Jahon | 10:20 / 15.12.2023
12941
4 daqiqa o‘qiladi

Vengriya YeIning Ukrainaga 50 mlrd yevrolik yordamini blokladi

Yevroittifoqning Ukrainaga iqtisodiy yordami 2023 yil oxirigacha muhokama qilinmaydi, dedi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 2027 yilgacha 50 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratish bo‘yicha kelisha olmadi. 15 dekabr, jumaga o‘tar kechasi YeI yetakchi davlatlari yig‘ilishidan so‘ng Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel «Bir davlat bunga qarshi chiqdi» dedi. AFP xabariga ko‘ra, Vengriya mablag‘ ajratilishiga veto qo‘ygan.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi posti orqali bu ayblovlarni qisman tasdiqladi. Uning yozishicha, «tungi smena natijasi» Kiyevga pul ajratilishiga veto qo‘yilgani va Ukrainaga yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan Yevropa Ittifoqining ko‘p yillik moliyaviy dasturini qayta ko‘rib chiqishga veto qo‘yilgani bo‘lgan.

«Biz bu masalaga kelasi yili Yevropa kengashida tegishli tayyorgarlikdan so‘ng qaytamiz», deb yozadi Orban postda. Shu bilan birga, Yevropa kengashining navbatdagi rejalashtirilgan yig‘ilishi 2024 yil mart oyida o‘tkazilishi kerak.

YeI avvalroq Vengriya uchun mablag‘larni blokdan chiqargandi

Vengriya YeIning Kiyevga makromoliyaviy yordam ko‘rsatishga urinishlariga iyun oyidan, bu g‘oya Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen tomonidan e’lon qilinganidan buyon to‘sqinlik qilmoqda. YeK rejasiga ko‘ra, 2027 yilga borib Kiyevga 33 milliard yevro kredit, yana 17 milliard yevro esa grant ko‘rinishida ajratiladi.

Orban Ukraina rahbariyatidan Ukrainaga ilgari berilgan yordam qanday sarflanganligi to‘g‘risidagi hisobotni ham, Vengriya hisobiga Yevropa Ittifoqi mablag‘larini o‘tkazishni ham talab qildi – ular Vengriya sud tizimining mustaqilligiga shubha tufayli Bryussel tomonidan muzlatib qo‘yilgandi. Bryusseldagi sammit arafasida ushbu mablag‘ning 10 milliardi Vengriya uchun ajratildi.

Bundan tashqari, Orban Ukraina hukumatini yuqori darajadagi korrupsiyada aybladi. OAV xabarlariga ko‘ra, u Mishelga Kiyevga mablag‘ ajratilishi va Ukrainaning YeIga a’zoligiga oid savollar sammit kun tartibiga kiritilmasligini talab qilib, bir necha xat yozgan. Shu bilan birga, Orban oxirgi masala bo‘yicha ovoz berishda betaraf qoldi va majlislar zalini tark etdi.

Avvalroq Vengriya bosh vazirining siyosiy maslahatchisi Budapesht Yevropa Ittifoqi Vengriyaga tegishli barcha mablag‘larni (taxminan 30 milliard yevro) blokdan chiqarsa, Yevrokomissiya taklif qilgan Ukrainaga 50 milliard yevro miqdoridagi qo‘llab-quvvatlash paketidan vetoni olib tashlashga tayyorligini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, u Budapesht hamon Kiyevga yordam berish bo‘yicha to‘rt yillik rejaga qarshi ekanini va Yevropa Ittifoqi Ukrainaga budjetga o‘zgartirishlarsiz bir yil muddatga mablag‘ ajratishni afzal ko‘rishini ta’kidladi.

Vengriya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini bloklamadi

15 dekabrga o‘tar kechasi majlislar chog‘ida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlari Ukrainada urush olib borayotgani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketi bo‘yicha kelishib oldi, deb yozadi Reuters. Biroq, Orban yangi cheklov choralari bo‘yicha kelishuvga to‘sqinlik qilgani haqida xabarlar yo‘q, garchi u ilgari buni qilgan edi.

Shu bilan birga, sammit arafasida Avstriya Kiyevdan Avstriyaning Raiffeisen Bank International bank guruhini Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurash byurosi tomonidan yuritiladigan «xalqaro urush homiylari» ro‘yxatidan chiqarib tashlashni talab qilib, Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalar paketini kiritilishiga qarshi chiqdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid