14:49 / 02.02.2024
11805

Toshkent viloyati SSBga yangi boshliq tayinlandi

To‘raqul Arziqulov Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarligiga qaytdi. So‘nggi bir yilga yaqin vaqt davomida viloyat SSBga Ulug‘bek Abdug‘aniyev rahbarlik qilib kelayotgandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan To‘raqul Sodiqovich Arziqulov Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

To‘raqul Arziqulov 1993 yilda 2-Toshkent davlat tibbiyot institutini, 1995 yilda klinik ordinatura, 1998 yilda Rossiya xirurgiya ilmiy markazining aspirantura bosqichini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yurak ishemik xastaligi xirurgiyasi bo‘limida ilmiy xodim sifatida boshlagan.

Turli yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori o‘rinbosari, Surxondaryo viloyati cog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyat filiali direktori bo‘lgan, 2018 yil iyunidan 2023 yil mayiga qadar Toshkent viloyati cog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Tibbiyot fanlari doktori To‘raqul Arziqulov tayinlovga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy yordamni tashkillashtirish departamentida mas’ul lavozimda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Toshkent viloyati SSBga 2023 yil mayidan buyon rahbarlik qilib kelgan Ulug‘bek Abdug‘aniyevning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid
Top