Jahon | 12:06 / 02.01.2024
6695
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil OS sud islohoti paketining asosiy qonunini bekor qildi

Oliy sudga ko‘ra, uning hukumat qarorlarini bekor qilish vakolatini cheklovchi qonun demokratik davlat sifatida Isroilga zarar yetkazadi.

Foto: Rafael Ben-Ari/Chameleons Eye/Newscom/picture alliance

Isroil oliy sudi 1 yanvar, dushanba kuni bosh vazir Benyamin Netanyahu hukumati tomonidan ilgari surilgan munozarali sud-huquq islohotlari paketidagi asosiy qonunni bekor qildi. 15 nafar sudyadan 8 nafari bekor qilish uchun ovoz berdi, qolgan 7 nafari qarshi chiqdi. Gap oliy sudning hukumat, bosh vazir yoki alohida vazirlar tomonidan qabul qilingan «asossiz» qarorlarini bekor qilish vakolatini cheklovchi qonun haqida bormoqda. Isroil parlamenti (Knesset) uni 2023 yil iyul oyida mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida qabul qilgan.

Uni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror Isroil oliy sudi tomonidan ushbu qonun «Isroilning demokratik davlat sifatidagi asosiy xususiyatlariga jiddiy va misli ko‘rilmagan zarar yetkazishi» bilan izohlandi. «Isroilning butun tarixida birorta ham shunga o‘xshash qonun oliy sud tomonidan bekor qilinmagan. Agar bosh vazir Benyamin Netanyahuning o‘ng qanot diniy hukumati bu qarorga rozi bo‘lmasa, mamlakatda milliy inqiroz tahdidi paydo bo‘ladi», - deyiladi dpa agentligi xabarida.

Isroilda munozarali sud islohoti 

Isroilda sud-huquq islohoti oliy sud a’zolarini tanlashda vazirlar mahkamasi vakolatlarini kengaytirishi va ushbu sud organining vakolatlarini cheklashi kerak. U amalga oshirilsa, hukumat sudyalarni tayinlash ustidan to‘liq nazoratga ega bo‘lardi. 

Islohot muxolifati va tanqidchilariga ko‘ra, bu mustaqil sud tizimining yo‘qolishiga olib keladi va demokratiya asoslariga putur yetkazadi. O‘z navbatida, o‘zgarishlar tarafdorlari, ular sudyalar Knesset a’zolarining demokratik yo‘l bilan saylangan ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan qonunlarni bekor qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan vaziyatni o‘zgartirishga yordam beradi, deb hisoblaydi. 

2023 yil davomida butun mamlakat bo‘ylab minglab odamlar Netanyahuning sud islohotiga qarshi namoyishga chiqdi. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Isroil jamiyati va siyosatchilarining bu boradagi bo‘linishi 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga HAMAS tomonidan uyushtirilgan hujum mamlakat rasmiylari uchun kutilmagan bo‘lib chiqqanining sabablaridan biridir. 

Mavzuga oid