Jahon | 08:10 / 09.01.2024
7015
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Suriyada HAMAS yetakchilaridan biri o‘ldirilganini ma’lum qildi

TsAHALga ko‘ra, Hasan Akashe «so‘nggi haftalarda Suriya hududidan Isroilga raketa hujumlarining asosiy tashkilotchilaridan biri» bo‘lgan.

Foto: AMIR COHEN/REUTERS

Isroil mudofaa kuchlari 8 yanvar, dushanba kuni Suriyada Falastinning HAMAS guruhi yuqori martabali a’zosini yo‘q qilganini bildirdi. Idoraga ko‘ra, Hasan Akashe «so‘nggi haftalarda Suriya hududidan Isroilga raketa hujumlarining asosiy tashkilotchilaridan biri» edi. 

U Suriyaning Bayt Jin hududida yo‘q qilingan, TsAHAL hozircha operatsiyaning boshqa tafsilotlari haqida xabar bermadi. Idora matbuot xizmati Isroil «Suriya hududidan terrorchilik harakatlariga toqat qilmasligini» qayd etdi. 

8 yanvar kuni ertalab Livan janubida isroilliklarning zarbasi natijasida «Hizbulloh» harakatining yuqori martabali qo‘mondoni halok bo‘lgan edi. AFP manbasiga ko‘ra, Vissam at-Tavil «Hizbulloh»ning Livan janubidagi harbiy amaliyotlarini boshqarishda yetakchi rol o‘ynagan. Uning o‘ldirilishi G‘azo sektoridagi urush butun Yaqin Sharqqa tarqalishi mumkinligi bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirdi, deydi agentlik manbalari. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 23 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid