15:28 / 06.01.2024
4900

JARda paralimpiyachi Oskar Pistorius qamoqdan shartli ravishda ozod qilindi

Oskar Pistorius 2016 yildan beri birga yashagan ayolni o‘ldirgani uchun qamoqda o‘tirgandi. Uni shartli ozod etish muddati 2029 yilda tugaydi.

Foto: Picture Alliance

Janubiy afrikalik sobiq paralimpiyachi-sportchi, JARda birga yashagan ayol Reva Stenkampni o‘ldirgani uchun 13 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Oskar Pistorius deyarli 11 yildan so‘ng 5 yanvar, juma kuni shartli ravishda ozod qilindi. Pistorius 2029 yilda jazo muddati tugaguniga qadar nazorat ostida qoladi.

Unga spirtli ichimliklarni iste’mol qilish taqiqlangan, sayohat qilish va ishlash uchun ruxsat olishi kerak bo‘ladi. Sportchi, shuningdek, jinsga asoslangan zo‘ravonlik va g‘azabni boshqarish dasturlarida qatnashishi kerak. Pistorius amakisining JAR poytaxti - Pretoriya shahri nufuzli chekkasidagi Uoterklufdagi uyida yashashi kutilmoqda. 

Pistoriusni shartli ravishda ozod etish qarori noyabr oyida qabul qilingan. Reva Stenkampning onasi Jun sobiq sportchining muddatidan oldin ozod etilishiga e’tiroz bildirmadi, biroq u qamoqdagi davrida «g‘azab bilan bog‘liq katta muammolariga qarshi» kurasha olganiga shubha bildirdi. 

Qotillik va hukm 

Oskar Pistorius 2013 yil 14 fevral kuni ertalab Reva Stenkampni Pretoriyadagi uyi hammomi eshigidan o‘q uzib o‘ldirgan. U qizga to‘rt marta o‘q uzgani aytiladi. Sportchining ta’kidlashicha, uni o‘g‘ri deb tushungan. Ayblov tomoni qotillik qasddan sodir etilganini ta’kidlab, Pistorius avvalroq asossiz tajovuzga moyilligini ko‘rsatganini bildirgan. 

2014 yilda Pistorius qasddan odam o‘ldirishda ayblanib, besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, biroq hukm ikki marta qayta ko‘rib chiqildi va oxir-oqibat Pistoriusga 13 yillik qamoq jazosi berildi.

Oskar Pistorius - yugurish bo‘yicha olti karra Paralimpiya o‘yinlari chempioni. 2012 yilda u Olimpiadada qatnashgan birinchi amputant bo‘ldi. 

Mavzuga oid
Top