Jahon | 08:14 / 26.12.2023
4305
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Navalniyning koloniyadagi sharoitlaridan chuqur xavotirda

AQSh Davlat departamenti Aleksey Navalniyning Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi axloq tuzatish koloniyasida saqlanayotgan sharoitlaridan chuqur xavotir bildirdi. Vashington Moskvani repressiyalarning kuchayishini to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: Tatyana Makeyeva/AFP/Getty Images

Amerika Qo‘shma Shtatlari rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi koloniyada hibsdagi sharoitlaridan chuqur xavotirda. Bu haqda 25 dekabr, dushanba kuni AQSh Davlat departamenti ma’lum qildi.

Amerika tashqi siyosat departamenti siyosatchining sheriklari u bilan ikki haftadan ko‘proq vaqt davomida aloqa bo‘lmaganidan keyin uning joylashgan joyini aniqlay olgani haqidagi xabarlarni olqishladi. «Biroq biz janob Navalniyning ahvoli va uning ruxsat etilmagan hibsda saqlanayotgan sharoitlaridan chuqur xavotirdamiz», — deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida.

Rasmiy Vashington Navalniyning sheriklari va oila a’zolariga qo‘shilib, «uni zudlik bilan va so‘zsiz ozod etishni talab qilmoqda» va «Rossiya hukumatini mustaqil ovozlarga qarshi repressiya kuchayishini to‘xtatishga chaqirmoqda».

Navalniy 19 kundan keyin boshqa koloniyadan topildi

25 dekabr kuni ertalab Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish u Yamalo-Nenets avtonom okrugi Xarp qishlog‘idagi 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida (IK-3) ekani haqida xabar bergan edi. «Bugun unga advokat tashrif buyurdi. Aleksey yaxshi», - deb yozdi Yarmish X ijtimoiy tarmog‘ida.

Bungacha Navalniyning sheriklari va qarindoshlari 6 dekabrdan beri u bilan bog‘lana olmayotgan va Vladimir viloyatidagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasi xodimlari Navalniy «endi u yerda ro‘yxatda yo‘qligini» ma’lum qilgandi. Muxolifatchi siyosatchining tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda #GdeNavalnyy heshtegini yo‘lga qo‘yishdi, Yevropa Ittifoqi, AQSh va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Rossiyani u haqida zudlik bilan ma’lumot berishga chaqirdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi (FBK) direktori Ivan Jdanovning qayd etishicha, uning hamkorlari Navalniyni topish uchun 618 ta so‘rov yuborgan.

Navalniyning yana bir ittifoqchisi Leonid Volkovning ta’kidlashicha, muxolifatchi bo‘lgan koloniya «qutb doirasidan tashqarida» joylashgan. «Bu koloniyaga borishning deyarli imkoni yo‘q, u yerga xat jo‘natishning ham imkoni yo‘q. Bu dunyodan izolyatsiyaning mumkin bo‘lgan eng yuqori darajasi - hamma narsa shu uchun boshlangan», - deya izoh berdi Volkov.

Rossiyada Navalniyning jinoiy ta’qib qilinishi

Navalniy 2021 yil fevralida «Iv Roshe» ishi bo‘yicha firibgarlikda aybdor deb topilgach, Rossiya rasmiylari tomonidan koloniyaga jo‘natilgan edi. O‘shanda siyosatchiga 2 yil-u 8 oy qamoq jazosi berildi. 2022 yil mart oyida Navalniy yana firibgarlikda, keyin esa sudyani haqorat qilishda aybdor deb topilib, 9 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan edi. 

2023 yil avgustida Aleksey Navalniy Moskva shahar sudi tomonidan «ekstremistik hamjamiyat»ni tashkil etganlikda ayblanib, maxsus rejimli koloniyada 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Rasmiylarga ko‘ra, siyosatchi asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi shunday hamjamiyat bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid