Jahon | 14:00 / 02.01.2024
9332
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘rta Yer dengizi sharqidan aviatashuvchi kemasini olib chiqib ketyapti

USS Gerald R. Ford yadroviy aviatashuvchi kemasi yaqin kunlarda o‘z portiga qaytadi, deb xabar berdi AQSh harbiy-dengiz kuchlari. Aviatashuvchi O‘rta Yer dengizining sharqiy qismiga Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush fonida joylashtirilgan.

Foto: Global Look Press/US Navy

Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi urush fonida O‘rta Yer dengiziga joylashtirilgan Amerikaning USS Gerald R. Ford yadroviy aviatashuvchi kemasi mintaqadan olib chiqilmoqda. AQSh harbiy-dengiz kuchlari 1 yanvar, dushanba kuni kema yaqin kunlarda O‘rta Yer dengizining sharqiy qismini tark etishi va o‘z bandargohiga qaytishi to‘g‘risida xabar berdi.

«Mudofaa vazirligi butun dunyo bo‘ylab harbiy pozitsiyalarni doimiy ravishda ko‘rib chiqadi hamda O‘rta Yer dengizi va kengroq Yaqin Sharq mintaqasida muhim imkoniyatlarni saqlab qoladi. Idora mintaqada dengiz xavfsizligini mustahkamlash, barcha davlat va nodavlat ishtirokchilarning G‘azo sektoridagi inqirozni uning chegaralaridan tashqariga ko‘chirishga urinishi oldini olish uchun ittifoqchilar va hamkorlar bilan ishlashda davom etadi», — deyiladi AQSh harbiy-dengiz kuchlari bayonotida. 

7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng Vashington mintaqadagi harbiy ishtirokini oshirib, u yerga USS Gerald R. Ford aviatashuvchi kemasini va boshqa kemalarini jo‘natgan. USS Gerald R. Ford suv o‘tkazuvchanligi 100 ming tonnani tashkil qiladi. U yadro dvigateli va eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid