Jahon | 19:53 / 04.01.2024
23093
33 daqiqa o‘qiladi

2023 yilgi Ukraina dahshatlari. Urushning muhim 10 pallasi suratlarda

Yil tugadi, lekin harbiy harakatlar emas - va frontda hamon fotoreportyorlar ishlashda davom etdi. Ular hayotini xavf ostiga qo‘yib, u yerda bo‘layotgan voqealarni butun dunyoga ko‘rsatmoqda.

Kiyevdagi Avliyo Mixaylov Zlatoverxiy oltin gumbazli soboriga kiraverishda halok bo‘lgan vatan himoyachilari uchun o‘rnatilgan yodgorlik devori.  2023 yil 8 may
Celestino Arce Lavin / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

2022 yilda bo‘lgani kabi 2023 yilda ham «Meduza» fotomuharrirlari Rossiya-Ukraina urushi dunyoni qanday o‘zgartirib yuborganini tushunishga yordam beruvchi kadrlarni tanlab, e’lon qilib keldi. Bu jamlanmalarda front chizig‘idagi qo‘rqinchli va og‘riqli tasvirlar ham, hayot davom etayotganini ko‘rsatuvchi umidbaxsh kadrlarni ham ko‘rish mumkin. Quyida yakunlanayotgan 2023 yilning Ukrainadagi urushga oid asosiy kadrlari keltiriladi — ularda Baxmut uchun og‘ir janglar, Rossiya qo‘shinining Grozaga dahshatli zarbasi (bu yerda qishloqning har oltinchi aholisi qurbon bo‘lgan) va urushning ikkinchi yilidagi yodda qolarli boshqa asosiy voqealar hujjatlashtirilgan.

Dnipro, Kiyev, Lviv va Ukrainaning boshqa shaharlari bo‘ylab qishki zarbalar

Kiyev aholisi vakili raketa zarbasi qurboni bo‘lgan rafiqasi jasadi ustida. Rossiya qo‘shini 2022 yilning so‘nggi kunida ham Kiyevga raketa va dronlar bilan hujum qilgandi. Hujum oqibatida 20 kishi jarohat olib, bir ayol halok bo‘lgandi . «Rossiya Yangi yil bayram dasturxoni — bu Ukrainada vayron bo‘lgan uylar kadrlari, Kiyevning Solomensk rayonida raketa parchalaridan halok bo‘lgan insonlar haqidagi yangiliklardan iborat», — deya izohlagandi hodisani Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko. 2022 yil 31 dekabr
Roman Hrytsyna / AP / Scanpix / LETA
Lvivda elektr energiya o‘chishi. 2023 yil boshida Rossiya qo‘shinlari zarbalari oqibatida Lviv va Ukrainaning boshqa shaharlarida har kuni 8 soatdan 16 soatgacha svet reja bo‘yicha o‘chirilardi — muddat energiya tizimidagi vaziyatga bog‘liq edi. 2023 yil 12 yanvar
Pavlo Palamarchuk / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Kiyevdagi hayvonot bog‘i xodimi elektr rejali o‘chirilishi vaqtida Toni laqabli 48 yoshli gorillani isitish uchun pechkaga o‘t yoqmoqda.​​​​2023 yil 31 yanvar
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Dniprodagi qutqaruv amaliyotining yuqoridan ko‘rinishi. 14 yanvar kungi zarba Ukrainada 2022 yil iyunidan buyon fuqarolik obektiga qilingan eng vayronkor hujum bo‘ldi, o‘shanda Kremenchugdagi «Amstor» savdo markaziga raketa kelib tushganida. Dniproda raketa 9 qavatli uyga kelib urilishi oqibatida 45 kishi halok bo‘lgan, shundan 6 nafari bolalar; shuningdek 80 kishi jarohatlangan, shundan — 16 nafari bolalar. 2023 yil 14 yanvar
Wojciech Grzedzinski / The Washington Post / Getty Images
Dniproda yashovchi 38 yoshli Nadya Yaroshenko rossiyaliklar raketasidan vayron bo‘lgan uy hovlisida o‘z mushugini qidirmoqda. Qo‘rqib ketgan jonivor uni vayronalar orasidan olib chiqib, egasiga topshirmoqchi bo‘lgan qutqaruvchilarga tutqich bermagan, 14 yanvar
Roman Hrytsyna / AP / Scanpix / LETA
Dniproda Rossiya zarbasidan vayron bo‘lgan to‘qqiz qavatli uydagi kvartiralardan birining oshxonasi. 2023 yil 15 yanvar
Yan Dobronosov / Reuters / Scanpix / LETA
6 mart kuni kechqurun RF armiyasi Donetsk oblastidagi Konstantinovka shahrini o‘qqa tutdi, zarba oqibatida gaz trubasi shikastlangan; yong‘in boshlangan. Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Oleksiy Roslov jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Konstantinovka Donetskdan taxminan 80 kilometr shimolda joylashgan. 2023 yil 6 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukrain harbiylari projyektorlar yordamida osmondan rossiyaliklar dronlarini qidirmoqda. 2022 yil 31 dekabrdan 2023 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Baxmut uchun jang

Qariyb bir yil davomida — 2022 yil yozidan 2023 yil bahori oxirigacha — Donetsk oblastining Baxmut shahri urushning eng qaynoq nuqtasi bo‘lib turdi. Oblast harbiy ma’muriyatining 2023 yil boshidagi ma’lumotiga ko‘ra, Baxmutning 60 foizdan ortiq qismi vayron bo‘lgandi, may oyiga kelib, shahar rus qo‘shini tomonidan egallanganida — amalda to‘liq vayronaga aylandi. Baxmut atrofida hamon janglar davom etmoqda: RF armiyasi bu yo‘nalishda yurish qilmoqda, ukrain qo‘shini mudofaa pozitsiyalariga o‘tgan.

Ukrain harbiylari Baxmutdagi Baxmutka daryosini tagliklardan yasalgan qo‘lbola ko‘prik orqali kechib, oldingi pozitsiyalardan qaytmoqda. 2023 yil 29 yanvar
Marek M. Berezowski / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Ukrainalik harbiylar bog‘langan rossiyalik asirni so‘roq qilmoqda. 2023 yil 12 yanvar
D​iego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Ukrainalik harbiy vrachlar dala hospitalida yarador harbiyni operatsiya qilmoqda. 2023 yil 9 yanvar
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukraina vertolyoti Baxmut osmonida. 2023 yil 17 yanvar
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
«Vagner» XHK jangchilari janglar vaqtida vayron bo‘lgan uy yonidan o‘tmoqda. Baxmut uchun janglarda Rossiya tomonidan asosan «vagnerchilar» ishtirok etdi: 18 martga kelib ular shaharning 70 foizga yaqin qismini nazorat qilayotgandi, may oyi o‘rtalariga kelib ukrain garnizoni shaharni to‘liq tark etdi. 2023 yil 25 mart
Vayronaga aylangan Baxmutning ko‘rinishi. Vagnerchilar rahbari Yevgeniy Prigojin may oyi o‘rtalarida shahar to‘liq egallangani haqida e’lon qilgandi. 2023 yil 27 may

RF hamda anneksiya qilingan Qrim hududlariga hujumlar va diversiyalar 

Peterburgdagi Street Food Bar № 1 kafesi yaqinida turgan politsiyachilar, bu yerda 2 aprel kuni portlash oqibatida harbiy muxbir Vladlen Tatarskiy (haqiqiy ismi-sharifi — Maksim Fomin) halok bo‘lgandi. Terakt bo‘yicha ishda ayblanib 26 yoshli Darya Trepova qo‘lga olingan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u kafega ichiga portlovchi qurilma o‘rnatilgan gipsdan ishlangan haykalchani olib kelgan va Tatarskiyga tutqizgan. Trepova 30 yilga umumiy tartibli koloniyaga qamalishi mumkin. 2023 yil 2 aprel
Anatoliy Malsev / EPA / Scanpix / LETA
Kremlga 3 mayga o‘tar kechasi amalga oshirilgan dronlar hujumi oqibati. Birinchisi Senat saroyi gumbazi ustida, ikkinchisi — qariyb 16 daqiqa o‘tib qariyb shu nuqtada portlagan. Rossiya hukumati dronlar havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilganini bildirdi va hujumda Kiyevni aybladi — lekin bu haqda faqat hujumdan keyingi kun o‘rtalariga kelib e’lon qilindi. Ukraina hukumati hujumga aloqadorligini rad etgan. 2023 yil 3 may
Sefa Karacan / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Tarkibi rossiyalik ko‘ngillilardan iborat ekani aytiladigan «Rus ko‘ngillilar korpusi» Belgorod oblastining chegaradagi «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punktiga hujumdan keyin. 22 may tongida Ukraina razvedkasi bilan hamkorlik qiluvchi «korpus» jangchilari Grayvoronga va qo‘shni Kozinka qishlog‘iga kirib kelgandi. Keyinroq Rossiya qo‘shini raqibni Ukraina hududiga chekintiradi. 2023 yil 23 may
Kanal RDK v Telegram / Reuters / Scanpix / LETA
«Rus ko‘ngillilar korpusi» jangchilari «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punktida. 22 may kuni Belgorod oblastida aksilterror amaliyoti rejimi joriy etiladi — roppa-rosa bir kundan keyin u bekor qilinadi va regionga kirib kelgan diversantlar «o‘rab olingani va tor-mor etilgani» ma’lum qilinadi. Gubernator Vyacheslav Gladkov hujum vaqtida tinch aholi vakillari bo‘lgan 12 kishi yaralangani va ikki kishi halok bo‘lganini aytgandi. 2023 yil 23 may
RKK Telegram-kanali / Reuters / Scanpix / LETA
Simferopol — Sevastopol temiryo‘lining anneksiya qilingan Qrim hududidan o‘tgan uchastkasida izdan chiqib ketgan vagonlar. 18 may tongida Bog‘chasaroy yaqinidagi temiryo‘lda (boshqa manbalarga ko‘ra — Chistenke qishlog‘i yaqinida) portlash ro‘y berib, 50 metr masofadagi temiryo‘l ko‘tarmasiga shikast yetkazadi. Natijada don ortilgan sakkiz vagon relsdan chiqib ketadi, shundan beshtasi ag‘dariladi. Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan. 2023 yil 18 may
Reuters / Scanpix / LETA
Qrimdagi Kirov rayonida joylashgan poligonda 19 iyulga o‘tar kechasi yong‘in boshlanadi. Hududning Kreml tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenov yong‘in sababini ochiqlamagan. O‘sha kuni mahalliy rasmiylar poligon atrofida joylashgan to‘rtta qishloq aholisini — ikki mingdan oshiq kishini evakuatsiya qiladi. 2023 yil 19 iyul
Reuters / Scanpix / LETA
Moskva-Siti biznes markazida dronlar zarbasidan shikastlangan «Oko-2» binosi. 30 iyulga o‘tar kechasi ikkita dron «IQ-kvartal» va «Oko-2» binolariga urilgandi — portlash oqibatida ikki minoradan ham bir necha qavatlarning oynalari to‘kilib tushgan. Mahalliy hukumat jabrlanganlar haqida rasman xabar bermagan, ammo favqulodda xizmatlar «Oko-2»da qo‘riqchi yaralanganini ma’lum qilgan. Shahar meri Sergey Sobyaninga ko‘ra, dronlar ukrainlarniki bo‘lgan. Kremldagilar bu borada to‘xtalmagan. Ukraina prezidenti ofisi ham hujumga aloqadorligini tasdiqlamagan. 2023 yil 30 iyul
Aleksandr Nemenov / AFP / Scanpix / LETA
Novgorod oblastidagi harbiy aerodromda ro‘y bergan yong‘in. 19 avgust kuni dron aerodromga hujum qilib, bitta samolyotga shikast yetkazgandi. Jabrlanganlar bo‘lmagan. Keyingi kuni «Sirena» nashri o‘quvchisi tomonidan yuborilgan tasvirni namoyish etgan, unda Rossiyaning tovush tezligida harakatlanuvchi, Tu-22M3 rusumli strategik yadroviy bombardimonchisi yonayotgani aks etgan (bunday samolyotlar Ukraina bilan chegaradan 700 kilometr masofadagi mazkur aerodromda bo‘lgani tasdiqlangan). 2023 yil 19 avgust
Ukraine Weapons Tracker / Twitter

Kaxovka GESdagi portlash

6 iyun tongida Xerson oblastining okkupatsiya qilingan Nova Kaxovka shahri hududida joylashgan Kaxovka GESda portlash ro‘y beradi: Kaxovka suv omboridagi suv nazoratsiz chiqa boshlaydi va Dniproning quyi oqimi bo‘ylab harakatlanadi. Ekspertlarga ko‘ra, portlash gidro elektr stansiya ichkarisida ro‘y bergan. Bu Rossiyaning Ukrainaga bosqini davridagi eng vayronkor oqibatlarga ega bo‘lgan falokatlardan biri edi.

7 iyun tongiga kelib Xerson oblasti hududida besh mingga yaqin uy suv ostida qoladi. Dnipro daryosining so‘l sohilida, okkupatsiya qilingan hududda joylashgan Nova Kaxovka va Aleshki shaharlarini to‘liq suv bosadi. Hududning Moskva tomonidan tayinlangan rahbariyati evakuatsiya e’lon qiladi, ammo bu jarayon muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, bundan tashqari ko‘ngillilar aholini qutqarishiga to‘sqinlik qilinadi. Iyun oyi oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kaxovk GESdagi portlashdan keyin yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida kamida 52 kishi halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, Nova Kaxovkada hayvonot bog‘ini suv bosgan. Uning xodimlari 300 ga yaqin jonivor nobud bo‘lganini xabar qilishgan. Rossiya tomonidan tayinlangan «mer» Vladimir Leontev esa u yerda umuman jonivorlar bo‘lmaganini aytgan. Suv omborining o‘zida ham baliqlar yoppasiga qirilishi qayd etilgan. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Kiyev GESdagi falokatni «Rossiya qo‘li bilan yuzaga keltirilgan ekotsid» deb baholashini aytgan. Hozirda Kaxovka suv ombori va Dnipro daryosi o‘zani sayozlashib qolgan.

Kaxovka GESning vayron bo‘lgan to‘g‘oni. 2023 yil 7 iyun
AP / Scanpix / LETA
Nova Kaxovka 90 kilometr masofadagi Golaya Pristan shahrida suv bosgan uydan jasadni olib chiqayotgan kommunal xizmat xodimlari. 2023 yil 16 iyun
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Xersonda yashovchi Tatyana o‘z itlari Tsatsa va Chuney bilan. 2023 yil 6 iyun
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Xersonning suv bosgan hududlari ko‘rinishi. 2023 yil 7 iyun
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Xersonda yashovchi Irina qizi Lyubov bilan evakuatsiya chog‘ida. Ular suv bosgan hududlardan aholini evakuatsiya qilish chog‘ida boshlangan otishmadan yashirinishga majbur bo‘lishgan. 2023 yil 6 iyun
Felipe Dana / AP / Scanpix / LETA
Ukrain dengiz piyodalarining ikki kateri Xerson yaqinidan o‘tgan Dnipro daryosida. 2023 yil 14 oktyabr
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA

Ukrainaning RF okkupatsiyasi ostidagi shaharlari bo‘ylab zarbalar

Donetsk oblasti Volnovaxa shahri o‘qqa tutilishi vaqtida halok bo‘lgan ayol jasadi yaqinidagi bolalar. Volnovaxa — anneksiya qilingan Donetskdan taxminan 50 kilometr janubda joylashgan shahar. Donetskdan Mariupolga boruvchi avtomobil va temiryo‘l marshrutlari Volnovaxa orqali o‘tadi. 13 mart kungi hujumda mahalliy rasmiylar Ukraina qurolli kuchlarini ayblagan. Fotosuratdagi ayol — Valentina Kovaldan tashqari — uning 18 yoshli qarindoshi Daniella ham halok bo‘lgan. 2023 yil 13 mart
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Donetskning Budennov rayonida ukrainlar zarbasidan keyin yonib ketgan yonilg‘i sisternalari. «DXR» ma’muriyati rahbari Denis Pushilin otishma oqibatida ikki kishi, jumladan FVV xodimi halok bo‘lgani, 12 kishi yaralanganini ma’lum qilgan. «Izvestiya» xabariga ko‘ra, yaralanganlar orasida nashrning uch nafar jurnalisti bor edi, shuningdek TASS fotokorrespondenti ham zarba berilgan joyda bo‘lgan. 2023 yil 31 oktyabr
Reuters / Scanpix / LETA
Donetsk 6 aprel kuni ukrainlar tomonidan o‘qqa tutilishidan keyin. Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, Petrovsk va Kuybishev rayonlari zarbaga uchragan. RIA Novosti besh kishi halok bo‘lganini xabar qilgan. «Interfaks» RF tergov qo‘mitasining hududiy bo‘limiga asoslanib, to‘qqiz kishi halok bo‘lgani va yetti kishi yaralangani haqida yozgan. 2023 yil 6 aprel
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Donetsk 30 noyabr kuni o‘qqa tutilishi vaqtida raketa zarbasidan shikastlangan uydagi qutqaruvchi. RIA Novosti ma’lumotiga ko‘ra, hujum vaqtida mahalliy aholi vakillaridan biri shikastlangan. 2023 yil 30 noyabr
Valeriy Melnikov / Reuters / Scanpix / LETA
Donetskda 19 dekabr kuni ukrainlar raketasi kelib tushgan uy. «Izvestiya» nashri yozishicha, zarba oqibatida uyning birinchi qavatidan to‘qqizinchi qavatigacha gaz trubasi yonib ketgan. Shaharning Kreml tomonidan tayinlangan meri Aleksey Kulemzin olti kishi jabrlanganini aytgan. 2023 yil 19 dekabr
Valeriy Melnikov / Kommersant / SIPA USA / Scanpix / LETA

Yevgeniy Prigojinning isyoni

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin 23 iyun kuni kechqurun isyon ko‘targandi. Xususiy harbiy kompaniya bo‘linmalari hech qanday qarshilikka uchramasdan Rostov-Donga kiradi. Prigojin o‘z yollanma jangchilari Moskva tomon «adolat marshi» uyushtirajagini ma’lum qiladi. Tuzilma poytaxt tomon bir necha kilometr bosib o‘tadi, ammo 24 iyun kuni «LXR» hududidagi «dala lageri»ga qaytadi. Prigojin Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralardan keyin shunday qarorga kelgandi, u yollanma jangchilarni Belarusga «o‘tish»ga taklif qilgan.

Roppa-rosa ikki oy o‘tib, 23 avgustda Prigojinning xususiy samolyoti Tver oblastida halokatga uchraydi. Uning bortida bo‘lgan barcha vagnerchilar, Yevgeniy Prigojindan tashqari komandir Dmitriy Utkin ham halok bo‘ladi. Samolyot halokati sababi hamon ma’lum qilinmagan. 29 avgust kuni Prigojinni Peterburgdagi Poroxov qabristoniga dafn etishadi. Prigojin Rossiya Qahramoni yulduzi bilan taqdirlanganiga qaramay, marosim harbiy sharaf amallarisiz o‘tkaziladi.

Faqat oktyabr oyiga kelib Vladimir Putin «Valday» diskussiya klubida Prigojinning halokati yuzasidan munosabat bildiradi. U RF tergov qo‘mitasiga havola qilgan holda, ekspertlar qurbonlarning jasadlarida qo‘l granatasi qoldiqlarini topishganini aytadi. Shu bilan birga, Putin qonda alkogol yoki narkotik moddalar borligini tekshirish bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilmaganini aytadi. Uning fikricha, «kompaniyaning Peterburgdagi qarorgohida o‘tkazilgan tintuvda FXX nafaqat 10 milliard rubl miqdoridagi naqd pullarni, balki besh kilogramm miqdordagi kokain moddasini topgani» tufayli ham shunday ekspertiza o‘tkazish lozim edi.

1 noyabr kuni Rossiya shaharlarida Rosgvardiya tarkibiga o‘tkazilgan, Pavel Prigojin (Yevgeniy Prigojinning o‘g‘li va uning yagona merosxo‘ri) boshqaruvidagi «Vagner» XHK uchun yollash boshlandi.

«Vagner» XHK jangchilari Rostov-Dondagi Janubiy harbiy okrug shtabida. 2023 yil 24 iyun
«Vagner» XHK tanki Janubiy harbiy okrug shtabi ro‘parasida joylashgan Rostov sirki darvozasida. 2023 yil 24 iyun
AFP / Scanpix / LETA
Moskva chekkasidagi blokpostlardan birida BTR va politsiya avtomobili. 2023 yil 24 iyun
AP / Scanpix / LETA
Isyon vaqtida Putin rossiyaliklarga shoshilinch murojaat qiladi. Unda u Prigojinni (nomi bilan atamasdan) «sotqinlik» va «xiyonat»da ayblaydi. Shuningdek Putin harbiy davlat to‘ntarishiga urinishda qatnashganlar mamlakatda nifoq qo‘zg‘ayotgani va buning uchun jazolanishini aytadi. Uning murojaati mamlakatning turli shaharlari ko‘chalaridagi katta ekranlarda jonli translatsiya qilinadi. 2023 yil 24 iyun
Aleksandr Zemlyanichenko — mladshiy / Xinhua / ZUMA Press / Scanpix / LETA
Rostovliklar isyon tugagach shahardan ketayotgan Yevgeniy Prigojin bilan suratga tushmoqda. 2023 yil 24 iyun
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Tver oblastida Prigojinning samolyoti halokatga uchragan joy. 2023 yil 23 avgust
@grey_zone / Telegram / AFP / Scanpix / LETAnpix / LETA

Kramatorsk, Kiyev, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlari bo‘ylab yozgi zarbalar

Rossiyaning Kramatorskka 27 iyun kungi zarbasidan keyin xarobalar ostida qolib ketgan ayolni olib chiqish yo‘lini qidirayotgan qutqaruvchilar. O‘sha kuni raketalar shahar markazidagi pitsseriyaga va xususiy sektorga tushishi oqibatida tinch aholi vakillaridan 12 kishi halok bo‘lgan hamda 60 dan ortiq kishi yaralangandi. 2023 yil 27 iyun
Wojciech Grzedzinski / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Rossiyaliklar droni parchasi tushgan uyi atrofidagi ko‘chada turgan yarador kiyevlik. RF dronlarining Ukraina poytaxtiga ko‘p sonli hujumlaridan biri 30 may kuni ro‘y bergandi. O‘shanda bir kishi halok bo‘lib, yana 13 kishi yaralangan. 2023 yil 30 may
Pablo Petrov / Ukraina FVDX matbuot xizmati / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiya qo‘shinlari Kiyevga yo‘llagan navbatdagi zarbalar oqibatida halok bo‘lgan ayolning jasadi ustidagi yaqini. Ukraina hukumatiga ko‘ra, 1 iyunga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujum kamida uch kishini hayotdan olib ketgan, qurbonlarning ikki nafari ona va bola edi. Kamida o‘n kishi yaralangan. 2023 yil 1 iyun
Roman Pilipey / Getty Images
Odessa Spaso-Preobrajyenskiy sobori mehrob to‘sig‘idagi vayrongarchilik. Ibodatxonaning mehrob joylashgan sharqiy qismida eng jiddiy vayrongarchiliklar qayd etilgan. O‘sha kuni shaharda jami 43 bino, jumladan 29 ta madaniy meros yodgorligi zarbaga uchragan. Tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lib, 21 kishi yaralangan. 2023 yil 23 iyul
Libkos / AP / Scanpix / LETA
7 avgust kuni Donetsk oblastining Pokrovsk shahri o‘qqa tutilishi vaqtida og‘ir yaralangan mahalliy aholi vakiliga tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi. Pokrovsk markaziga zarbalar oqibatida tinch aholi vakillari bo‘lgan o‘n kishi halok bo‘lib, 80 dan ortiq kishi yaralangan
Staniskav Krupar / EPA / Scanpix / LETA

Ukrainaning qarshi hujumi

Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi 2023 yil yozining ilk kunlarida boshlangandi. Ekspertlar Ukrainaning bu yurishdan asosiy maqsadi — Qrimga quruqlik yo‘lagini kesib qo‘yish bo‘lganini aytgandi. Lekin rossiyaliklar qariyb bir yil davomida tayyorlagan mustahkam mudofaa chizig‘i tufayli ukrainlarning qarshi hujumi oson kechmasligi oldindan ma’lum edi.

Qarshi hujumning ilk haftalarida ukrain qo‘shini Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasidagi to‘rt qishloqni — Makarivka, Blahodatne, Neskuchne va Storojyeveni ozod etadi. Ukraina QKning asosiy yo‘nalish — Zaporijjya oblasti markazida, Orixiv shahridan janubda boshlangan yurishi esa u qadar muvaffaqiyatli chiqmaydi.

Noyabr oyi boshlarida Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy The Economist bilan suhbatda frontdagi vaziyat ikki tomon uchun ham boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytdi va vaziyatni Birinchi jahon urushi davridagi pozitsion janglarga qiyosladi. Volodimir Zelenskiy avvaliga vaziyat umidsiz ekanini rad etdi, ammo 1 dekabr kuni Ukraina «istalgan natijalarga erisha olmagani»ni tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ittifoqchilardan barcha zarur qurollarni ololmagan, Ukraina qo‘shinlari cheklangan miqdordaligi tezkor yurish olib borishga imkon bermagan.

Donetsk oblastining shahar tipidagi Nyu-York posyolkasi atrofida ko‘tarilgan tutun. Urushga qadar ushbu posyolkada qariyb o‘n ming kishi yashagan, hozir bu yerda mingga yaqin odam qolgan. Bu yerdan front chizig‘iga qadar masofa bir kilometr ham chiqmaydi va Rossiya qo‘shinlari tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutiladi. 2023 yil 9 avgust
Wojciech Grzedzinski / Anadolu Agency/ABACAPRESS/ddp images / Vida Press
UUkrainalik harbiy Donetsk oblastining Ukraina QK qarshi hujumning ilk davrida, iyun oyi o‘rtalarida ozod etgan Neskuchne qishlog‘ida. 2023 yil 13 iyun
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Bu kadr polshalik fotosuratchi Voysex Gjyedzinskiy AQSh tomonidan ukrain qo‘shiniga berilgan Humvee armiya furgoni ichidan turib olingan. U front yaqinidagi Orixiv shahri va Novodanilovka qishlog‘i (Zaporijjya oblasti) ko‘chalari bo‘ylab o‘tgan hamda janglar va otishmalardan qolgan vayrongarchiliklarni kamerasiga muhrlagan. 2023 yil 14 sentabr
Wojciech Grzedzinski / The Washington Post / Getty Images
Blahodatne qishlog‘idagi Madaniyat saroyida halok bo‘lgan rossiyalik askar jasadi, bu qishloq Neskuchne kabi iyun oyi o‘rtalarida ozod etilgan. 2023 yil 16 iyun
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Rossiyaliklarning Ka-52 «Alligator» vertolyotlari Zaporijjya oblastida. Tankka qarshi «Vixr» raketalari bilan qurollangan Ka-52 vertolyotlari ukrainlar qarshi hujumini qaytarishdagi asosiy vositalardan biri bo‘ldi. 2023 yil 26 iyun
Ukrainalik harbiylar Kramatorskdan 22 kilometr masofada joylashgan Torske posyolkasiga olib boruvchi yo‘lda yonib ketgan harbiy texnika oldidan o‘tmoqda. Rossiya qo‘shini Torskeni 2023 yil iyulida egallagan, Ukraina QK bu yerni 2022 yil oktyabrda ozod etgan. 2023  yil 15 avgust
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Zaporijjya oblastidagi uy hovlisida tank gusenitsasi. 2023 yil 7 sentabr
Pierre Crom / Getty Images
«Molot» chaqiruv belgili ukrain askari Zaporijjya oblastidagi okopda. «Molot» jangda oyog‘ini yo‘qotgan, ammo protez bilan frontga qaytgan. 2023 yil 1 iyul
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Groza qishlog‘iga zarba

Xarkiv oblasti Kupyansk shahri yaqinidagi Groza qishlog‘iga 5 oktyabr kuni Rossiya raketasi uchib keldi, zarba nishoni bo‘lgan kafeda bu vaqtda mahalliy aholi vakillari ukrainalik harbiy Andrey Kozirning janozasiga to‘plangandi. U 2022 yil may oyida Luhansk oblastining Popasnaya shahri uchun janglar chog‘ida halok bo‘lgandi. Uni avvaliga Dnipropetrovsk oblastiga dafn etishgan — chunki Groza 2022 yil sentabriga qadar Rossiya okkupatsiyasi ostida bo‘lgan. 2023 yil oktyabrida oila uni tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga qaytadan dafn etishga muvaffaq bo‘ladi.

Janoza marosimi Andrey Kozirning o‘g‘li Denis tomonidan tashkillashtirilgandi — u ham Ukraina qurolli kuchlari harbiysi bo‘lgan. U kafega 60 chog‘li qishloqdoshlarini taklif etadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 5 oktyabr kuni qishloqda 59 kishi halok bo‘lgan — Grozada esa raketa zarbasiga qadar jami 330 kishi yashagan. Rossiya hujumi qurbonlari orasida — Denis Kozirning o‘zi, uning rafiqasi Nina va onasi ham bo‘lgan.

Grozada hujumga uchragan kafe oldidagi maydonda qurbonlarning jasad qoldiqlari. 2023 yil 5 oktyabr
Vyacheslav Madiyevskyy / Reuters / Scanpix / LETA
Grozada halok bo‘lganlardan biri. Yozuvda uning ismi. 2023 yil 5 oktyabr
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA
Groza aholisi vakili halok bo‘lgan qarindoshining jasadi ustida. 2023 yil 5 oktyabr
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA
Groza qishlog‘ida yangi qabrlar qazilgan hudud. Oldingi plandagi tablichkada Panteleyevlar oilasining raketa zarbasi qurboniga aylangan to‘rt vakilining ismlari keltirilgan. 2023 yil 6 oktyabr
Yakiv Lyashenko / EPA / Scanpix / LETA

Rossiyaning Donetsk oblastidagi yangi yurishi

Avdiyivka — okkupatsiya ostidagi Donetsk yaqinida, Ukraina nazoratida qolgan shahar — 2023 yilda urushning eng qaynoq nuqtalaridan biriga aylandi (lekin bu yerda janglar 2014 yildan buyon tinmagan). Qishda Rossiya qo‘shini Avdiyivka tomon hujum boshlagan va martga kelib shahar yarim qurshov holatida qolgandi. Oktyabr oyi boshlarida RF armiyasi Avdiyivkani to‘liq qurshab olish uchun yana hujum boshladi. Shahar uchun faol janglar va aviazarbalar hamon davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bu yerga Orixiv va Baxmut yo‘nalishidan qo‘shimcha kuchlar olib kelishga majbur bo‘lgan. Ukrainlar yurishi shu bilan to‘xtab qolgan.

Donbassda 2023 yilda qaqshatqich janglar kechgan yana bir shahar — Donetsk chekkasidagi Maryinka shahri bo‘ldi. Avdiyivka kabi Maryinka ham 2014 yilda front yoqasidagi shaharga aylangandi — va 2023 yil martiga kelib u to‘liq yakson etildi. 2023 yil mobaynida shaharning katta qismi Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tdi. 25 dekabr kuni esa RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu Maryinka to‘liq egallangani haqida ma’lum qildi. E’lon qilingan videolarga ko‘ra, Rossiya qo‘shini chindan ham Maryinkaning shu vaqtgacha ukrainlar qo‘lida bo‘lgan janubi-g‘arbiy va shimoliy-g‘arbiy chekkalariga kirgan.

Liman yaqinidagi dalaga o‘rnatilgan mina — bu okkupatsiya ostidagi Donetskdan taxminan 100 kilometr shimolda joylashgan muhim transport tugunidir. 2022 yil mayida RF qo‘shini Limanni egallagandi — Ukraina QK uni o‘sha yil 1 oktyabrida o‘z nazoratiga qaytaradi. 2023 yil 27 fevral
Wolfgang Schwan / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
17 mart kuni Avdiyivkaga hujum vaqtida yonib ketgan uy yonida zarbalardan yashirinayotgan ukrain askari. O‘sha kuni Rossiya qo‘shini Avdiyivkaga to‘rtta aviabomba tashlagandi. Ilk bor sun’iy yo‘ldosh signali orqali yo‘naltiriladigan aviabombalar qo‘llangandi. Qurbonlar bo‘lmagan. 2023 yil 17 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiylar va ko‘ngillilar Avdiyivkadagi tashlandiq fermadan otlarni evakuatsiya qilmoqda. 2023 yil 25 aprel
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukraina QKning Baxmut atrofidagi pozitsiyasida evakuatsiya qilinishini kutayotgan askar. Ukrainaning Baxmut atrofidagi qarshi hujumi ham muvaffaqiyat keltirmadi. 2023 yil 4 sentabr
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukraina QK 58-mexanizatsiyalashgan brigadasi jangchilari Vuhledar atrofidagi pozitsiyada M113 zirhli transportyorida ketmoqda — bu okkupatsiya ostidagi Donetskdan 50 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan shahar. Vuhledar uchun shiddatli janglar 2022 yil martida boshlangan va u hamon Ukraina nazoratida qolmoqda. Noyabr oyi boshida Rossiya qo‘shini Vuhledarni qo‘lga kiritishga yana bir bor urinib ko‘rdi, ammo og‘ir yo‘qotishlarga uchrab chekindi.
Andre Alves / Anadolu / ddp / Vida Press
Liman yo‘nalishida ukrainlar pozitsiyalariga 2A65 «Msta-B» gaubitsasidan o‘t ochayotgan rossiyalik harbiylar. 2023 yil 18 noyabr
Stanislav Krasilnikov / Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA
Ukraina QK maxsus bo‘linmasi jangchilari laqabi «Kurt» bo‘lgan harbiy xizmatchi qo‘mondonligida kunning qorong‘i vaqtida granatomyotdan rossiyaliklarning Baxmut atrofidagi pozitsiyasini o‘qqa tutmoqda. 2023 yil 3 noyabr
Kostya Liberov / Libkos / Getty Images
Donetsk chekkasidagi Maryinka shahri vayronalari. 2023 yil 11 may. Shahar xarobalari dekabr oyi oxiriga kelib RF QK tomonidan to‘liq egallandi
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid