Jahon | 11:46 / 19.12.2023
5454
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Finlandiyadagi 15 ta harbiy obektdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi

Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Finlandiyadagi 15 ta harbiy obektdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hujjat Finlandiya parlamenti tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Foto: Alessandro Rampazzo/AFP

18 dekabr, dushanba kuni AQSh va Finlandiya mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Shimoliy Yevropa davlati Amerika qo‘shinlari uchun 15 ta harbiy obekt, jumladan, chegara va mudofaa kazarmalari, o‘quv poligonlari va omborxonalarni taqdim etadi.

Kelishuv har qanday vaziyatda birgalikda harakat qilish qobiliyatini «sezilarli darajada kengaytiradi», dedi Finlandiya mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen. Gap boshqa narsalar qatorida qo‘shma manyovrlar va qo‘shinlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik shakllari haqida ketmoqda, deya ta’kidlaydi AFP agentligi. Hujjat kuchga kirishidan oldin Finlandiya parlamentining roziligini olish kerak.

Finlar mudofaa sektoriga sarmoya kiritishda davom etadi

Shu bilan birga, Helsinki Vashington Finlandiya mudofaasiga yordam berishini kutmayapti, deb ta’kidladi Xyakkyanen. «Biz mudofaaga sarmoya kiritishda davom etamiz hamda mintaqamizdagi va undan tashqaridagi holatni to‘g‘ri baholaymiz», deb qo‘shimcha qildi Finlandiya Mudofaa vazirligi rahbari. 

Qo‘shma Shtatlar Norvegiya bilan 2022 yilda, Shvetsiya bilan esa dekabr oyi boshida xuddi shunday shartnoma tuzgan. Vashington bu masalada Daniya bilan ham muzokaralar olib bormoqda. 

Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga yo‘li 

Shvetsiya va Finlandiya 2022 yil may oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanishi munosabati bilan an’anaviy betaraflikdan voz kechdi va NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. 2023 yil aprel oyida Finlandiya rasman Shimoliy Atlantika alyansining 31-a’zosi bo‘ldi, Shvetsiyaning arizasi hali Vengriya va Turkiya tomonidan ma’qullanmagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin dekabr oyi o‘rtalarida teleintervyuda Finlandiyaning NATOga qo‘shilishi haqida fikr bildirdi. Bu qadamdan oldin shimoliy Yevropa davlatining Moskva bilan munosabatlarida muammolar bo‘lmagan, endi esa ular paydo bo‘ladi, dedi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Leningrad harbiy okrugini qayta tashkil qiladi va unda «ayrim harbiy qismlar»ni jamlaydi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid