023
4404
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya Rossiya bilan chegaradagi yana uchta nazorat-o‘tkazish punktini yopdi

Finlandiya-Rossiya chegarasida endi boshpana so‘rash mumkin bo‘lgan yagona nazorat punkti - mamlakat sharqidagi borish qiyin bo‘lgan «Raya-Yoosep» posti. 

Foto: Picture Alliance

24 noyabr, juma kuni Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasidagi yana uchta nazorat-o‘tkazish punkti – «Salla», «Vartius» va «Kuusamo» Finlandiya hukumati qarori bilan vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Finlandiya Chegara qo‘riqlash xizmati veb-saytida aytilishicha, xalqaro himoyaga endi faqat mamlakat sharqiy chegarasidagi «Raya-Yoosep» nazorat-o‘tkazish punktida ariza topshirish mumkin

Qayd etilishicha, bu chora-tadbirlar noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yishga qaratilgan. «Ochiq o‘tkazish punktlari orqali chegarani kesib o‘tish faqat ularning ish vaqtida amalga oshiriladi. Chegarani boshqa joylardan ruxsatsiz kesib o‘tishga yo‘l qo‘yilmaydi», — deyiladi hujjatda. 

Helsinki rasmiylari o‘tgan hafta Rossiya bilan chegaradagi to‘qqizta nazorat-o‘tkazish punktining dastlabki to‘rttasini yopdi. Finlandiya va Rossiya chegarasiga Afrika va Yaqin Sharq davlatlaridan kelayotgan muhojirlar oqimi tufayli 18 noyabrga o‘tar kechasi «Imatra», «Niirala», «Nuyyamaa» va «Vaalimaa» nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati to‘xtatildi. Yana bir nazorat-o‘tkazish punkti - «Vartius» 19 noyabr kuni yopilgan edi. Bundan oldin Finlandiya hukumati «Vartius»dagi chegarachilarga yordam berish uchun qurolli kuchlarni yuborgan. 

Finlandiya-Rossiya chegarasida muhojirlar sonining ko‘payishi

Joriy yilning avgust oyidan buyon Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasida Iroq, Suriya, Yaman, Somali hamda Yaqin Sharq va Afrikaning boshqa davlatlaridan boshpana izlovchilar soni keskin oshgan. Ularning aksariyatida Finlandiyaga kirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar yo‘q. Noyabr oyi boshidan beri Rossiya-Finlandiya chegarasida bunday muhojirlar soni 600 kishidan ortdi.

Helsinki Rossiya tomonini oqimni uyushtirganlikda aybladi. «Bu milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid bo‘lib, sharqiy chegara hududidagi hukumatlar faoliyatiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda», dedi Finlandiya chegara qo‘riqlash xizmati rahbari o‘rinbosari Markku Hassinen.

23 noyabr kuni Yevropa chegara va qirg‘oqni qo‘riqlash agentligi - Frontex Finlandiya chegara qo‘riqlash xizmatini qo‘llab-quvvatlash uchun yana 50 nafar xodimi, shuningdek, patrul mashinalari va boshqa jihozlarni yuborishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasi Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasi hisoblanib, 1340 kilometr uzunlikka ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid