O‘zbekiston | 20:12 / 30.01.2024
8865
2 daqiqa o‘qiladi

“Yangi sement zavodlari qurishni to‘xtatib qo‘yamiz” – Aziz Abduhakimov

Respublikada 47 ta sement zavodi bo‘lib, shundan 23 tasi ishlashdan to‘xtagan. Yana 25 tasining 90 foizi faoliyati ekologik talablarga javob bermayotgani aniqlangan.

O‘zbekistonda yangi sement zavodlari qurishga moratoriy e’lon qilinishi mumkin. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi.

Hozir mana qaror qabul qilindiki, O‘zbekistonda yangi sement zavodlarini qurishga balki moratoriy e’lon qilamizmi, to‘xtatib qo‘yamiz. Bundan tashqari biz hamma sement zavodlarini o‘rganib boshladik”, – dedi Abduhakimov. 

Vazirning bergan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ayni damda 47 ta sement zavodi mavjud. Ularning 23 tasi ekologik talablarga javob bermagani yoki boshqa sababga ko‘ra to‘xtatilgan.

Qolgan 25 tacha korxonani o‘rganganimizda deyarli 90 foizining faoliyati ekologik talablarga javob bermayotganini aniqladik. Bu bo‘yicha har bir korxonaga tegishli ogohlantirish va o‘zimizning choralarimizni berdik”, – dedi ekologiya vaziri.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shavkat Mirziyoyev yangi sement zavodlari qurishni taklif etayotgan mutasaddilarni tanqid qilgan edi.

Mavzuga oid