Jahon | 11:00 / 02.01.2024
7345
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoridan qo‘shinlarining bir qismini olib chiqib ketadi

TsAHALning ba’zi zaxiradagi askarlari iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun fuqarolik hayotiga qaytishi kerak. Ayni paytda Isroil Livanda ikkinchi front ochilishi ehtimoliga tayyorlanmoqda.

Foto: AFP

Isroil HAMAS harakati jangchilariga qarshi kurashayotgan G‘azo sektoridan o‘z qo‘shinlarining bir qismini olib chiqadi. Bu haqda 1 yanvar, dushanba kuni Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) qo‘mondonligining 2023 yil 31 dekabrdagi bayonotiga tayanib, The Times of Israel gazetasi yozdi

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, TsAHAL G‘azo sektoridan beshta brigadani olib chiqishni rejalashtirmoqda: odatda harbiy xizmatchilarni tayyorlaydigan uchta brigada va zaxiradagi ikkita brigadani. 

Reuters agentligi harbiy doiralardagi ismi oshkor etilmagan suhbatdoshiga tayanib, Isroil armiyasining zaxiradagi askarlari mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun tinch hayotga qaytishi kerakligini tushuntirdi. G‘azo sektoridan olib chiqib ketilgan harbiy xizmatchilarning yana bir qismi Livanda ochilishi mumkin bo‘lgan ikkinchi frontga tayyorgarlikni boshlaydi. 

Reuters manbasiga ko‘ra, Isroilning G‘azo sektorida HAMASga qarshi urushi kamida olti oy davom etadigan yangi bosqichga o‘tmoqda. 

The Times of Israel gazetasining 1 yanvardagi TsAHAL bayonotiga tayanib qayd etishicha, urush boshlanganidan keyin evakuatsiya qilingan G‘azo sektori bilan chegaradosh Isroil hududlari aholisi yaqin orada uyiga qaytishi mumkin bo‘ladi, chunki mintaqa shimolida janglar nisbatan kamaygan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid