Jahon | 18:51 / 29.11.2023
8074
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu «G‘azoning jallodi» sifatida tarixga kiradi - Erdo‘g‘an 

Turkiya prezidenti Isroil va uning rahbari harakatlarini qoraladi. 

Foto: Anadolu Agency

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «G‘azoning jallodi» sifatida tarixga kiradi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat parlamentidagi nutqida aytib o‘tdi. 

«G‘azo sektorida o‘tgan asrning eng katta vahshiyliklaridan birini sodir etgan Netanyahu allaqachon o‘z nomini tarixga «G‘azo jallodi» sifatida yozib qo‘ygan. 7 oktyabrdan buyon G‘azo aholisi insoniyat tarixidagi eng jirkanch hujumlarga duchor bo‘lmoqda», dedi Turkiya rahbari. 

Uning qayd etishicha, masjidlar Isroil armiyasi tomonidan nishonga olingan, maktablar xarobaga aylangan, shifoxonalar buzib tashlangan, qochqinlar lagerlari ataylab nishonga olingan. 

«Qochayotgan tinch aholi yo‘llarda bombardimon qilindi, begunoh bolalar halok bo‘ldi, ularning ota-onalari jasadlarini yig‘ishga majbur bo‘ldi», deb qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘an. 

Unga ko‘ra, G‘azoning 2,3 million aholisiga qarshi genotsid qilingan. Turkiya rahbari Falastin anklavining aholisi asosiy ehtiyojlardan mahrum bo‘lganini va «360 kv.km. maydonni egallagan ochiq qamoqxonaga joylashtirilganini» ta’kidladi. 

«Biz G‘azo sektorida sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarni, ba’zilarini hisobga olmaganda, G‘arb davlatlarining e’tiborsizligini hech qachon unutmaymiz», dedi u. 

Erdo‘g‘an Turkiya Isroil rasmiylarini xalqaro huquq me’yorlari asosida o‘z harakatlari uchun javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ta’kidladi.

U 1967 yilgi chegaralar doirasida mustaqil, yaxlit va suveren Falastin davlati yaratilishi va poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lishi bilan Falastin muammosiga ikki davlat asosida yechim topish zarurligini ta’kidladi. 

Shuningdek, u Turkiyaning Falastin anklavi aholisiga bundan buyon ham gumanitar yordam ko‘rsatish rejalari haqida gapirdi. Xususan, G‘azo sektoriga 1500 tonna yuk bilan ikkinchi turk kemasi yo‘lga chiqishini aytdi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid