Jahon | 15:12 / 16.12.2023
7350
4 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Foto: AP

Yaponiya hukumati Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi uchun kiritilgan sanksiyalarni kuchaytirdi. Qora ro‘yxatga Rossiya Federatsiyasidan yana 57 ta kompaniya, BAA, Armaniston, Suriya va O‘zbekistondan 6 ta kompaniya, shuningdek, 35 ta jismoniy shaxs kiritilgan.

Yaponiya Rossiyaga qarshi Ukraina urushi bilan bog‘liq sanksiyalarni kengaytirdi. Qora ro‘yxatga Rossiyaning yana 57 kompaniyasi va boshqa davlatlarning sanksiyalarni chetlab o‘tishga aloqadorlikda ayblanayotgan oltita tashkiloti kiritildi, deb xabar qildi 15 dekabr, juma kuni Tokioda savdo vazirligi.

Ural fuqaro aviatsiyasi zavodi, Bryansk avtomobil zavodi, «Burevestnik» markaziy ilmiy-tadqiqot instituti, Qozon porox zavodi, Kimyo va mexanika markaziy ilmiy-tadqiqot instituti, «Elektropribor» konserni markaziy ilmiy-tadqiqot instituti, «Motovilixinskiye zavody», Kurgan mashinasozlik zavodi, Xabarovsk kemasozlik zavodi, «Vostochnaya verf», 150-1-Aviatsiya ta’mirlash zavodi, Akademik M.F.Reshetnev nomidagi «Informatsionnyye sputnikovyye sistemy» AJ sanksiya ostiga tushgan.

Shaxsiy sanksiyalar va Rossiyadan nosanoat olmoslar importini taqiqlash

Yaponiyaning yangi sanksiyalari 2024 yil 1 yanvardan nosanoat maqsadlarida foydalanish uchun Rossiya olmoslarini olib kirishni taqiqlashni ham o‘z ichiga oladi, deb xabar berdi Yaponiya TIV o‘z navbatida. Shu tariqa, Yaponiya G7'ning Rossiya nosanoat olmoslarini import qilishni taqiqlash haqidagi qarorini bajardi.

Bundan tashqari, Tokio rasmiylari 35 nafar shaxsga nisbatan shaxsiy sanksiya qo‘llagan. Qora ro‘yxatga, xususan, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Tatyana Shevsova, Rossiya Qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari bosh shtabi boshlig‘i Aleksandr Lapin, general-polkovnik Sergey Kuzovlev, general-polkovnik Sergey Rudskoy, general-polkovnik Yevgeniy Nikiforov, Rossiya Qurolli kuchlari Markaziy harbiy okrugi qo‘mondoni Andrey Mordvichev va Moskva viloyati bolalar ombudsmanı Kseniya Mishonova kiritilgan.

Endi Yaponiyaning sanksiyalar ro‘yxatiga 494 ta Rossiya tashkiloti, 27 ta Belarus shirkati va 6 ta boshqa davlatlardan kompaniyalar kirdi.

G7 Rossiyadan olmos importini taqiqlashga rozi bo‘ldi

Dekabr boshida G7 davlatlari Rossiya olmoslari importini cheklashga kelishib oldi. Rossiyada qazib olinadigan, qayta ishlangan yoki ishlab chiqarilgan nosanoat olmoslarni olib kirishni taqiqlash 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirishi kerak, deyiladi Buyuk Britaniya bosh vazirining idorasi tomonidan chop etilgan hujjatda. Uchinchi mamlakatlarda qayta ishlangan rus olmoslariga nisbatan sanksiyalar asta-sekin, taxminan, keyingi yilning mart oyidan boshlab joriy etiladi. «Ushbu chora-tadbirlar samaradorligini oshirish uchun ko‘plab qayta ishlanmagan olmoslarni import qiluvchi G7 mamlakatlari kuchli kuzatuv va sertifikatlash tizimini joriy qiladi», deyiladi xabarda.

Video-konferens-aloqa orqali o‘tgan uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy so‘zga chiqib, Kreml G‘arbning «o‘z sanksiyalariga to‘liq rioya eta olmasligiga» ishonchi komil ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «erkin dunyo birdam bo‘lib qolishi, o‘zaro munosabatda bo‘lishi va erkinligi hujum ostida bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashi juda muhimdir».

Rossiya olmoslariga nisbatan cheklovlar Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining yangi 12-paketiga ham kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid