O‘zbekiston | 13:37 / 05.01.2024
3803
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida Tax Free tizimi joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Chet davlat fuqarolari tomonidan O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qaror loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Getty Images

Prezident qaroriga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq qaytarib berish tizimini xorijiy turistlarga - O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida O‘zbekiston hududida sotib olingan va Tax Free tizimi bo‘yicha rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun kengaytirish belgilangan.

Hozirda Tax Free tizimida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch aeroportlarida Soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan Tax Free xizmati shoxobchalari ish olib bormoqda.

2023 yilning 9 oyida 333 ta chet davlat fuqarolariga ular tomonidan O‘zbekiston hududidagi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlaridan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qisman qaytarish xajmi 468,6 mln so‘mni tashkil qildi.

Topshiriqdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Unda 2024 yil 1 yanvardan Tax Free tizimini respublikani barcha xalqaro aeroportlarida joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasida 11 ta xalqaro aeroport mavjud.

Chet davlat fuqarolari aloqa o‘rnatish va ayrim holatlarda yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida mobil ilovada mahalliy yoki xalqaro telefon raqami ko‘rsatiladi.

Chet davlat fuqarolari QQS summasini qaytarib olishda identifikatsiya va ro‘yxatdan o‘tishi Tax Free avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ham amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid