Jahon | 00:31 / 30.11.2023
10657
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azodagi harbiy operatsiyaning keyingi bosqichiga tayyorligini ma’lum qildi

Sulh yakunlangach, Isroil armiyasi harbiy harakatlarni davom ettirishi mumkin.

Foto: The Times of Israel

Isroil mudofaa kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-leytenant Gersl Halevi harbiylar HAMAS guruhi bilan sulh tugaganidan keyin amalga oshirishi kerak bo‘lgan jangovar rejalarni ma’qulladi. Bu haqda The Times of Israel yozdi.

«Biz nima qilish kerakligini bilamiz va operatsiyaning keyingi bosqichiga tayyormiz», dedi Halevi.

Operatsiyaning navbatdagi bosqichi rejasi TsAHAL Janubiy harbiy okrugi qarorgohida Halevi va qo‘mondonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tasdiqlangan.

Shuningdek, Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant ham «Mossad» razvedka xizmati va «Shin Bet» umumiy xavfsizlik xizmati rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda harbiylar zudlik bilan jangovar harakatlarni boshlashga tayyor ekanini aytdi.

Shu bilan birga, Gallant Isroil garovga olinganlarni qaytarish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirayotganini qo‘shimcha qildi.

The Jerusalem Post gazetasining xabar berishicha, HAMAS garovga olinganlarning yangi guruhini Isroilga topshirish jarayonini boshlagan. Ular allaqachon Xalqaro Qizil Xoch harakati xodimlari tomonidan qabul qilingan. The Times of Israel nashri Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan ikki ayol Qizil Xochga topshirilganini xabar qildi.

Mavzuga oid