Jahon | 10:40 / 04.01.2024
12185
3 daqiqa o‘qiladi

«Hizbulloh» al-Aruriyning o‘limi uchun Isroildan qasos olishga va’da berdi

Isroil HAMAS yetakchilaridan birining Bayrutda o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi, «Hizbulloh» uni ayblab chiqdi.

Foto: AFP

Livan poytaxti Bayrutda HAMAS guruhi yetakchilaridan biri o‘ldirilganidan so‘ng Isroil-Livan chegarasida o‘qqa tutish holatlari qayta boshlandi, deb xabar berdi dpa 3 yanvar, chorshanba kuni. Livanning «Hizbulloh» guruhi Isroilni HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Solih al-Aruriyning o‘limida ayblab, qasos olishga va’da berdi, deb xabar qildi agentlik.

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) chorshanba kuni Livandan Isroil obektlarini nishonga olgan bir necha raketa uchirilgani qayd etilganini ma’lum qildi. Bunga javoban TsAHAL o‘q uzilgan joylarga hujum qildi. 

So‘nggi oylarda chegara hududida Isroil armiyasi va «Hizbulloh» o‘rtasidagi qarama-qarshilik davom etmoqda, biroq Solih al-Aruriy o‘limidan so‘ng mojaro avj olishi xavfi bor, deya ta’kidlaydi dpa. TsAHAL vakili Livan guruhi Isroilni ayblayotgan holat - Solih al-Aruriyning o‘limiga izoh bermadi. 

Falastin hududlarida ish tashlash 

Al-Aruriy o‘ldirilganining ertasiga Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi maktablar, universitetlar, banklar, restoranlar va hukumat idoralari umumiy ish tashlash tufayli yopildi. Ramallohda bir necha yuz kishi tinch namoyish o‘tkazdi, deb yozadi dpa Falastin OAVga tayanib. 

TsAHAL G‘arbiy sohil hududlarida bir nechta reydlar o‘tkazib, qidiruvdagi olti nafar falastinlikni qo‘lga olganini va yana o‘nlab kishilar so‘roqqa tutilganini bildirdi. Operatsiyalar al-Aruriyning o‘ldirilishi bilan bog‘liqligi haqida xabar berilmagan. 

Al-Aruriy HAMAS iyerarxik tuzilmasidagi ikkinchi shaxs edi. Isroil uni Iordan daryosi G‘arbiy sohilidagi qator hujumlar tashkilotchisi va mintaqada HAMAS harbiy bo‘linmasi faoliyati uchun mas’ul deb hisoblagan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid