Jahon | 08:20 / 02.01.2024
5151
2 daqiqa o‘qiladi

Kosovo fuqarolari endi Shengenga vizasiz borishi mumkin

Kosovarlar uchun Shengen zonasiga kirishda vizasiz rejim kuchga kirdi. Endi ular unga kiritilgan mamlakatlarda 90 kungacha vizasiz qolishi mumkin.

Foto: AFP/Scanpix/LETA

1 yanvar, dushanba kuni yarim tundan boshlab Kosovo fuqarolari Shengen mamlakatlariga vizasiz sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2024 yilning birinchi kunidan kuchga kirgan qoidaga ko‘ra, kosovarlar Shengen hududida 90 kungacha vizasiz qolishi mumkin.

Yevropa Ittifoqining Prishtinadagi elchisi Tomash Shunog bu yangilikni «muhim bosqich» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbiy Bolqon mamlakatining asosan yoshlari uchun bu «Yevropani kashf etishga taklif» bo‘ldi, deb xabar beradi KNA agentligi.

Prishtina xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Kosovo bosh vaziri Albin Kurti o‘z vatandoshlarini yangi huquqqa ega bo‘lgani bilan tabrikladi va bu bilan kosovarlar qadr-qimmat qozonganini aytdi. Kurti, mahalliy matbuotga ko‘ra, hukumat homiyligidagi Venaga safar qilishda g‘olib chiqqan 50 nafar Kosovo fuqarolari guruhi bilan xayrlashdi. 

Bryussel Kosovo uchun vizasiz shartlar 2018 yildayoq bajarildi deb hisoblagan

2018 yilda Yevropa komissiyasi Kosovo Shengen zonasiga vizasiz kirish uchun barcha shartlarni bajargan deb hisoblagan edi. Biroq, keyin qoidalarning kuchga kirishiga migrantlar yangi to‘lqinidan tashvishlangan Fransiya va Niderlandiya to‘sqinlik qildi. 

Kipr, Gretsiya, Ruminiya, Slovakiya va Ispaniya ham yengillikka qarshi chiqdi. Bu Yevropa Ittifoqi davlatlari Kosovo mustaqilligini tan olmaydi, bu ham Bolqon davlatining YeIga kirishiga jiddiy to‘siqdir. 

Mavzuga oid