Jahon | 13:55 / 26.01.2024
2553
3 daqiqa o‘qiladi

DOXA nashri Rossiyada «nomaqbul tashkilot» sifatida tan olindi

Rossiya Federatsiyasi bosh prokuraturasi davlat dumasi Rossiya ichki ishlariga xorijiy davlatlar aralashuvini tekshirish bo‘yicha komissiyasining DOXA nashrini «nomaqbul tashkilot» deb tan olish haqidagi so‘rovini qanoatlantirdi.

Foto: RIA Novosti

DOXA nashri Rossiya Federatsiyasi bosh prokuraturasi tomonidan «nomaqbul tashkilot» deb tan olindi. Bu haqda 25 yanvar, payshanba kuni davlat dumasining Rossiya Federatsiyasi ichki ishlariga xorijiy davlatlarning aralashuvini tekshirish bo‘yicha komissiyasi raisi Vasiliy Piskarev ma’lum qildi.

«Rossiya Federatsiyasi bosh prokuraturasi bizning murojaatimizni qo‘llab-quvvatladi va Chexiya Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan talabalar nashri sifatida niqoblangan ochiq dushman Mnenie media z.s. (DOXA) tashkilotining faoliyatini Rossiya hududida nomaqbul deb topdi», — deyiladi komissiya Telegram-kanalida.

Piskarev ta’kidlaganidek, nashrning axborot resurslarida «harbiy komissarliklar, politsiya bo‘limlari va harbiy texnikaga o‘t qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar, rossiyalik harbiy xizmatchilarni Ukraina qurolli kuchlariga taslim bo‘lishga chaqirishlar, huquqni muhofaza qilish organlariga qarshilik ko‘rsatish va universitetlarni egallab olish to‘g‘risidagi materiallar mavjud».

Rossiya Federatsiyasida «nomaqbul» deb tan olingan tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlar yoki Rossiya qonunchiligiga muvofiq ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun javobgarlik 5 yilgacha qamoq jazosini tashkil etadi.

DOXA muharrirlarini ta’qib qilish

DOXA muharrirlarini ta’qib qilish 2021 yil aprel oyida boshlangan. Sobiq bosh muharrir Armen Aramyan, shuningdek, sobiq muharrirlar Alla Gutnikova, Vladimir Metelkin va Natalya Tishkevichga nisbatan voyaga yetmaganlarni noqonuniy harakatlarga jalb qilishda ayblovi bo‘yicha (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 151.2-moddasi) ish qo‘zg‘atilgan. Bunga jurnalistlar siyosatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi mitinglarda qatnashgani uchun talabalarning ta’qib qilinishini qoralagan videolavha sabab bo‘ldi.

2022 yil 12 aprelda Moskvaning Dorogomilov tuman sudi to‘rt muharrirni ikki yillik axloq tuzatish ishlariga hukm qildi. Bundan tashqari, ularga uch yil davomida internetdagi veb-saytlarni boshqarish taqiqlangan.

2022 yilning avgustida Aramyan, keyin Tishkevich va Gutnikova Rossiyani tark etganini e’lon qildi. O‘sha yilning sentabr oyida Rossiya ichki ishlar vazirligi Gutnikova, Metelkin va Tishkevichni federal qidiruvga berdi. Keyinchalik DOXA xabar qilganidek, Gutnikova «Berlinda xavfsiz yashamoqda».

2023 yil fevralida Moskvaning Dorogomilov tuman sudi sobiq DOXA muharriri Alla Gutnikovaga nisbatan jazoni kuchaytirib, uni ikki oyga umumiy rejimli koloniyaga hukm qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid