O‘zbekiston | 13:51 / 26.01.2024
3792
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar O‘zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qiladi

Qatarning tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan yirik kompaniyasi O‘zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida investitsiyalar, sanoat va savdo, sog‘liqni saqlash vazirliklari, tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Qatarning Elegancia Healthcare kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Onlayn-uchrashuv davomida Elegancia Healthcare kompaniyasining Qatarda faoliyat yuritayotgan shifoxonalarida ingliz tilida erkin so‘zlasha oladigan o‘zbekistonlik malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qilish masalalari muhokama qilindi.

Qatar tomoni birinchi bosqichda 50 nafar xodimni suhbat asosida ishga qabul qilishga, keyinchalik yana 20 kishini jalb qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganlar ish faoliyatini boshlashdan oldin Qatar shifoxonalarida tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv-amaliy kurslarda malaka oshirishlari ta’kidlandi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Elegancia Healthcare kompaniyasi o‘rtasida mazkur sohada o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuv imzolashga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid