Jahon | 12:03 / 27.01.2024
2448
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya saylovlar vaqtida g‘arbda ovoz berish uchastkalarini ochadi

Foto: Vedomosti

Saylov uchastkalari «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlarda ham ishlaydi, deya xabar berdi Rossiya TIV. Rossiyada prezidentlik saylovlari 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Prezidentlik saylovlari uchun saylov uchastkalari Rossiya vakolatxonalari joylashgan barcha mamlakatlarda, shu jumladan «do‘st bo‘lmagan» (Ukrainaga qarshi urushi tufayli RFga qarshi sanksiyalar joriy etgan) davlatlarda ochiq bo‘ladi, dedi 26 yanvar, juma kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova rasmiy brifingda. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyaning xorijiy muassasalari yopilgan qator mamlakatlarda, xususan, AQSh, Germaniya, Chexiya, Finlandiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlarida saylov uchastkalari avvalgiga qaraganda kamroq bo‘ladi. 

Zaxarova, shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vazirligi xorijdagi saylov uchastkalari sonini «300 talik ko‘rsatkich asosida» hisoblab chiqayotganini, bunda ayrim mamlakatlarda ovoz berish nafaqat poytaxtda, balki «rossiyaliklar yashaydigan ixcham joylarda» ham o‘tkazilishini hisobga olganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Mariya Zaxarova saylov kuni «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlardagi saylovchilarga tahdidlar bo‘lishi mumkinligini e’lon qildi, bunda, uning aytishicha, «Rossiyaga qarshi ritorika darajasi odatdagidan yuqori bo‘ladi».

Rossiya prezidenti saylovlari 

Rossiyada prezidentlik saylovlari 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tadi. 2023 yil dekabr oyi boshida nomzodini ilgari surishini e’lon qilgan Vladimir Putindan tashqari, 10 dan ortiq nomzod ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Parlamentdagi partiyalardan Leonid Slutskiy (LDPR), Nikolay Xaritonov (KPRF), Vladislav Davankov («Novyye Lyudi») nomzodini ko‘rsatish rejalarini e’lon qildi. Bundan tashqari, siyosatchi Boris Nadejdin ham saylovlarda ishtirok etishni mo‘ljallagan. 

Rossiya uchun «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlar ro‘yxati 2022 yil mart oyida, Ukrainada urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay tasdiqlangan. U oxirgi marta 2022 yil oktyabr oyida kengaytirilgan va hozirda 49 ta davlatni, jumladan AQSh, Kanada, Avstraliya, Britaniya va Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlarini qamrab oladi. 

Yanvar oyi boshida «Vedomosti» manbasiga tayanib Rossiyaning bir qator «do‘st bo‘lmagan» davlatlar konsulliklarida saylov uchastkalari ochilmasligini yozgan edi. O‘shanda Zaxarova tashqi ishlar vazirligi «vaziyatni o‘rganayotganini» aytdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid