Jamiyat | 09:45 / 16.01.2024
5729
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda elektr ta’minoti korxonasi elektromontyori tok urishi oqibatida vafot etdi

U sherigi bilan elektr ta’minoti uzilib qolgan joyda nosozlikni aniqlash uchun tekshiruv ishlarini o‘tkazayotganda yuqori kuchlanishli tok urgan.

Jizzax viloyati Baxmal tumanida elektromontyor ish jarayonida tok urib halok bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Hodisa 2024 yil 13 yanvar kuni Baxmal tumanida sodir bo‘lgan. Baxmal tumani, “O‘rmonchi” MFY, Uyluqma qishlog‘ida yashovchi 47 yoshli tuman ETK elektromontyori “Oyqor” QFY, Sartyuzi qishlog‘i hududida simyog‘ochga chiqqan vaqtida tok urib vafot etgan.

Olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruvda marhum Baxmal tumani ETKning “Oyqor” QFY hududiga mas’ul bo‘lgan va hodisa joyiga birga ishlovchi sherigi bilan borgani aniqlangan.

Ular 13 yanvar kuni “Oyqor” QFY hududida elektr ta’minoti uzilib qolgani uchun nosoz joyni aniqlash maqsadida tekshiruv ishlarini olib borayotgan bo‘lgan.

Marhum T.U. sudga oid tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazilib, uning o‘lim holati tananing elektr toki urishi va yonishi oqibatida yuzaga kelgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Mavzuga oid