Jahon | 08:56 / 11.12.2023
8548
2 daqiqa o‘qiladi

London: Rossiya Ukraina energetikasini yo‘q qilish kampaniyasini boshladi

Rossiya bombardimonchi samolyotlarining zarbalari Ukraina energetika infratuzilmasini yo‘q qilish bo‘yicha kelishilgan kampaniyaning boshlanishi bo‘lib ko‘rinyapti, deya ma’lum qildi Britaniya razvedkasi.

Rossiya armiyasi Ukrainaning energetika infratuzilmasini yo‘q qilish uchun navbatdagi qishki kampaniyani boshlagan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Britaniya harbiy razvedkasi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi tomonidan 10 dekabr, yakshanba kuni X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida chop etilgan kundalik hisobotida aytilishicha, gap ikki oydan ortiq tanaffusdan so‘ng strategik samolyotlardan foydalangan holda yangi zarbalar berish haqida ketmoqda.

Hisobot mualliflari ta’kidlaganidek, 7 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya Harbiy-havo kuchlari 2023 yil 21 sentabrdan beri birinchi marta «og‘ir bombardimonchi samolyotlardan foydalangan holda Kiyev va markaziy Ukrainaga kuchli hujumlar amalga oshirdi». Tu-95 ekanligi taxmin qilinayotgan bu samolyotlar Kaspiy dengizi ustida joylashgan hududdan kamida 16 ta qanotli raketalarni uchirdi. Ehtimol, bu X-101 raketalari bo‘lgan (NATO tasnifiga ko‘ra - AS-23a KODIAK).

«Rossiya qishki kampaniyada foydalanish uchun bu raketalarni zaxiralab qo‘ygan. Bu, ehtimol, Ukrainaning energetika infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan Rossiya kampaniyasining boshlanishidir», - deyiladi razvedka hisobotida. Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, hujumdan ko‘rilgan zarar «minimal», chunki raketalarning aksariyati Ukraina havo mudofaasi tomonidan muvaffaqiyatli tutib olingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid