Jahon | 00:15 / 16.01.2024
8005
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektori shimolida harbiy amaliyotning faol bosqichini yakunladi

G‘azo shimolida HAMAS harakatining barcha bo‘linmalari mag‘lubiyatga uchragani ta’kidlanmoqda.

Foto: The Times of Israel

Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori shimolida faol harbiy operatsiyalarini yakunladi, askarlar hududda HAMAS harakati qoldiqlarini yo‘q qilmoqda, dedi Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant. Bu haqda The Times of Israel yozdi.

Unga ko‘ra, sektor shimolida HAMAS harakatining barcha bo‘linmalari mag‘lub etilgan.

Yaqin orada sektor janubidagi Xon Yunis hududida ham harbiy operatsiyaning faol bosqichi tugaydi, deb qo‘shimcha qildi Gallant, aniq vaqtini aytmasdan. Bu hududda harbiylar HAMAS yetakchilarini ta’qib qilmoqda, shuningdek, Rafahdagi yerusti yo‘llarini kesib va yerosti tunnellarini yo‘q qilishga urinmoqda.

Gallant «siyosiy qat’iyatsizlik harbiy operatsiya muvaffaqiyatiga zarar yetkazishi mumkin» deb ogohlantirdi.

«G‘azo sektorining bo‘lajak hukumati shu hudud aholisidan tuzilishi kerak. G‘azoni falastinliklar boshqaradi. Harbiy kampaniyaning yakunlanishi siyosiy akt bilan ta’minlanishi kerak», deb qo‘shimcha qildi vazir.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid