08:00 / 08.12.2023
3534

AQSh jamg‘armasi o‘zbekistonliklar uchun ta’lim grantlari ajratishi mumkin

AQShning Stirling Foundation nodavlat xayriya jamg‘armasi o‘zbekistonliklar Amerikada tahsil olishi uchun ta’lim grantlarini ajratmoqchi. 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, vazir birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov AQShning Stirling Foundation nodavlat xayriya jamg‘armasi prezidenti Maylz Xansen bilan uchrashdi. Unda 2024 yilda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli masalalari, jumladan, Stirling Foundation nodavlat xayriya jamg‘armasi tomonidan O‘zbekistonda oliy va professional ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiya sohalarida loyihalarni moliyalashtirish va joriy etish imkoniyatlari, O‘zbekiston OTMlarida ingliz tilini o‘qitish, AQShda tahsil olish uchun ta’lim grantlarini ajratish kabi masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida AQSh tomonidan oliy ta’lim sohasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, OTM hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, AQShda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatlari yuzasidan qator takliflar bildirildi. 

AQShning Yuta va Aydaxo shtatlaridagi Brigam Yang Universitetlarida (Brigham Young University-Utah, Brigham Young University-Idaho) biznes boshqaruvi, menejment, muhandislik, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda tahsil olish uchun grant ajratish masalalari shular jumlasidan. 

Jamg‘arma tomonidan O‘zbekistonda masofaviy ta’limni joriy etish yuzasidan ham takliflar bildirilgan bo‘lib, ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan aholi qatlamiga (onalik ta’tilidagi ayollar, yashash joyi bo‘lmagan yoki uzoqda ta’lim olish imkoni bo‘lmaganlar va h.k.) imkoniyat yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi. 

Mavzuga oid
Top