Jahon | 13:18 / 21.01.2024
55012
12 daqiqa o‘qiladi

“Shaytanat olami” - Qozondagi “Hadi Taqtash” jinoiy guruhi qanday yo‘q qilingandi?

So‘nggi paytlarda Rossiyada suratga olingan “Slova patsana” seriali ko‘pchilikning og‘ziga tushdi. Serialda 1980-yillarda Qozon shahrida faoliyat yuritgan jinoiy guruhlar haqida hikoya qilinadi. O‘sha paytda ular orasida eng mashhuri “Hadi Taqtash” jinoiy guruhi bo‘lgan. “Slova patsana” seriali shu guruhning sobiq a’zosi tomonidan yozilgan asar asosida suratga olingan.

1993 yil sentabrda Qozon shahrida yashovchi uch nafar shaxs Ilsur Valeyev, Rustem Bareyev va Vladimir Didenko ish yuzasidan Moskva shahriga boradi va bedarak yo‘qoladi.

Ko‘p o‘tmay ularni qidirib Qozondan Aleksandr Kabalnov, Bulat Kuvakov va Sergey Aksanov ham Moskvaga boradi. Biroq bu uchovlon ham daraksiz ketadi.

1994 yil yanvar oyida Moskva yaqinidagi Chermyanka daryosi kollektorini tozalash paytida ikkita jasad topiladi. Ekspertiza jasadlar Aleksandr Kabalnov, Bulat Kuvakovga tegishli ekanini ma’lum qiladi.

Shundan so‘ng Moskva militsiyasi Qozondan kelib Moskvada yo‘qolgan olti nafar shaxsning barchasi o‘ldirib yuborilganini taxmin qiladi. Qolgan to‘rt kishining jasadi keyin ham topilmaydi.

Sovetlar davrida mamlakatda jinoyatchilik avj olgani, giyohvand moddalar iste’mol qilish va yashirincha fohishabozliklar urchigani yashirilardi. Bu salbiy illatlar ayniqsa SSSRning Yevropa qismidagi shaharlarda avj olgandi.

Odamlarga “SSSRda odamlar baxtli va farovon yashayapti, giyohvandlik, jinoyatchilik umuman yo‘q” deb uqtirilardi. Masalan, 1980-yillar boshida jinoiy guruhlardan biri ko‘plab urush faxriylarini o‘ldirib, qimmatbaho orden va medallarini olib ketganda bu ish ham ommadan yashiriladi.

Yoki Chingiz Aytmatovning 1980-yil o‘rtalarida chop etilgan “Qiyomat” romanini eslaylik. Asar qahramoni viloyatdagi bosh gazetada muxbir bo‘lib ishlaydi va Qozog‘iston cho‘llarida o‘sib turgan yovvoyi nasha SSSRning turli hududlariga qanday tarqatilayotgani haqida maqola qilmoqchi bo‘ladi.

Yigitni Qozog‘istonga yuborgan gazeta bosh muharriri u yozib borgan maqolani chop etishni xohlamaydi. Chunki o‘sha paytlarda SSSRda giyohvandlik avj olayotgani va yoshlar orasida nashavandlar ko‘payib borayotgani zo‘r berib yashirilardi.

Oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek kun kelib SSSRda ommadan yashirilgan barcha ishlar oshkor bo‘ldi. Shu jumladan, 1980-yillarda SSSRda tuzilgan jinoiy guruhlar faoliyati ham.

"Hadi Taqtash" guruhi a’zolari, 1980-yillar

Moskvada bedarak yo‘qolganlarga kelsak, ko‘p o‘tmay, o‘ldirilgan deb taxmin qilingan olti nafar qozonlik Tataristonda ancha ommalashgan “Hadi Taqtash” (ruschada “Xadi Taktash”) deb nomlangan jinoiy guruh a’zolari ekani oydinlashadi.

“Hadi Taqtash” SSSR davridagi eng mashhur va ayovsiz tarzda ishlagan jinoiy guruh bo‘lgan. Bu guruh nafaqat boshqa guruhlar bilan “jang” olib borgan, balki “Hadi Taqtash”ning ichida ham doimo kelishmovchiliklar bo‘lib turgan.

Yaqinda Rossiyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Slova patsana” seriali ancha muhokamalarga sabab bo‘ldi. Serial Robert Garayevning “Yigit so‘zi. 1970–2010-yillarda Tataristondagi jinoyatlar” kitobi asosida suratga olingan.

Kitob muallifi ham bir paytlar “Hadi Taqtash” guruhi a’zosi bo‘lgan. Bu guruhning so‘nggi a’zolari 2010-yillardan so‘ng jazoga tortilgan.

"Hadi To‘qtash" guruhining sobiq a’zosi Robert Garayev

“Hadi Taqtash” jinoiy guruhi haqida

“Hadi Taqtash” jinoiy guruhi 1980-yillar boshida Qozon shahrida tashkil etilgan. Guruhga bunday deb nom qo‘yilishiga sabab, uni ilk bor shaharning Hadi Taqtash ko‘chasida yashovchi o‘smirlar tuzgandi.

Ma’lumot uchun, Hadi Taqtash taniqli tatar shoiri Muhammethadi Xayrulla o‘g‘li Taqtashevning taxallusi bo‘lgan. Ushbu shoir 1920–30-yillarda faoliyat ko‘rsatgan. Hadi Taqtash 1915-1919 va 1921–1922-yillarda Buxoro va Toshkent shaharlarida ham yashagan. 1918 yilda uning “Turkiston sahrolarida” deb nomlangan birinchi she’ri “Ulug‘ Turkiston” gazetasida chop etilgan. Shoir 1931 yilda Qozonda kasallik tufayli olamdan o‘tgan.

Guruhni o‘smir yoshdagi yigitlar tuzgan, avvaliga boshqa ko‘cha va mavzelardagi bolalar bilan janjallashib yurishgan. O‘sha paytda Qozonda bunday guruhlar juda ko‘p bo‘lib, o‘smirlar o‘z guruhlariga yashayotgan ko‘chalari yoki mavzelarining nomini qo‘yishardi.

Bir so‘z bilan aytganda, SSSRda ommaviy tarzda jinoiy to‘dalarning tashkil etilishi ilk marta Qozonda boshlangan. So‘ng mamlakatning boshqa shaharlariga ko‘chgan. Ko‘p o‘tmay bezori to‘dalar uyushgan jinoiy guruhlarga aylangan.

Qozon shahrida tashkil etilgan boshqa bir jinoiy guruh "Tyap-Lyap" a’zolari

1980-yillarning ikkinchi yarmiga kelib guruh a’zolari ulg‘ayadi. Shu paytlarda guruh kengayadi va unga ko‘plab yangi a’zolar qabul qilinadi.

1986 yilda sovet militsiyasi Qozondagi jinoiy guruhlarni to‘liq ro‘yxatga olganda ularning soni 50 dan oshiqligi va 3,5 mingdan oshiq a’zolari borligi ma’lum bo‘lgan. Ayrim gazetalar va komsomol tashkilotlari jinoiy guruhlar soni 65-100 ta atrofida ekanini yozgan.

“Slova patsana” kitobi muallifi Robert Nareyev 1980-yillarda Qozonda 150 ga yaqin jinoiy guruhlar borligini ma’lum qilgan. Aytgancha, Gareyevning o‘zi ham bir paytlar Qozondagi jinoiy guruhlardan birining a’zosi bo‘lgan.

SSSR parchalanishga yaqinlashar ekan, 1980-yillar ikkinchi yarmidan boshlab sovet ittifoqidagi vaziyat og‘irlasha boshlaydi. Mamlakatda iqtisodiy inqiroz kuchaygani sari jinoyat olami kuchayib boradi.

1991 yilda SSSR parchalanib ketgach vaziyat butkul izdan chiqadi. Endi turli jinoiy guruhlar yakkahokimlik uchun avvaliga o‘z hamshaharlarini ayovsiz mahv etishadi. So‘ng shaharlararo janglar bo‘ladi.

Oqibatda Rossiyadagi jinoiy guruhlarning eng zo‘rlari Moskvada joylashadi. Hududlardagilar ularga bo‘ysunadi. O‘z navbatida hududlardagi guruhlar boshqa kichik guruhlar ustidan o‘z hukmini yurg‘izadi. Jinoyat olami shu tariqa o‘z saltanatini tashkil etadi.

O‘sha paytda “Hadi Taqtash” jinoiy guruhi “eskilar” va “yangilar”dan iborat edi. “Eskilar” safiga 1980-yillar boshida guruhni tashkil etganlar kirsa, 1990 yil atrofida guruhga qabul qilingan yoshlar “yangilar” edi.

"Hadi Taqtash" jinoiy guruhining ayrim a’zolari, 1990-yillar

1990-yillar boshlarida “yangilar” “eskilar”ga bo‘ysunmasliklarini e’lon qiladi, “Hadi Taqtash” jinoiy guruhi ikkiga bo‘linib qoladi. So‘ng ular o‘rtasida keskin raqobat boshlanadi.

O‘sha paytda eskilarga “Rafa” laqabli Rauf Sharafutdinov, yangilarga esa Anvar Xalilulin boshchilik qilgan. Yangilar Gorbachyov boshlagan iqtisodiy islohotlar tufayli turli korxonalarni egallay boshlaydi va biznes bilan aktiv shug‘ullanadi. Eskilar esa chorasiz qoladi.

1992 yil 4 noyabrda yangilar lideri Anvar Xalilulin otib o‘ldiriladi. Guruh a’zolari ham qarab turmaydi va 1993 yil yanvarda eskilar rahbari Rauf Sharafutdinovni Moskvada o‘ldirib ketishadi.

Bundan tashqari, eskilarning yana olti nafar a’zosi Moskvada izsiz g‘oyib bo‘ladi. Keyinroq ularning ikki nafari jasadi daryodan topiladi, qolgan to‘rt nafari bedarak ketadi. Ularning barchasi eskilardan bo‘lib, yangilar tomonidan o‘ldirilgandi.

Shu tariqa, yangilar hukmronlikni o‘z qo‘llariga oladi. Nikolay Gusev guruh rahbari bo‘ladi va o‘ziga “Radja” laqabli Radik Galiakberovni o‘rinbosar qilib tayinlaydi. Ko‘p o‘tmay Gusev Ispaniyaga ko‘chib ketadi va guruh rahbarligi Radikka qoladi.

"Keyinchalik "Hadi Taqtash" jinoiy guruhiga boshchilik qilgan Radik Galiakberovni "tatar Don Karleoni" deb ham atashgan

Radik eng birinchi ishni guruhdagi qolgan-qutgan eskilarni yo‘qotishdan boshlaydi. So‘ng birin-ketin Qozondagi barcha tashkilotlar nazoratga olinadi. “Haq to‘laydiganlar” orasida ikkita qabriston ham bor edi.

Garchi guruhda yakkahokimlik o‘rnatilishi uncha uzoq davom etmaydi. Ko‘p o‘tmay “Hadi Taqtash” a’zolari uch guruhga bo‘linadi va bir-birini qirishda davom etadi.

Masalan, 1995 yilda guruhning aktiv a’zolaridan biri Eduard Xayrullin o‘ldirib ketiladi. Oradan yillar o‘tib, 2016 yilda uni o‘sha paytda guruhning boshqa bir a’zosi “Forik” laqabli Farit Munipov o‘ldirgani oshkor bo‘ladi.

Guruhning tugatilishi

Guruh uchga bo‘lingandan so‘ng odam o‘ldirish jinoyati keskin ko‘payadi. Oxir-oqibat rossiya huquqni himoya qilish organlari “Hadi Taqtash” jinoiy guruhini yo‘q qilishga qaror qiladi.

1999 yilda “Hadi Taqtash”ning uchta guruhi rahbarlari va boshqa a’zolari oldinma-keyin hibsga olinadi. Jumladan guruhning aosiy rahbari Radik Galiakberov, unga bo‘ysunmay kelayotgan “Marsik” laqabli Mars Gizatullin ushlanadi. Rais Galikeyevga qidiruv e’lon qilinadi.

Ko‘p o‘tmay Qozondagi yana jinoiy guruh rahbari o‘ldiriladi. Qotilni ushlashganda u “Hadi Taqtash” a’zosi bo‘lib chiqadi va qotillikni Radik buyurganini aytadi.

"Hadi Taqtash"ning keyinchalik o‘ldirib ketilgan a’zosi Mars Gizatullin, 1990-yillar oxiri

1999 yil oxirigacha “Hadi Taqtash”ning asosiy figuralari bo‘lgan Galiakberov, Sichyov, Grebennikov, Sitnov va boshqalar qamoqda edi. Hibsdan ozod qilingan Mars Gizatullin 2000 yilda o‘ldirilgandi.

“Hadi Taqtash” a’zolari tergov qilinar ekan, guruhning ochiqlikdagi a’zolari Tatariston hukumatiga ultimatum qo‘yadi: Radik Galiakberov ozod qilinishi kerak, aks holda respublika rahbari Mintimer Shaymiyevga suiqasd uyushtiriladi.

Tergov tugagandan so‘ng “Hadi Taqtash” a’zolariga tegishli jinoyat ishlari Tatariston oliy sudida ko‘rila boshlanadi va jarayon bir yil ketadi.

2002 yil yanvarda sud hukmi e’lon qilinadi. Unga ko‘ra:

  • Radik Galiakberov va Faxrutdinov – umrbod qamoq jazosiga;
  • Grebennikov va Sichyov – 24 yilga;
  • Zaynutdinov va Sitnov – 22 yilga;
  • Shirokov – 15 yilga;
  • Lonshchakov – 12 yilga;
  • Hakimov – 8 yilga;
  • Komlev – 7 yilga;
  • Valiullin – 6 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

Sud hukmi e’lon qilingandan so‘ng barcha jinoyatchilar apellyatsiya berishadi. Ular pul va kuch evaziga ozod bo‘lamiz deb o‘ylashadi. Hatto Radik o‘zini sud zalidan ozod qilishlarini aytib maqtanishga ham ulguradi.

"Hadi Taqtash" jinoiy guruhining asosiy a’zaolari hozir o‘z jazo muddatlarini o‘tamoqda

Biroq 2003 yil 4 fevral kuni o‘tkazilgan apellyatsiya sudida barcha hukmlar o‘zgarishsiz qoldiriladi. Shundan so‘ng barcha sudlanuvchilar turli qamoqxonalarga yuboriladi. Raik Galiakberov va Rinat Faxrutdinov Orenburgda joylashgan “Qora delfin” nomli koloniyaga yuboriladi.

Jinoyatchilar keyin ham yana bir necha bor apellyatsiya berishadi, biroq hukmlar o‘zgartirishsiz qoldiriladi. Shu tariqa “Hadi Taqtash” guruhi yo‘q qilinadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid