O‘zbekiston | 10:10 / 31.01.2024
37645
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoning tog‘li qishlog‘ida qariyb 1 metr qor yog‘di

Qor besh kundan buyon yog‘ishda davom etayotgani aytilmoqda.

Foto: Shahrisabz tumani hokimligi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hududida joylashgan qishloqda qalin qor yog‘gan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Shahrisabz tumanining olis tog‘li hududida joylashgan Ko‘l qishlog‘ida 5 kundan buyon qor yog‘moqda va uning qalinligi qariyb bir metrga yetgan.

Qayd etilishicha, tuman hokimligi tomonidan yoqilg‘i zaxirasi shakllantirilib, qishloq aholisi tuman markazidan uzilib qolmasligi uchun yo‘llar maxsus texnikalar yordamida muntazam qordan tozalanmoqda.

“Bu vaziyat aholining turmush tarziga salbiy ta’sir etayotgani yo‘q. Tuman hokimligining tashabbusi bilan aholining ehtiyojlari o‘rganilib, yetarli miqdorda arzonlashtirilgan ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilgan. Ijtimoiy soha obektlari ham barqaror ishlamoqda”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Kitob tumanining olis tog‘ hududida joylashgan Aspiduxtar qishlog‘ida yarim metr qor yog‘gani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, Kitob, Shahrisabz va Dehqonobod tumanlarining olis tog‘li qishloqlarida tez-tez qalin qor yog‘ishi kuzatiladi.

Bundan bir necha yil oldin qalin qor tufayli Ko‘l qishlog‘iga olib boradigan yo‘l yopilib qolgandi.

Shuningdek, o‘tgan yili Dehqonobod tumanining olis tog‘li hududida joylashgan Do‘konxona qishlog‘ida bir metr qalinlikda qor yog‘gani aytilgandi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid