Og‘rigan quloqni davolash emas, kesishni xohlayotganlar haqida
28 noyabr kuni huquq organlari xodimlarining tasvirlarini ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun 15 sutka qamoq jazosi belgilash haqidagi qonun loyihasi to‘satdan paydo bo‘lib, Qonunchilik palatasida bir kunda uch o‘qishdan o‘tib ketdi. Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bu haqdagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Bugun deputatlar ko‘p qonunlar qatorida yana bitta antiqa qonunni ham tasdiqlabdi.
Ya’ni ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida fuqarolar tomonidan foto yoki videotasvirga olib internet orqali tarqatilishi ma’muriy, hatto 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanishga sabab bo‘lishi haqidagi qonun uch o‘qishda tasdiqlanib ketibdi.
Bu nima degani?
Bu shu deganiki, ertaga birorta nopok, o‘z ishiga noloyiq va qonunbuzar ichki ishlar xodimining videosi yoki suratini internetga joylasangiz, sizga jamoatchilik nazoratidagi faolligingiz, tizimni tozalashdagi yordamingiz uchun rahmat aytishmaydi, balki aksincha 15 sutkagacha tiqib qo‘yishadi.
Aslida bunaqa alohida moddaga ehtiyoj bormi?
Yo‘q! Ushbu qonun normasiga hech qanday ehtiyoj yo‘q va bu ertaga faqat zarar keltiradi.
Hozirgi qonunlarimizda ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan qarshilik qilganlarga jazo bormi? Bor!
Ichki ishlar xodimini haqorat qilgani uchun (xoh hayotda, xoh internetda) jazo bormi? Bor!
Ichki ishlar xodimiga tuhmat qilib, uni obro‘sizlantirgani uchun jazo bormi? Bor!
Bo‘ldi-da, unda yana nima kerak sizlarga?
O‘zi amaliyotda eng ko‘p soxta ayblov qo‘yiladigan moddalardan biri – ichki ishlar organlari xodimiga qarshilik qilish, degan modda edi, kimnidir 15 sutkaga qamash kerak bo‘lsa, odatda mana shu “dejurniy” ayblovdan foydalanishardi. Endi yana bitta “dejurniy” modda qo‘shilyapti, ichki ishlar xodimini obro‘sizlantirmoqchi bo‘ldi, deb qamashlar ko‘payadi. Chunki nima obro‘sizlantirish-u, nima obro‘sizlantirish emasligi haqida aniq chegara yo‘q.
Juda yomon ish bo‘libdi lekin...
Xushnudbek Xudoyberdiyev,
huquqshunos, bloger
Mavzuga oid
17:59 / 20.11.2024
Prezident normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik bilan muhokama qilinmayotganiga e’tiroz bildirdi
16:11 / 17.11.2024
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengaytirildi
16:25 / 19.09.2024
«Sudga ijtimoiy bosimning oldini olish uchun jarayon yopiq o‘tkazilyapti» – Sudyalar oliy kengashi Aziz Voitov ishi haqida
15:31 / 12.09.2024