O‘zbekiston | 19:44 / 21.12.2023
17812
2 daqiqa o‘qiladi

Izboskan tumanining sobiq hokimi qamoqqa olindi  

Kun.uz manbasiga ko‘ra, 2018 yildan beri Andijon viloyati Izboskan tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Serobiddin Ismoilov yer maydonlarining talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘yganlikda gumonlanmoqda. U 10 dekabr kuni lavozimdan olingandi.

Andijon viloyati Izboskan tumani sobiq hokimi Serobiddin Ismoilov hibsga olingan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u noqonuniy qarorlar chiqarib, yer maydonlarining talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘yganlikda gumonlanmoqda.

Manbaning ta’kidlashicha, sobiq hokim 20 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 205, 229-4-moddalari bilan jinoyat ishida gumon qilinuvchi sifatida jalb etilgan hamda Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan ushlanib, hibsxonaga joylashtirilgan.

Ismoilov Izboskan tumaniga 2018 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgandi. U 10 dekabr kuni prezident maslahatchisi o‘rinbosari hamda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligida o‘tkazilgan sessiyada ishdan olingan.  

Serobiddin Ismoilov 1974 yil oktyabr oyida Oltinko‘l tumanida tug‘ilgan. Izboskanga hokim bo‘lguncha turli vazifalarda, xususan, 2015-2017 yillarda Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, 2017-2018 yillarda viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov va Buxoro tumanining sobiq hokimi Xayrullo Jo‘rayev qamoqqa olingandi.

Mavzuga oid