Jahon | 14:22 / 24.01.2024
4329
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada yerusti yadroviy portlashning yangi simulyatori patentlandi

Qurilma yadroviy portlashning vizual belgilarini ko‘rsatib beradi: zarba effekti, yorug‘lik chaqnashi va qo‘ziqorin shaklidagi chang buluti.

Foto: McPHOTO/M. Gann/picture alliance

Rossiyada qo‘shinlarni yadro qurolidan foydalanish sharoitida jangovar harakatlarga tayyorlash uchun qo‘llanadigan yerusti yadroviy portlashining yangi simulyatori patentlandi. Bu haqda 23 yanvar, seshanba kuni patent tavsifiga tayanib, TASS agentligi xabar berdi.

Ishlanma armiya generali A.V.Xrulev nomidagi harbiy logistika va texnik ta’minot akademiyasi olimlari tomonidan patentlangan. Aslida, gap kichikroq miqyosda yadroviy portlashni simulyatsiya qiladigan bomba haqida boryapti. «Foydali modelning maqsadi vizual xususiyatlarning aniq simulyatsiyasini ta’minlashdir - zarba effekti, yorug‘lik chaqnashi va yerdagi yadro portlashining qo‘ziqorin shaklidagi chang buluti», deyiladi qurilma tavsifida.

TASS qayd etishicha, ixtiro boshqa narsalar qatori radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik razvedka bo‘linmalarining mashqlari va amaliy mashg‘ulotlarida parametrlarni va yadro portlashi episentrini aniqlashda qo‘llanadi.

Bu - noyob ixtiro emas. Olimlarning fikricha, Rossiya armiyasi avvalroq IU-59 yadroviy portlash simulyatoridan foydalangan, biroq u «eskirgan» va endi ishlab chiqarilmayapti. Yana bir analog - ishlab chiqarishdan olingan IAB-500 imitatsion aviabombasi, u, olimlar fikriga ko‘ra, radiatsiya, kimyoviy va biologik razvedka bo‘linmalarining mashqlari uchun mos emas.

IISS: Ukrainadagi urush Rossiya yadroviy doktrinasini yanada tajovuzkor qildi 

Moskva tomonidan Ukrainada boshlangan urush fonida, vaqti-vaqti bilan Rossiya hukumatining barcha darajalarida yadroviy tahdidlar yoki yadroviy quroldan foydalanish ehtimoli haqidagi bayonotlar yangramoqda. Bir kun oldin Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) hisobot e’lon qildi, unda Ukrainadagi urush Rossiya rahbariyatining oddiy qurollarga bo‘lgan ishonchini susaytirgani va kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroda NATOni to‘xtatish va mag‘lub etish vositasi sifatida strategik bo‘lmagan yadro qurollarining (SBYaQ) Moskva uchun ahamiyatini oshirgani aytiladi.  

Rossiya tajovuzkor yadroviy doktrinasi mamlakat rahbariyatining g‘arb davlatlarida yadro qurolini qo‘llash istagi va qurbonlar ko‘lamini qabul qilish qobiliyati yetishmaydi, degan qarashlariga sabab bo‘lmoqda, deb yozadi hisobot mualliflari.

IISS tahlilchilarining fikriga ko‘ra, Rossiya SBYaQdan mojaroning nazorat ostida keskinlashuvi uchun yoki AQSh va NATOning mojaroga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoxud «ruscha shartlar asosida urushni tugatishga majbur qilish» uchun foydalanishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid