16:03 / 19.01.2024
14835

Davos-2024: Dunyo yetakchilari nimalar haqida gapirdi?

Dunyo siyosatchilari va faollari yana Davosga yig‘ildi. Emmanuel Makron Yevropa uchun strategik iqtisodiy reja ishlab chiqishga chaqirdi. Xaviyer Miley kambag‘allikka qarshi kurashish uchun sotsializmni rad etish kerakliga urg‘u berdi. Zelenskiy RFning 300 mlrd dollarlik aktivlariga ko‘z tikmoqda. Fon der Lyayyen YeI Vengriyaning rozilisiz ham Ukrainaga 50 mlrd yevro bera olishiga sha’ma qildi.

Foto: World Economic Forum

1971 yildan beri Shveytsariyaning Davos shahrida har yili an’anaviy ravishda Jahon iqtisodiy forumi o‘tkazib kelinadi. Unda dunyo mamlakatlaridan ekspertlar, ishbilarmon doira vakillari, hukumat rahbarlari qatnashib, bugungi kundagi global muammolarga birgalikda yechim topishga urinadi. Maqsad – dunyodagi ahvolni yaxshilash.

15-19 yanvar kunlari forumning 54-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Uning dastlabki kunlarida Ukrainadagi urush fonidagi geosiyosiy vaziyat, iqlim inqirozi, savdo urushi kabi masalalar ko‘proq muhokama qilindi.

Fransiya va Yevropa kelajagi uchun strategik iqtisodiy reja kerak” — Emmanuel Makron

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ta’kidlashicha, Fransiya va Yevropa kelajagi uchun iqtisodiy islohotlar, ekologik barqarorlik va Yevropa suverenitetini mustahkamlashga e’tibor qaratish lozim.

Makron strategiyasining asosiy jihati – butun qit’ada integratsiyalashgan moliyaviy tizimlarni kuchaytirish uchun Yevropa kapital bozorlari ittifoqini chuqurlashtirishni o‘z ichiga oladi.

U ko‘proq Yevropa davlat investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlab, yevroobligatsiyalarni ustuvor sohalarga yo‘naltirish imkoniyatini taklif qildi.

“Bizning qit’amizda juda ko‘p jamg‘armalar bor, lekin bu jamg‘armalar to‘g‘ri joylarga, to‘g‘ri sektorlarga aylanmayapti. Biz oldinga siljishimiz kerak”, dedi Makron.

Shuningdek, Fransiya prezidenti innovatsiyalarni rivojlantirish va ekologik kun tartibiga amal qilishga chaqirdi.

“Agar biz barqaror rivojlanishni xohlasak, iqlimga va sun’iy intellektga ko‘proq sarmoya kiritishimiz kerak”, dedi u.

G‘arb dunyosi xavf ostida” — Xaviyer Miley

Foto: Reuters

 

Argentina prezidenti Xaviyer Miley biznes egalari va siyosiy rahbarlarni sotsializmni rad etishga va erkin tadbirkorlik qoidalarini qabul qilishga chaqirdi.

“Bugun men G‘arb dunyosi xavf ostida ekanligini aytish uchun keldim. Chunki G‘arb qadriyatlarini himoya qilayotganlarning qarashlari sotsializm va qashshoqlikka olib keladigan g‘oyalar bilan birlashgan”, dedi Miley.

Uning aytishicha, G‘arb yetakchilari erkin tadbirkorlikni cheklash va davlat aralashuvini kuchaytirish xavfini tushunish uchun birgina Argentina tarixiga qarashlari kerak.

“Bir asr oldin Argentina qishloq xo‘jaligi tarmog‘i tufayli dunyoning eng boy davlatlaridan biri edi. Bugungi kunda esa, katta litiy va tabiiy gaz zaxiralariga, soya, bug‘doy va makkajo‘xori yetishtirish uchun unumdor yerlarga ega bo‘lishimizga qaramay, aholining 40 foizdan ortig‘i qashshoqlikda yashayapti. So‘nggi 100 yil ichida biz kollektivizmni qabul qilganimizda, fuqarolarimiz qanday qilib izchil ravishda qashshoqlasha boshlaganini ko‘rdik. Erkin biznes kapitalizmisiz dunyo hech qachon yaxshiroq bo‘lmaydi”, dedi Argentina prezidenti.

Muzlatilgan Rossiya aktivlari Ukrainani tiklash uchun ishlatilishi kerak” — Volodimir Zelenskiy

Foto: Denis Balibouse/Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z nutqi avvalida Ukrainada keng ko‘lamli urush qariyb ikki yildan beri davom etayotgani, Qrim anneksiya qilinganiga esa qariyb 10 yil bo‘lganini eslatdi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya boshqa davlatlar hayotiga ham aralashmoqda, masalan, 13 yildan beri davom etayotgan Suriya urushiga.

“Aslida, bir kishi kamida 13 yillik tinchlikni o‘g‘irlab, ularni butun dunyoga ta’sir qiladigan og‘riq va inqirozlar bilan almashtirdi”, dedi Zelenskiy. U Putinni urush timsoli bo‘lgan odam deb atadi.

“Putin nima istayotgani, nima qilayotgani va maqsadlari nima ekani haqida ochiq gapiradi. Urushning davomiyligi haqidagi savolga “bu urush doimiy, uning oxiri yo‘q”, deb javob beradi. U shuni xohlaydi… U boshqalarga azob-uqubat keltiradigan mojarolardan zavqlanadi. Uning tinchlik takliflariga javobi Shimoliy Koreya va Erondan tobora ko‘proq qurol yetkazib berilishi bo‘ldi. Unga o‘xshagan rejimlar urush bilan yashaydi”, dedi Zelenskiy.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil Ukrainadagi urushda hal qiluvchi bo‘lishi kerak, ammo mojaroni muzlatish yechim bo‘lmaydi.

“Eslatib o‘taman, 2014 yildan keyin Donbassda urushni muzlatishga urinishlar bo‘lgan edi. Bu jarayonning o‘ta nufuzli kafillari – Germaniyaning o‘sha paytdagi kansleri, Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti bor edi. Ammo Putin – muzlatilgan ovqatdan qoniqmaydigan yirtqich. Biz esa o‘zimizni, farzandlarimizni, uylarimizni, hayotimizni himoya qilishimiz kerak... Va biz tajovuzni mag‘lub etish mumkin degan g‘oyani normallashtiramiz – hatto o‘n yil va undan ko‘proq vaqt davom etayotgan Putinning tajovuzkorligini”, dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti muzlatilgan Rossiya aktivlarining bir qismini Ukrainani qayta tiklash uchun sarflashga chaqirdi.

“Agar bizda Rossiyaning 300 mlrd dollarlik aktivlari bo‘lsa, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya raketalari tomonidan vayron qilingan narsalarni tiklash uchun ishlatishimiz kerak... Nima uchun sizning jamiyatingiz bizda 300 mlrd bo‘la turib, qanday yordam berish haqida o‘ylashi kerak?”

Yevropa Ittifoqi, Vengriya bilan yoki Vengriyasiz, Ukraina uchun 50 mlrd yevro ajratadi” — Ursula fon der Lyayyen

Foto: GLOBAL LOOK PRESS

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Vengriya Ukrainaga ajratiladigan yordam paketiga veto qo‘yishda davom etsa, Budapesht ishtirokisiz ham bu paket tasdiqlanishi mumkinligini istisno etmadi.

“Menimcha, Ukraina uchun to‘rt yil davomida 50 milliard yevro ajratish uchun Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zo davlati bilan kelisha olamiz. Ustuvor vazifamiz 27 mamlakat tomonidan kelishuvga erishishdir. Agar buning iloji bo‘lmasa, biz 26 kishilik kelishuvga ham tayyormiz”, dedi Yevrokomissiya rahbari.

Putin g‘alaba qozonsa, barcha qo‘shni davlatlar xavf ostida qoladi” — Robert Xabek

Foto: FBM.ru

Germaniya vitse-kansleri va iqtisodiyot vaziri Robert Xabek yangi urushlar xavfi ortib borayotganiga e’tibor qaratdi.

“Global hamjamiyat sifatida hamkorlikka muhtojmiz: ko‘proq hamkorlik, ko‘proq ishonch, ko‘p tomonlama institutlarni qayta qurish lozim. Eng yomoni, har kim faqat o‘z maqsadini ko‘zlab, o‘z ovqatini o‘zi pishirishni boshlasa, alohida davlatlarga bo‘linish kuchayadi va chegaralarni mustahkamlashga urg‘u berila boshlanadi.

Bu boshqa birovning kartoshka va sabzisini o‘g‘irlash mumkin degan fikrni keltirib chiqaradi. Natijada o‘tgan asrdagi kabi urushlar, to‘qnashuvlar bo‘ladi. Bu shunchaki dahshatli. Putin bu konfliktda muvaffaqiyat qozonmasligi kerak. Aks holda, keyingi bir necha yil ichida barcha qo‘shni davlatlar xavf ostida qoladi”, dedi Xabek.

Top