Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Davlat departamenti Kongressni chetlab o‘tib, Isroilga qurol sotishni ma’qulladi
Davlat departamenti Isroilga zudlik bilan qurol sotishni mintaqadagi favqulodda vaziyat bilan izohladi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga taxminiy qiymati 147,5 million dollar bo‘lgan M107 artilleriya snaryadlari va tegishli asbob-uskunalarni sotishni ma’qulladi. Bu haqdagi bayonot 30 dekabr, shanba kuni AQSh Mudofaa xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik agentligi (DSCA) rasmiy saytida e’lon qilindi.
Departamentning qayd etishicha, AQSh Kongressi ehtimoliy qurol savdosi haqida xabardor qilingan, biroq Davlat departamenti odatda qurol eksporti uchun rasmiylar tomonidan talab qilinadigan Kongress roziligini kutib o‘tirmaydi. Blinken «Kongressga favqulodda vaziyat mavjudligini batafsil asoslab berdi, bu esa yuqorida qayd etilgan mudofaa tovarlari va xizmatlarini AQSh milliy xavfsizligi manfaatlari uchun Isroil hukumatiga zudlik bilan sotishni talab qiladi», — deyiladi bayonotda.
Bayonot mualliflarining qayd etishicha, bunday miqdorda qurol-yarog‘ sotilishi AQSh mudofaa qobiliyatiga ta’sir qilmaydi.
AQSh Kongressi dam olish kunlari oldidan Isroilga yordam berishni ma’qullamadi
Qo‘shma Shtatlar Isroilni HAMASga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlaydi va Yaqin Sharqda mojaro avj olgandan keyin mintaqaga qurol-yarog‘ yetkazib bergan hamda u yerga harbiy kemalar yuborgan. Biroq, Isroilga yordam ko‘rsatishning ba’zi masalalari Amerika qonun chiqaruvchi organlari tomonidan ma’qullanishi lozim edi.
Shu tariqa, dekabr oyi boshida Reuters AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressdan Isroilga Merkava tanklari uchun 500 million dollar miqdoridagi o‘q-dorilar sotishni ma’qullashni so‘raganini yozdi. Davlat departamenti qonun chiqaruvchilarning qarorini kutmay, AQSh milliy xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda kelishuvni ma’qulladi.
Yangi kelishuvni Kongressdan kamida 9 yanvargacha ma’qullashning iloji yo‘q edi - AQSh prezidenti ma’muriyatining Isroil va Ukrainaga yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qilishni yakunlash to‘g‘risidagi chaqirig‘iga qaramay, organning ikkala palatasi ham ta’tilga chiqib ketdi. Vashingtonning Kiyev va Tel-Avivga harbiy yordam berishi haqidagi munozaralar bir necha oydan beri davom etmoqda.
Isroil G‘azo sektoridagi operatsiyani to‘xtatmoqchi emas
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo sektorida Isroil va falastinliklar o‘rtasida sulh faqat HAMAS yo‘q qilinib, mintaqa demilitarizatsiya qilingandan keyingina amalga oshishi mumkinligini aytgan edi. Bundan tashqari, Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, tinchlikka erishish uchun G‘azoni «deradikalizatsiya qilish» kerak.
Ayni vaqtda Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektori janubida janglarni davom ettiryapti. Hujum nishoni Xon Yunus shahri bo‘lib, TsAHAL matbuot kotibi Jonatan Konrikus uni «HAMAS qal’asi» deb atadi. G‘azo sektori shimolidagi janglar «nisbatan kamroq shiddat bilan» davom etadi, dedi Isroil vakili.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 21 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
09:17 / 20.06.2026
OAV: Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida sulh tuzildi
17:56 / 19.06.2026
«Tramp sizning yagona ittifoqchingiz» – Vens ham Isroilni tanqid qildi
14:15 / 18.06.2026
Livanga yana hujum bo‘lsa, kelishuv taqdiri so‘roq ostida qoladi – Umrbek Yusupov
09:25 / 18.06.2026