Sport | 11:46 / 17.01.2024
26377
4 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» futbol klubi sotuvga qo‘yildi

«Paxtakor futbol klubi» MChJning 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarildi. Klubning yangi egasi akademiya va klub faoliyatini davom ettirishi kerak bo‘ladi.

“Paxtakor futbol klubi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Klubni sotib oluvchi xaridor keyinchalik quyidagi talablarga rioya qilishi kerak bo‘ladi:

  • futbol klubining faoliyatini saqlab qolish, rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqish;
  • futbol klubi balansidagi barcha sport obektlaridan, shu jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanish;
  • “Paxtakor” futbol klubi akademiyasi faoliyatini saqlab qolish va rivojlantirish.

Talabgorlarning arizalari 2024 yil 15 fevral kuni soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.

Toshkentning qoq markazidagi 24 gektarlik hudud

Foto: Wikipedia

Klubning eng qimmat aktivi – Toshkent shahri Shayxontohur tumani I.Karimov ko‘chasida joylashgan 24,1 gektarlik stadion.

Klubni xususiylashtirish haqida Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi tomonidan 2023 yil 27 dekabrda tegishli bayon qabul qilingan.

Uzoqqa bormagan xususiylashtirish

2017 yil avgust oyida “SFI Management Group” investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan “Paxtakor” FK MChJ ustav fondidagi 80 foiz ulushni sotib olgan edi. Klubning 20 foiz aksiyasi Toshkent shahar hokimligida qolgandi. O‘shanda SFI guruhi “Paxtakor”ga 5 yil davomida kamida 200 milliard so‘m sarmoya kiritib, tarixiy stadion o‘rnida yangi stadion qurishi e’lon qilingandi. 2019 yilda “Paxtakor” stadioni buzish va o‘rnida yangi stadion qurish uchun yopildi.

“Paxtakor” stadioni qayta qurishdan keyin shunday ko‘rinishda bo‘lishi aytilgandi.

Biroq 2021 yil fevral oyida SFI guruhi “O‘zmetkombinat”, OKMK va “O‘zikkilamchiranglimetall” kompaniyalaridagi ishonchli boshqaruvini to‘xtatgach, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, kompaniya qo‘lidagi “Paxtakor” klubi ham to‘liq Toshkent shahar hokimligiga qaytdi.

“Paxtakor” va “Bunyodkor” futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari Toshkent shahar hokimligiga, yana 11ta klubning ulushi davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga o‘tkazilishi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 apreldagi qarorida nazarda tutilgandi.

SFI guruhi, milliarder Alisher Usmonov Forbes nashriga bergan intervyusida aytishi bo‘yicha, milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Qobil Shodiyevning oilasiga tegishli.

“Bizning “Metalloinvest” kompaniyamiz uning kompaniyasi bilan ishlaydi. Yaqinda SFI “Paxtakor” FKning 80 foizini sotib oldi. Biz bu jamoaga ishqibozlik qilamiz. Prezident ham bu klubning muxlisi”, degandi u nashrga bergan intervyusida.

“Paxtakor” futbol klubi haqida

“Paxtakor” futbol klubi 1956 yil Toshkent shahrida tashkil etilgan. O‘zbekistonning eng sovrindor jamoasi. 15 bor O‘zbekiston chempionati va 13 marta O‘zbekiston kubogida g‘alaba qozongan.

Klubga qarashli “Paxtakor” stadioni 1956 yilda qurilgan, bugungi kungacha ikki marta – 1996 va 2008 yillarda rekonstruksiya qilingan. Avvaliga stadion sig‘imi 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, 2008 yilgi rekonstruksiyadan so‘ng alohida o‘rindiqlar o‘rnatilgach, stadion sig‘imi 34 mingga qisqargan.

Mavzuga oid