Jahon | 15:40 / 02.01.2024
16453
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya samolyoti Voronej oblasti ustida o‘q-dorilarni tashlab yubordi

«Avariyaviy tashlash» natijasida Rossiya samolyotidan aviatsiya o‘q-dorilari uchib tushib, Petropavlovka qishlog‘idagi ko‘chani vayron qildi.

Foto: Telegram / bazabazon

Rossiya harbiy samolyoti Voronej viloyatining Petropavlovka qishlog‘iga «samolyot o‘q-dorilarini» tashlab yubordi, deb xabar berdi 2 yanvar, seshanba kuni mintaqa gubernatori Aleksandr Gusev.

Snaryadning «avariyaviy tushishi» natijasida hech kim jabrlanmadi, biroq kamida yetti xonadonga zarar yetdi, dedi gubernator. «Derazalar, tomlar va boshqa qurilmalarga zarar yetgan bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda», - deb yozdi Gusev.

Rossiya Mudofaa vazirligi mahalliy vaqt bilan ertalab soat 9 da Petropavlovka uzra «aviatsiya o‘q-dorilarining g‘ayrioddiy tushishi» sodir bo‘lganini tasdiqladi. «Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, voqea joyida komissiya ishlamoqda. U yetkazilgan zararni baholaydi hamda uylarni tiklashda yordam beradi», - deb ta’kidlaydi RIA «Novosti».

Telegram-kanallarda e’lon qilingan videolarda bombaning qulashi oqibatlari aks etgan holat - vayron bo‘lgan uylarni ko‘rish mumkin. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, «ko‘chaning yarmi» vayronaga aylangan.

Belgorodga Rossiya bombalarining tushishi

2023 yil aprel oyida Belgorodning markaziy qismida aviabomba portlab ketgan edi, u Rossiyaning Su-34 harbiy samolyoti tomonidan shaharga tashlab yuborilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi hodisani «aviatsiya o‘q-dorilarining g‘ayritabiiy tushishi» deb atagan. Portlashdan so‘ng markaziy ko‘chalardan birining chorrahasida radiusi 20 metr bo‘lgan chuqurlik hosil bo‘lgan, portlash to‘lqini to‘xtab turgan bir nechta avtomobillarga zarar yetkazgan va elektr uzatish simlari ustunlarini qulatgan. 

Ertasi kuni bomba tushgan joy yaqinida yana bir «yuqori quvvatli o‘q-dori» topilgan. U ham portlamagan FAB-500 aviabombasi ekani aniqlangan. 17 ta ko‘p qavatli uyning 3 mingdan ortiq aholisi evakuatsiya qilindi. Oxir-oqibat snaryad turar joy hududidan olib chiqib tashlangan va shahar tashqarisida portlatilgan.

Aprel oyida Belgorod viloyatiga tushib ketgan uchinchi bomba may oyida – Ukraina chegarasidan 10 km uzoqlikdagi Golovchino qishlog‘ida topilgan. 

Mavzuga oid