Jahon | 16:42 / 14.12.2023
8250
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiyada safarbarlikning ikkinchi to‘lqini bo‘lmasligiga va’da berdi

Rossiya hukumati o‘z vaqtida birinchi to‘lqin bo‘lmasligiga ham va’da bergandi. 

Alexandr Kryazhev / Sputnik / Scanpix / LETA

RF prezidenti Vladimir Putin Rossiyada safarbarlikning ikkinchi to‘lqini bo‘lmasligi haqida gapirdi.

«Safarbarlik nega kerak? Bunday zarurat yo‘q», — degan u jonli muloqot vaqtida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda safarbarlik doirasida chaqirilgan 244 ming harbiy xizmatchi Ukrainada bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, yana 486 ming ko‘ngilli RF mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan.

«Bizda «qisman safarbarlik» o‘tkazildi, uning doirasida 300 ming kishi xizmatga chaqirildi. Bu borada ko‘p istehzolar bo‘ldi, ularga «mobiklar» laqabini yopishtirishdi. Yigitlar esa yaxshi jang qilmoqda, 14 nafar Rossiya qahramonlari, boshqa ordenlar haqida gapirmay qo‘ya qolay. Hozirda 244 ming kishi harbiy harakatlar hududida bo‘lib turibdi. Ular orasida yaxshi mutaxassislar ko‘plab topiladi. 41 ming kishi ma’lum yoshga yetgani tufayli, salomatligi va boshqa sabablar bilan xizmatdan bo‘shagan.

Shundan so‘ng biz odamlarni shartnoma imzolashga jalb etish kampaniyasini boshladik. Yil oxirigacha 412 ming kishi reja qilingandi, kechagi kunga kelib 486 ming kishi bo‘ldi. Vatanni qurol ko‘targan holda himoya qilishga tayyor erkaklarimiz oqimi kamaymayapti. Har kuni 1500 kishi xizmatga yozilmoqda», degan RF prezidenti.

  • Rossiyada qisman mobilizatsiya (amalda u qisman bo‘lmagandi) 2022 yil sentabr oyi oxirida e’lon qilingandi. Noyabr oyi boshida RF hukumati safarbarlik bo‘yicha chaqiruv yakunlanganini e’lon qildi, ammo bu hozirga qadar yuridik jihatdan rasmiylashtirilmagan. Ya’ni prezident safarbarlik yakunlangani to‘g‘risidagi farmonini imzolamagan.
  • Shundan keyin bir necha marta hukumat safarbarlikning «ikkinchi to‘lqini»ni boshlashi haqida xabarlar tarqaldi. Kremldagilar buni rad etishgan. Lekin hukumat avvalroq urush ham, «qisman safarbarlik» ham bo‘lmasligini va’da qilgandi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid