Ukrainada urushning 461-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • 30 may kuni tongda Moskvadagi turar joy binolariga dronlar hujumi ro‘y berdi. Uchib kelgan dronlarning aniq soni ma’lum emas: RF mudofaa vazirligi sakkizta uchuvchisiz uchar qurilma urib tushirilgani haqida xabar qilgan, hukumatga yaqin manbalarda — 10 va hatto 25 raqamlari keltirilgan.
  • Poytaxtga dronlar hujumiga munosabat bildirgan Vladimir Putin «Moskva havo hujumidan mudofaa tizimi o‘z ishini bajargani, ammo hali qiladigan ishlar borligi»ni aytdi.
  • Ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari Kiyev ustida rossiyaliklarning 31 dronidan 29 tasini urib tushirdi. Dronlardan birining parchasi ko‘p qavatli uyning yuqori qismiga shikast yetkazgan, bir kishi halok bo‘lib, yana 13 kishi shifoxonaga yotqizilgan.
  • Kaliningrad oblastidan safarbar qilinganlarning sakkiz nafari dezertirlikda ayblanib, olti yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi.
  • Rossiya IIV Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy va Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyni qidiruvga berdi.
  • Belgorod oblastida Shebekino shahar okrugidan evakuatsiya qilingan aholi vaqtincha joylashtirilgan punkt o‘qqa tutildi. Bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi og‘ir tan jarohati olgan.

Kiyevga dronlar hujumi — so‘nggi kundagi uchinchisi

30 mayga o‘tar kechasi rossiyaliklarning dronlari Kiyevga hujum qilgan — shahar harbiy ma’muriyati xabar berishicha, bu Ukraina poytaxti bir kun ichida uchinchi bor o‘qqa tutilishi bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari 31 drondan 29 tasi urib tushirilganini ma’lum qilgan.

Kiyevning janubiy qismidagi Goloseyevskiy rayonida dron parchalari ko‘p qavatli uy ustiga qulashi oqibatida yong‘in chiqqan — bir kishi halok bo‘lib, yana uch kishi jabrlangan. Hujum vaqtida jami 13 kishi tan jarohati olgan, shuningdek 16 obekt, jumladan turar joy binosi va avtomobil shikastlangan.