O‘zbekiston | 09:49 / 02.12.2023
12136
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti xizmatlari narxi o‘zgardi

Poytaxt hokimining qarori bilan “Veolia” kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan yangi narxlar tasdiqlandi. Tariflarni keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida investitsion xarajatlar tarif strukturasidan alohida hisobga olingan.

Foto: Veolia

Toshkent shahar hokimining “Veolia Energy Tashkent” MChJ HK tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan yangi narxlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan “Veolia” kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan yangi narxlar tasdiqlangan.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 dekbrdan “Veolia Energy Tashkent” MChJ HK tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan bazaviy narxlar qo‘shilgan qiymat solig‘isiz 664 465 so‘m/Gkal darajasida, bunda:

aholi uchun — 91 960 so‘m/Gkal;

yuridik shaxslar uchun — 212 660 so‘m/Gkal;

budjet tashkilotlari uchun 801 963 so‘m/Gkal darajasida tasdiqlangan.

Ta’kidlanishicha, markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini budjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida investitsion xarajatlar tarif strukturasidan alohida hisobga olingan. Shuningdek, iste’molchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kvadrat metr isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimiga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 iyuldan e’tiboran, Fransiyaning Veolia kompaniyasi davlat-xususiy sherikchilik asosida Toshkent shahri issiqlik ta’minotining yagona operatori sifatida ish boshlagan. Hozirda Toshkent shahrida 90 foiz issiqlikni ishlab chiqarish “Tosh elektromarkaz” va “Toshkent elektromarkaz” unitar korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi, 10 foizini “Veolia”ning o‘zi ishlab chiqaradi va 100 foiz issiqlikni aholiga yetkazib beradi.

Mavzuga oid