Sport | 17:45 / 15.01.2024
34341
13 daqiqa o‘qiladi

«Tishsiz bo‘lim» va umid beruvchi Fayzullayev. Suriyaga qarshi o‘yin haqida

O‘rtamiyona darajadagi raqib bilan o‘yinda nega futbolchilar o‘z salohiyatini namoyish eta olmadi? Golsiz durangdan keyin bosh murabbiy hujum chizig‘idagi muammolarni hal eta oladimi? Jurnalist Qahramon Aslanov Eldor Shomurodovsiz qolgan jamoaning Osiyo kubogidagi ilk o‘yinini tahlil qildi.

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekiston milliy jamoasi shanba kuni Osiyo kubogidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazdi. Guruh ishtirokchilari va vaziyat nuqtayi nazaridan natija qoniqarli, zero Hindiston ustidan qozoniladigan g‘alabaning o‘ziyoq keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarini oshirib yuboradi. Yana bir ijobiy jihat, maydondagi va o‘yindan keyingi kayfiyat bilan bog‘liqki, buni Alisher Nikimbayev ham e’tirof etdi – o‘yin tugagach, suriyalik futbolchilar bayramona ruhda stadionni tark etishgan, vakillarimiz esa, durangdan xafa ekani ko‘rinib turgan. Buni biz translatsiyada ham ko‘rdik, so‘nggi daqiqalardagi vaziyatlardan biri yakunlangach, raqib darvozaboni juda katta qahramonlik ko‘rsatgandek emotsiyani namoyish etdi, sheriklari uni qo‘llab-quvvatlashdi.

Chetdan qaraganda, tabiiyki, biz g‘alabadan umid qilib, barchasiga tanqidiy ko‘z bilan qaraymiz. Maydonda harakat qilayotgan futbolchilar esa, O‘zbekiston uyushtirgan bosimni, qiyinchilikni tanalarida his qilganki, mana shunday tuyg‘ular paydo bo‘lgan. Doimo biz uchun oson bo‘lmagan va o‘z vaqtida ikki marta mag‘lub ham etgan, ayniqsa, himoyada tartibli va xotirjam bo‘lgan suriyaliklarni shunday holatga tushirish, tabiiyki, ijobiy jihat.

Ammo o‘yinga bo‘lgan tayyorgarlik, ba’zi futbolchilarning sport formasi nuqtayi nazaridan istiqbolda qilinadigan ishlar ko‘p ekani kuzatilgani bor gap. Ayniqsa, birinchi bo‘limdagi o‘yin jamoaning pozitsion o‘yindagi kamchiliklarini ochib berdi va biroz umid beruvchi ikkinchi bo‘lim bo‘lmaganida, kayfiyat hozirgidan ancha rasvo bo‘lishi tabiiy edi.

1-BO‘LIM

Tanlangan tarkib u qadar syurpriz bo‘lmadi. Katanets doimgi 3-4-3 sxemasiga sodiq qoldi va maydondagi eng kutilmagan tanlov – Shomurodov o‘rnini O‘runov egallagani bo‘ldi. Oston markaziy hujumchi nuqtasida Eron bilan o‘yinda ham tez-tez paydo bo‘lgan va hatto gol ham urganini unutganimiz yo‘q. Ammo o‘sha o‘yinda Shomurodovning harakatlari tufayli «kutilmaganlik» faktori ishlaganini ham tan olish kerak. Suriya bilan o‘yinda esa O‘runovda markazda ikki himoyachiga qarshi o‘ynash xususiyati ham, tajribasi ham yetishmasligi ilk daqiqalardayoq sezildi.

Albatta, o‘zimni murabbiydan aqlliroq hisoblashdan yiroqman, bu yerda Masharipov va Erkinovga aslida biroz boshqacharoq vazifalar berilgani, ammo bu futbolchilar ishonchni oqlamaganiga ko‘proq ishongim keladi.

Quyidagi kadrlarga e’tibor bering:

Suriya to‘pni topshirib qo‘ydi va deyarli pressing qilmadi. Ushbu shartlarda o‘zbekistonliklarda aynan shu sxema va tarkibda pozitsion hujum ancha muammoli ekani ko‘rinib qoldi. Yuqoridagi suratda ba’zi lavhalar aks etgan va ishoning, butun bo‘lim davomida juda ko‘p marta shunday skrinshotlar olish mumkin edi.

Uch markaziy himoyachi bilan o‘ynalganda qanot futbolchilaridan katta taktik fikrlash va aqlli harakatlanish talab etiladi. Ya’ni Masharipov va Erkinov to‘psiz holatda tez-tez markazni to‘ldirishi, shu orqali ham hujum boshlovchilarda variantlar ko‘p bo‘lishini ta’minlash hamda qanot futbolchilariga ochiq zonalar paydo qilishi lozim. Bunday harakatlar kuzatilmagach, himoyachi va tayanch yarimhimoyachilari uzun paslarga yoki qanotdan mayda paslar orqali hujumni davom ettirishga majbur bo‘ldi. Agar qanotdagi futbolchilar bir-birini yaxshi tushunmasa yoki dribling yordamida jarima maydoniga kirib borish imkoniyati bo‘lmasa, qo‘limizda faqat qanotdan kross amalga oshirish qoladi. Lekin kimga?

Yuqoridagi suratga qarang. Aslida olamshumul ixtiro shart emas, shunchaki bir necha futbolchining to‘g‘ri harakatlanishi orqali Suriya himoyasini yorib o‘tish, hech bo‘lmasa qiyinchilik tug‘dirish mumkin. Shukurovda variantlar deyarli yo‘q – Masharipov va O‘runov doiraning ichiga kirib, Otabekka oson va samarali variant taklif qilish o‘rniga, kutishni afzal ko‘rishmoqda. Erkinov negadir vaziyatdan ancha uzoqda, hatto Hamrobekovda ham biroz oldinga harakatlanib, suriyaliklar sxemasini buzib yuborish imkoniyati bor, zero oldingi chiziqdagi raqib hujumchisi bilan himoyachilardan biri bemalol o‘ynashi mumkin.

Suriya aksariyat vaqtni to‘psiz va himoyada o‘tkazganiga qaramasdan, to‘psiz harakatlar yetarli bo‘lmagani bois, deyarli qiynalmadi, katta kuch ham talab qilinmadi ulardan. Suriyalik futbolchilar shunchaki, o‘z zonasi bo‘yicha tartibli harakatlanib, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymasligi yetarli edi va bu vazifani ular bexato va osonlik bilan uddalashdi.

Quyidagi kadrda O‘zbekiston jamoasining 1-bo‘limdagi yagona xavfli hujumi aks etgan. Qarang, aslida Suriya himoyada u qadar kuchli emasdi, avvalgi daqiqalardan farqli bo‘lgan birgina harakat, bir futbolchining noodatiy, aslida to‘g‘ri harakati juda yaxshi hujumga olib keldi.

Erkinovning chiziqlar orasida ochilishi natijasida raqib himoyasidagi zichlikka putur yetdi. Natijada o‘yinda birinchi marta qanot futbolchimiz (Alijonov) tezlikda ochiq zonaga kirib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hujum Sayfiyevning ancha qulay nuqtadan xato zarba berishi bilan yakunlandi.

ShOMURODOV

Eldor Shomurodovning jarohati o‘ylaganimizdan ham qimmatga tushishi mumkin ekan. U tarkibda nafaqat eng yaxshi futbolchi, balki o‘z harakatlari orqali, Katanets so‘nggi yillarda murojaat qilayotgan taktika va sxema ishlashi uchun ham o‘ta muhim figura bo‘lib chiqdi. 1-bo‘limdagi muammolar O‘runov aynan Shomurodov kabi harakat qila olmasligidan ham kelib chiqqanini ta’kidlash kerak. Eldor kerakli vaqtlarda to‘p uchun ortga qaytib, insaydlar uchun koridorlar ochishda ham, darvozaga teskari holatda to‘pni qabul qilib, uni saqlab turishda ham ancha samarali harakat qila oladi.

Qaysidir ma’noda Shomurodovning milliy jamoadagi rolini «Tottenhem»dagi Harri Keyn yoki «Real»dagi Benzemanikiga qiyoslash mumkin. Bu futbolchilar bilan jamoalari hujum chizig‘ida qo‘shimcha kreativ futbolchiga ehtiyoj sezmagan, «Tottenhem» Keyn ketganidan keyingina Meddisonni sotib oldi. Xullas, agar Eldor bo‘lganida, balki Masharipov va Erkinovdan ko‘proq va aqlliroq harakatlarni kutib o‘tirmasdik, aksincha, Shomurodov bilan birga o‘ynaganda ularda ham yaxshi imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin edi. Endi hujum chizig‘ida kim o‘ynashidan qat’i nazar, maydon markazida harakatchan va kreativ futbolchilar zarur bo‘ladi.

2-BO‘LIM

Ikkinchi bo‘limda Katanets kerakli o‘zgarishlarni qildi. Ko‘rsatmalar va Fayzullayevning faolligi evaziga endi biz markazni ham to‘ldira boshladik.

Raqib darvozasiga berilgan ilk aniq zarba ham aynan markaz orqali uyushtirilgan hujum va Abbosning faolligi yordamida amalga oshdi.

Quyidagi kadrga e’tibor bering. Shunchaki, Abbosning to‘g‘ri joylashuvi va Hamrobekovning biroz oldinga chiqishi natijasida bir qancha yaxshi variantlar vujudga kelmoqda. Birinchidan, Fayzullayevning o‘zi qulay joylashgan va keyin guvoh bo‘lganimizdek, Shukurov uchun unga aniq pas berish qiyin emas. Hamrobekov tufayli raqib himoyachilaridan biri uzatmaning oldini to‘liq to‘sa olmayapti, chap qanotimizda ham hujumni davom ettirish uchun variantlar bor.

SeRGeYeV

Shomurodovning o‘rniga O‘runovning tushishi bizni nafaqat Shomurodovdan, balki qanotda foydaliroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan O‘runovdan ham mahrum qildi. Yuqorida ham aytilganidek, Oston oyog‘ida to‘p bo‘lganida ko‘proq samara keltirishi mumkin. Bugungi jamoada esa, oldingi chiziqda to‘psiz ham harakatlana oladigan, raqib markaziy himoyachilarini doimiy bosimda ushlab turadigan va yuqoridan keluvchi to‘plar uchun kurashadigan, ya’ni hech bo‘lmasa, Shomurodovning yarmini ijro etib beradigan futbolchi zarur.

Igor Sergeyev gol ura olmadi, ammo o‘ziga berilgan qisqa vaqtda bu pozitsiyada foydaliroq bo‘lishi mumkinligini isbotladi, menimcha.

Birinchisi. Fayzullayevning yuqorida tilga olingan aniq zarbasi paytida Sergeyev darvozaga ters tomonga harakatlanishi orqali, to‘pga qarshi chiqayotgan himoyachini chalg‘itdi. Aynan Sergeyev bilan chalg‘igan himoyachi Abbosning yo‘lini to‘sishga ham kechikdi. 

Ikkinchisi. So‘nggi daqiqada Turg‘unboyev hisobni ochish imkoniyatiga ega bo‘lgan vaziyat. Bu yerda ham Abbos qanotdan to‘p bilan markazga kirib borayotgan paytda Sergeyev aksincha, jarima maydonidan ortga qaytib o‘zini taklif qildi va ikki himoyachi u bilan chalg‘ib qoldi. Tabiiyki, ichkaridan Turg‘unboyevning kirib borishini hech kim kutmagandi. Agar Aziz ushbu uzatma shu shaklda o‘tishini sezganida to‘pga darvozabondan oldin yetib borishi ham mumkin edi.

Bundan tashqari, raqib darvozasiga berilgan ikkinchi aniq zarba ham aynan Sergeyevga tegishli. Uning boshi bilan bergan zarbasi biroz kuchsiz chiqdi.

Menimcha, oldingi chiziqda bir qator tezkor yarimhimoyachilar bilan vaziyatlar yaratish uchun o‘zaro bog‘lamlar yaxshiroq ishlashi, har bir futbolchining aqlli va faol harakatlanishi talab etilishini inobatga olsak, Sergeyev bilan biroz soddaroq variantlar bo‘lishi kuchsizroq jamoalarga qarshi o‘yinda ham, balki kuchliroq raqiblar bilan qarshi hujumlarda ham foydaliroq bo‘ladi.

SAYFIYeV

O‘yin paytida va undan so‘ng eng ko‘p tanqidgga uchragan futbolchilardan biri ushbu chap qanot futbolchisi bo‘ldi. Shu bilan birga, o‘yindagi ikki eng xavfli vaziyat aynan Farrux Sayfiyev kerakli paytda kerakli zonaga chiqib borishi orqali sodir bo‘ldi. 1-bo‘limda umuman pozitsion hujum ishlamagani esa, uning Masharipov bilan o‘zaro tushunmovchiliklariga hamda ko‘p hollarda qiyin holatlarda to‘p qabul qilib olishga majbur bo‘lganiga olib keldi. 2-bo‘limda o‘ziga begona qanotda to‘p surgani tufayli aniq baho berish qiyin. Xullas, Sayfiyevning muvaffaqiyatsiz o‘yiniga konkret o‘yindagi ishlamagan taktika sababmi yoki futbolchi texnik jihatdan ham (ba’zi vaziyatlarda to‘p bilan oddiy harakatlarni ham amalga oshira olmadi) u o‘z sport formasidan uzoqmi, keyingi o‘yindan kelib chiqib baho bergan ma’qul. Zero, Katanets 3-4-3 sxemasini aynan Sayfiyev va Alijonovning individual ustunliklaridan kelib chiqib tanlaganini taxmin qilsak, bu ikki futbolchining ikkisidan ham ayrilib qolish muammolarni karrasiga ko‘paytirib yuboradi.

XULOSA

Umuman olganda, birinchi o‘yinning o‘zidan kelib chiqsak, markaziy himoyachilar (ayniqsa, Husanov) va 2-bo‘limda maydonga tushgan Fayzullayevdan boshqa hech kim o‘z ideal formasiga yaqin emasligi ko‘rinib qoldi. Bunga albatta, aksariyat futbolchilarda o‘yin amaliyoti borasida muammolar borligi ham sabab. Avvalgi musobaqalarda Abramov va Kuperda turnir oldidan uzoq muddatli yig‘inlar tashkil qilish va jamoani yaxshiroq tonusga olib kelish imkoniyati Katanetsdagiga nisbatan ko‘proq bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Shomurodovning jarohati shu paytgacha ishlab kelgan taktikaga o‘z ta’sirini o‘tkazdi va Katanets endi turnir davomida eng yaxshi ishlashi mumkin bo‘lgan bog‘lamlarni topishiga to‘g‘ri keladi. Bu holatda Hindiston biz uchun ideal raqib bo‘ladi, nazarimda.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid