Jahon | 13:25 / 04.01.2024
9913
4 daqiqa o‘qiladi

44 davlat husiychilarning Qizil dengizdagi hujumlarini qoraladi

G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri Yamandagi husiychi isyonchilar Qizil dengizdagi savdo kemalariga tobora ko‘proq hujum qilmoqda. 18 ta logistika kompaniyasi bu hududda yuk tashishdan voz kechdi.

Foto: EPA

44 davlat Yamanning husiychi isyonchilarining G‘azo sektoridagi urush vaqtida Qizil dengizda savdo kemalariga qilgan hujumlarini keskin qoraladi va birgalikda harakat qilishga chaqirdi. «Qizil dengizda davom etayotgan husiychilar hujumlari noqonuniy, uni qabul qilib bo‘lmaydi, holat chuqur beqarorlik keltirib chiqaradi. Fuqarolik kemalari va harbiy kemalarga qaratilgan maqsadli hujumlarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu - dunyodagi eng yirik dengizlardan biri bo‘ylab global savdoning asosiy tayanchi bo‘lgan navigatsiya erkinligiga bevosita tahdiddir», deyiladi 3 yanvar, chorshanba kuni Germaniya tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan 44 mamlakat hukumatlari qo‘shma bayonotida. 

Hujjatda husiychilarning xatti-harakatlari butun dunyo bo‘ylab begunoh odamlar hayotiga tahdid solayotgani va jamoaviy harakat talab qiladigan jiddiy xalqaro muammo ekanligi ta’kidlangan. «Xalqaro dengiz savdosining qariyb 15 foizi Qizil dengiz hissasiga to‘g‘ri keladi, shu jumladan don savdosining 8 foizi, neft savdosining 12 foizi va suyultirilgan gaz savdosining 8 foizi. Xalqaro yuk tashish kompaniyalari o‘z kemalarining yo‘nalishini o‘zgartirmoqda, bu esa tovarlar tannarxining keskin oshishi, butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat, yonilg‘i va insonparvarlik yordami oqimini ko‘p haftalar kechiktiradi», - deyiladi bayonotda. 

Hujjatda ta’kidlanishicha, agar noqonuniy hujumlar va kemalarni noqonuniy egallab olish to‘xtamasa, husiychilar insonlar hayotiga, jahon iqtisodiyotiga va mintaqadagi asosiy dengiz yo‘llariga xavf tug‘dirishda davom etsa, oqibatlari uchun to‘liq javobgarlik ularning zimmasiga tushadi. «Biz qoidalarga asoslangan dunyo tartibiga sodiq qolamiz va yomon niyatli shaxslarni noqonuniy egallab olish va hujumlar uchun javobgarlikka tortishga qat’iy qaror qildik», - deyiladi AQSh, Avstraliya, Kanada, Daniya, Yaponiya, Bahrayn, Yangi Zelandiya kabi 44 davlatning qo‘shma bayonotida. 

Logistika kompaniyalari yuk tashishni to‘xtatyapti

Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) ma’lumotlariga ko‘ra, 18 ta logistika kompaniyasi allaqachon Qizil dengizda yuk tashishdan voz kechdi. 2 yanvar kuni eng yirik tashuvchilardan biri - Maersk Qizil dengiz va Aden bo‘g‘ozi orqali yuk tashishni noma’lum muddatga to‘xtatdi. Maersk kemalaridan biriga Bab al-Mandeb bo‘g‘ozidan o‘tganidan so‘ng noma’lum obekt kelib urilgan. 

Husiychilarning hujumlari tufayli yuk tashish narxi keskin oshdi. Osiyo va Shimoliy Yevropa o‘rtasidagi yuk tashish qiymati bu hafta ikki baravarga ortib, bir konteyner uchun 4000 dollardan ko‘tarildi. Osiyo va O‘rta Yer dengizi mintaqasi o‘rtasidagi yuk tashish narxi har bir konteyner uchun 5175 dollargacha yetdi. Yirik yuk tashish kompaniyalari yanvar oyining o‘rtalariga borib O‘rta Yer dengiziga yetkazib berish narxi bir konteyner uchun 6000 dollargacha ko‘tarilishi haqida xabar berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid