Jahon | 07:45 / 03.01.2024
7037
7 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya zilziladan keyin: sunami kuzatilmadi, AES ishlayapti

Yaponiyaning g‘arbiy qirg‘oqlari yaqinida sodir bo‘lgan silkinishlar 2011 yilda mamlakat shimoli-sharqidagi misli ko‘rilmagan sunami va «Fukusima-1» atom elektr stansiyasida falokat haqidagi xotiralarni esga soldi. Bu safar vaziyat unchalik jiddiy tus olmadi.

Foto: The Yomiuri Shimbun/AP/picture alliance

1 yanvar kuni tushdan keyin Yaponiyada kuchli zilzila ro‘y berganidan bir kun o‘tib, mamlakat g‘arbidagi eng ko‘p zarar ko‘rgan Noto yarimorolida qutqaruv ishlari ancha sekin davom etdi. Falokat hududiga olib boradigan muhim ko‘priklar va yo‘llarga zarar yetgan yoki butunlay vayron bo‘lgan, bu esa yordam ishlarining dastlab kechiktirilishiga olib keldi. 

Ko‘p joylarda asfalt yuzasi ko‘tarildi va parchalanib ketdi. Tuproqdagi yoriqlar, qulagan elektr ustunlari, tuproq uyumlari hamda egilgan va qulagan uylar ko‘plab magistral yo‘llarni to‘sib qo‘ydi. «Avtomobillarning Noto shimoliy hududlariga yetib borishi nihoyatda qiyin», dedi Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida. Shu sababli, uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat yordam yuklarini kema orqali yetkazib berishga e’tibor qaratmoqda. Qutqaruv ishlarini olib borish va aholiga yordam ko‘rsatish uchun Yaponiya o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarining 10 mingga yaqin a’zosi safarbar etilgan. 

Foto: Kyodo News/AP/picture alliance

Yaponiyaning ushbu qismida 1885 yildan beri eng kuchli zilzila 

Zilzila episentri Vadzima shahridan 30 km shimoli-sharqda, Yaponiyaning eng yirik oroli - Honsyudagi Isikava prefekturasi Noto yarimoroli qirg‘oqlaridan 16 km chuqurlikda joylashgan. Yaponiya meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila odamlar va binolarga ta’sirini tasniflaydigan mahalliy intensivlik shkalasi bo‘yicha maksimal magnituda - 7 ballga yetdi. 

Rixter shkalasi bo‘yicha magnitudasi 7,6 ballni tashkil qilgan. Bu 1885 yilda kuzatuvlar boshlanganidan beri mamlakatning g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan eng kuchli zilzilaga aylandi. Meteorologiya byurosi kelgusi kunlar va haftalarda yana kuchliroq silkinishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 

Seshanba kuni davomida mahalliy rasmiylar halok bo‘lganlar sonini deyarli har soatiga ko‘paytirib bordi. Bu raqam deyarli 50 kishiga yetdi. Birgina Vadzima munitsipal kasalxonasida yetti nafar bemor noaniq sharoitda vafot etgan. Zilziladan ko‘p o‘tmay, qirg‘oq bo‘yidagi shaharda katta yong‘in sodir bo‘lib, bir kechada bozor maydoni atrofidagi 200 dan ortiq turar joy va tijorat binolarini yo‘q qilgan.

Foto: The Yomiuri Shimbun/AP/picture alliance

Yetti qavatli turar joy binosi yon tomoniga ag‘darilgan va uning ostida qo‘shni binolar qolib ketgan. Tabiiy ofat Isikava prefekturasi poytaxti - Kanadzava sayyohlik markazidagi binolar va ko‘chalarga ham zarar yetkazdi. Kanadzava universiteti kasalxonasining avtoturargohiga SOS harflari shaklidagi stullar o‘rnatildi.

Yaponiyada qutqaruv ishlari davom etmoqda 

Ko‘ngillilar, politsiya va harbiylar vayronalar ostida qolgan odamlarni qutqarishga harakat qildi. Doimiy aftershoklar - asosiy zilziladan keyin sodir bo‘ladigan va undan kuchsizroq bo‘lgan yerosti silkinishlari tufayli qutqaruvchilar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur bo‘ldi.

Foto: REUTERS

Ming kishi Vadzima shahridagi O‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari aviabazasiga evakuatsiya qilingan, u yerda ularga adyol, suv va oziq-ovqat berilgan. Hammasi bo‘lib, besh prefekturada 100 mingga yaqin odamni evakuatsiya qilish buyurilgan. 

Yangi yil - Yaponiyada katta davlat bayrami. Bu vaqtda aksariyat do‘konlar yopiq bo‘ladi, oila a’zolari odatda esa birga yig‘iladi. 

Tsunami haqida ogohlantirish bekor qilindi 

Yaponiyadagi zilzila sunamiga olib keldi. To‘lqinlar qirg‘oqqa yopirilganida balandligi 1,20 metrga yetgan. Televideniyedagi yangiliklar dasturida baliqchilar qayiqlari teskari suzib yurgani yoki qirg‘oqqa chiqib qolgani ko‘rsatilgan. NHK ijtimoiy-huquqiy telekanali diktori shiddatli ovoz bilan mintaqaning barcha aholisini zudlik bilan balandroq joylarga chiqib olishga chaqirdi. 

Foto: Eugene Hoshiko/AP/picture alliance

Meteorologiya agentligi balandligi besh metrgacha bo‘lgan to‘lqinlar haqida ogohlantirdi. Ko‘pchilik yaponiyaliklar uchun bu 2011 yil martidan beri birinchi shunday ogohlantirish bo‘ldi, o‘shanda 20 mingga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan va «Fukusima-1» atom elektr stansiyasida avariyaga sabab bo‘lgan juda kuchli sunami qayd etilgandi.

Shimoliy Koreya va Rossiya rasmiylari ham kema ekipajlari va qirg‘oqbo‘yi hududlari aholisini ehtimoliy tabiiy ofat haqida xabardor qilgan. Biroq Yaponiyaning o‘zida sunami haqidagi barcha ogohlantirishlar 2 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da bekor qilindi.

Yaponiya atom elektr stansiyalarida «muammolar» yo‘q

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyaning g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan va jami 22 ta atom reaktoriga ega bo‘lgan oltita AESda «nosozliklar» sodir bo‘lmagan. Bu radioaktiv moddalarning sizib chiqishini nazarda tutadi. Zilzila episentriga eng yaqin joylashgan, taxminan 100 km uzoqlikdagi Sika atom elektr stansiyasi ikkita reaktori «Fukusima-1» fojiasidan keyin deyarli 13 yil oldin yopilgan edi.

Biroq, atom elektr stansiyasi operatori ishlatilgan yonilg‘i elementlari uchun hovuzlardan suv to‘kilgani to‘g‘risida xabar berdi. Uning aytishicha, basseyn nasosi deyarli bir soat ishlamagan. Bundan tashqari, yadro reaktori o‘rnatilgan hududda transformator yonib ketgan. 

«Sinkansen» temiryo‘l tarmog‘ida harakatlanuvchi tezyurar poyezdlar zilziladan keyin 24 soatdan kamroq vaqt o‘tib qatnovini tikladi. G‘arbiy Yaponiya temiryo‘li ma’lumotlariga ko‘ra, 1400 ga yaqin yo‘lovchi to‘rt poyezdda taxminan o‘n bir soat davomida qolib ketgan, temiryo‘llar va boshqa temiryo‘l inshootlari xavfsizligi tekshirilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid