Jahon | 12:24 / 23.01.2024
9391
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Britaniya husiychilarga yangi zarbalar yo‘lladi

Bu yanvar oyi davomida Yaman bo‘ylab yo‘llangan sakkizinchi zarbalar seriyasi bo‘ldi.

Foto: EPA

Pentagon AQSh va Buyuk Britaniya kuchlari Yamandagi sakkiz nishon bo‘ylab qo‘shma zarbalarning navbatdagi seriyasini amalga oshirgani haqida xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, zarbalar yerosti omboriga, shuningdek husiychilarning «raketa va razvedka salohiyati»ni yo‘q qilish maqsadida yo‘llangan.

Yamandagi nashrlar poytaxt Sano va mamlakatning boshqa hududlari hujumga uchraganini ma’lum qilgan.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiychilar Qizil dengiz orqali o‘tuvchi muhim savdo yo‘nalishidagi Isroilga aloqador kemalar bo‘ylab hujumlar uyushtirmoqda.

«Bizning maqsadimiz hamon keskinlikni yumshatish va Qizil dengizda barqarorlikni tiklash, ammo husiychilar rahbariyatini yana bir bor ogohlantiramiz: biz dunyodagi eng muhim suv yo‘llaridan birida odamlar hayoti va erkin savdoni himoya qilishda ikkilanmaymiz», – deyiladi Pentagon bayonotida.

Bu AQShning Yamandagi nishonlar bo‘ylab sakkizinchi zarbasi, shundan ikkita amaliyot Buyuk Britaniya kuchlari bilan birgalikda o‘tkazilgan.

Zarbalar yo‘llashda Amerikaning USS Eisenhower aviatashuvchisidan havoga ko‘tarilgan qiruvchi samolyotlar ishtirok etgan. Ularga Qo‘shma qirollikning harbiy-havo kuchlariga mansub to‘rtta Typhoon qiruvchisi qo‘shilgan.

«Buyuk Britaniyaning standart amaliyotiga muvofiq, zarbalar berishni rejalashtirishda tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lish xavfini minimallashtirish uchun juda diqqat bilan tahlil o‘tkazildi va bunday risklarni kamaytirish maqsadida samolyotlarimiz oldingi zarbalarda bo‘lgani kabi tunda bombardimon qildi», – deyiladi vazirlik xabarida.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi alohida bayonotida aytilishicha, zarbalar nishoni «raketa komplekslari va uchirish qurilmalari, havo hujumidan mudofaa tizimlari, radarlar hamda chuqur ko‘milgan qurol omborlari» bo‘lgan.

Amerikalik yuqori martabali harbiy zarbalar yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilarning kombinatsiyasidan foydalangan holda berilganini aytgan.

Yamandagi Saba axborot agentligi xabariga ko‘ra, zarbalar poytaxt Sano va mamlakatning boshqa bir qancha hududlari bo‘ylab yo‘llangan, Al-Masirah telekanali esa husiylar nazoratidagi poytaxtdan shimolda joylashgan Al-Daylami harbiy bazasi ham zarba nishoni bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid