Jahon | 11:44 / 16.12.2023
10146
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: YeI qarori - kuch beradigan g‘alaba

Yevropa Ittifoqining Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlash va Gurjistonga nomzod maqomi berish haqidagi qarori kuchli reaksiyaga sabab bo‘ldi.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqining 14 dekabr, payshanba kuni kechqurun qabul qilingan Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash, shuningdek, Gurjistonga nomzod maqomi berish to‘g‘risidagi qarori nomzod davlatlarning o‘zida va xalqaro maydonda kuchli reaksiyaga sabab bo‘ldi. «Ukraina uchun g‘alaba. Butun Yevropa uchun g‘alaba. Rag‘batlantiruvchi, ilhomlantiruvchi va kuch beradigan g‘alaba», - deb yozdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelning yaqinlashib kelayotgan muzokaralar haqidagi xabariga izoh berar ekan.

Mayya Sandu: Tariximizda yangi sahifa

Yevropa kengashining Moldovaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi qarori fuqarolarning demokratiya va farovonlik foydasiga tanlovi muvaffaqiyatidir, dedi mamlakat prezidenti Mayya Sandu parlament prezidenti Igor Grosu va bosh vazir Dorin Rechan bilan qo‘shma videomurojaatida. «Bu bizning tariximizning yangi sahifasidir. Ikki yil oldin hech kim 2023 yilda Yevrokomissiya Moldova bilan a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni taklif qilishini tasavvur ham qila olmasdi», - dedi u.

Salome Zurabishvili: kelajagimiz Yevropada

«Men butun Gurjistonni tabriklamoqchiman, chunki bilaman, bugun hamma baxtli, ishonganlar ham, ishonmaganlar ham. Bugun hamma baxtli, chunki bu bizning kelajagimiz ekanligini hamma biladi va biz bu kelajak uchun juda katta, jiddiy qadam qo‘ydik», dedi Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gurjiston xalqining xohishisiz nomzod maqomiga erishib bo‘lmas edi.

Jyeyk Sallivan: YeIning tarixiy qarori

Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Yevropa kengashi qarorini olqishladi. «Biz YeIning Ukraina va Moldova uchun a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi tarixiy qarorini olqishlaymiz, bu ularning yevroatlantika intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi muhim qadamdir. Shuningdek, biz Gurjiston uchun sezilarli taraqqiyotni olqishlaymiz va G‘arbiy Bolqonning YeIga intilishlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», deb yozadi Sallivan X ijtimoiy tarmog‘ida.

Anjyey Duda: Polsha har doim Yevroittifoq kengayishini qo‘llab-quvvatlagan

Polsha prezidenti Anjyey Duda Ukraina va Moldovani YeI yetakchilarining ikkala davlat bilan a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi tarixiy qarori yuzasidan tabrikladi. Dudaning ta’kidlashicha, Polsha har doim Yevropa Ittifoqi kengayishini qo‘llab-quvvatlagan. «Biz Ukraina bilan muzokaralar olib borish uchun kurashni boshlaganimizda, bu mumkinligiga ko‘pchilik ishonmadi. Volodimir Zelenskiy va Mayya Sanduni tabriklaymiz!» - deb yozgan u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid