Jahon | 22:19 / 02.01.2024
9890
3 daqiqa o‘qiladi

Mikki Maus jamiyat mulkiga aylandi

2024 yil 1 yanvaridan boshlab Uolt Disney kompaniyasi multfilmi qahramoni Mikki Maus jamiyat mulkiga aylandi. Unga bo‘lgan mualliflik huquqining muddati yakunlandi. 

Foto: Walt Disney

2024 yil 1 yanvaridan boshlab Uolt Disney kompaniyasi multfilmi qahramoni, sichqoncha Mikki jamiyat mulkiga aylandi, bu unga bo‘lgan mualliflik huquqi muddati yakunlanishi bilan bog‘liq. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, mualliflik huquqi 95 yil amal qiladi. 

Mualliflik huquqi egasi Disney kompaniyasining barcha sa’y-harakatlariga qaramay, bundan buyon dunyodagi eng mashhur kemiruvchi tasviridan rejissyorlar, ssenariynavislar va rassomlar bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi. Biroq, gap faqat birinchi marta 1928 yilda ekranlarga chiqqan «Villi kemasi» qisqa metrajli filmining oq-qora tasviridagi Mikki haqida ketmoqda. Sichqonchaning boshqa, jumladan rangli tasvirlari hozir ham qonun himoyasida. 

Qayd qilinishicha, AQSh mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, bunday huquq 95 yil davomida amal qiladi. Bu aynan Disney kompaniyasi sa’y-harakatlari bilan bog‘liq. Ushbu kompaniya tarix davomida mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ko‘p marta muvaffaqiyatli harakat qilgan. Shu sababli, ushbu qonun ba’zan kinoya bilan «Mikki Mausni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun» deb ham ataladi. 

Mualliflik huquqi nuqtai nazaridan «himoyasiz» qolgan sichqonchani nima kutayotganini avvalroq Vinni Puh bilan yuz bergan voqea misolida tasavvur qilish mumkin. 2022 yilda Alan Miln qalamiga mansub kitobning mualliflik huquqi muddati yakuniga yetgach, Vinni va uning sherigi Puchuqvoy haqida kattalar uchun mo‘ljallangan «Vinni Puh: qon va asal» dahshatli filmi suratga olindi. Bu kino olamida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. 

Biroq, Mikki yaxshiroq himoyalangan. U Disney kompaniyasining savdo, korporativ belgisi va brend identifikatori bo‘lib qoladi va qonun tomonidan himoya qilinadi. Ammo, endi faqat rangli talqinida.

Mavzuga oid