Sovetlarning muvaffaqiyatsiz loyihasi – Il-86 samolyoti nega ommalashmagandi?
SSSRda bir nechta aviakonstruktorlik byurolari bo‘lgan va har yili ko‘plab samolyotlar ishlab chiqarilardi. Sovetlar 1960-1970-yillarda yasab chiqilgan samolyotlarni mukammallashtirishga urinishmadi. 1980-yillarning ikkinchi yarmiga kelib modellar eskirdi va xalqaro talablarga javob bermay qo‘ydi. Oqibatda SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiyada fuqaro aviatsiyasi uchun samolyot ishlab chiqarish qariyb to‘xtab qoladi.
SSSRda fuqaro aviatsiya ikkinchi jahon urushidan keyin juda tez rivojlana boshlaydi. 1960-yillarda bir nechta konstruktorlik byurosi muvaffaqiyatli ishlayotgan edi.
Jumladan, turli samolyotlar loyihasi qo‘yidagi konstruktorlik byurolarida tayyorlanardi:
- “An” samolyotlari – Oleg Antonov tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik byurosida;
- “Tu” samolyotlari – konstruktor Andrey Tupolev tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik byurosida;
- “Il” samolyotlari – konstruktor Sergey Ilyushin nomiga qo‘yilgan konstruktorlik byurosida;
- “Yak” samolyotlari – konstruktor Aleksandr Yakovlev nomiga qo‘yilgan konstruktorlik byurosida.
Bundan tashqari, Artyom Mikoyan va Mixail Gurevich tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik byurosida “MiG” va Pavel Suxoy tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik byurosida “Su” harbiy samolyotlari loyihasi ishlab chiqarilgan.
O‘sha paytlarda bir vaqtning o‘zida turli aviatsiya zavodlarida o‘nlab turdagi samolyotlar ishlab chiqarilardi. Dunyoning bironta davlati, hatto AQShda ham buncha ko‘p modelda samolyot chiqarilmasdi.
Sovet konstruktorlari tomonidan ishlab chiqarilgan barcha samolyotlar tor fyuzelajli bo‘lib, SSSRda keng fyuzelajli samolyot tayyorlanmasdi.
1970-yillar boshlarida sovet konstruktorlariga keng fyuzelajli samolyot loyixasini ishlab chiqarish topshirig‘i qo‘yiladi. Uni bajarish Ilyushin konstruktorlik byurosi chekiga tushadi. Ko‘p o‘tmay “Il-86” nomi bilan keng fyuzelajli samolyot paydo bo‘ladi.
Biroq bu samolyot uncha ommalashmaydi va bor-yo‘g‘i 100 dona atrofida ishlab chiqariladi. Ma’lumot uchun SSSRdagi eng ommabop samolyotlardan minglab dona ishlab chiqarilgan.
Il-86 tarixi
1960-yillarning ikkinchi yarmida SSSRda katta samolyotlar yo‘q edi. Biroq dunyoning yetakchi aviakorxonalari allaqachon bunday samolyotlarni tayyorlay boshlagandi.
O‘sha paytda mamlakatda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan “Aeroflot” rahbarlari hukumatdan 250-350 yo‘lovchi sig‘adigan keng fyuzelajli samolyot tayyorlab berishni so‘rashadi.
1967 yil 13 oktyabr kuni SSSR ministrlar sovetining keng fyuzelajli samolyot ishlab chiqarish haqidagi qarori qabul qilinadi va bu ish Sergey Ilyushin boshchiligidagi konstruktorlik byurosiga topshiriladi.
Bu ishning Ilyushin konstruktorlik byurosiga topshirilishining sababi 1960-yillar boshida SSSRdagi eng katta “Il-62” samolyotini shu byuro tayyorlagan edi.
“Il-62” samolyotiga 168 nafar yo‘lovchi sig‘ardi. “Ilyushin” konstruktorlik byurosi muhandislari hukumatga “Il-62” bazasida 350 nafar yo‘lovchi sig‘adigan samolyot tayyorlash loyihasini taqdim etishadi.
Loyihaga ko‘ra “Il-62” fyuzelaji kengaytirilishi, o‘rindiqlar olti qatordan to‘qqiz qatorga ko‘paytirilishi, o‘rindiqlar orasidagi joyni biroz qisqartirish hisobidan unga 350 nafar yo‘lovchi sig‘adigan bo‘lishi kerak edi.
Biroq hukumat komissiyasi loyihani rad etadi. Bunga sabab, o‘rindiqlar orasidagi joy qisqartirilsa yo‘lovchilarga yaratilgan sharoitlar yomonlashadi deb topiladi.
Buning ustiga “Il-62”da to‘rtta kichikroq dvigatel qanotlarga emas, fyuzelajning orqaroq qismiga o‘rnatilgandi. Komissiya “Il-62”ga o‘rnatilgan dvigatellar 350 kishilik samolyotni parvozi uchun yaramaydi deb topadi.
Shundan so‘ng “Ilyushin” muhandislari yangi samolyot loyihasini tayyorlay boshlashadi. Biroq ishlar cho‘zilib ketadi.
Bu orada G‘arb aviasozlari tomonidan tayyorlangan keng fyuzelajli Boeing 747, McDonnell Douglas DC-10, Lockheed L-1011 TriStar va Airbus A300 kabi samolyotlar yo‘lovchi tashiy boshlagan edi.
1972 yilga kelib “Ilyushin” muhandislari “Il-86” deb atalgan yangi samolyot loyihasini taqdim etishadi. Hukumat uni tasdiqlaydi. Biroq shundan keyin ham ilk samolyotni tayyorlaguncha 4 yil vaqt o‘tib ketadi.
Birinchi “Il-86” samolyotining sinov parvozi 1976 yil 22 dekabr kuni o‘tkaziladi. 1977 yilda samolyot Parij ko‘rgazmasida namoyish etiladi. “Il-86” samolyotlari Voronejdagi aviatsiya zavodida tayyorlangan.
1978 yilga borib samolyotning zavod sinovlari tugaydi. Biroq uning to‘laqonli parvozi ikki yildan so‘ng 1980 yilda boshlanadi. O‘sha yili 26 dekabr kuni “Il-86” samolyoti Moskva-Toshkent yo‘nalishida birinchi parvozni amalga oshiradi.
“Il-86” samolyotining texnik tavsifi:
- Uzunligi – 59,94 metr;
- Qanotlarning uzunligi – 48 metr;
- Balandligi – 15,81 metr;
- Og‘irligi – 111,5 tonna;
- Maksimal og‘irligi (Yo‘lovchi va yuklar bilan) – 215 tonna
- Ekipaj a’zolari soni – 3-4 kishi
- Yo‘lovchi o‘rni – lyuks salonda 234 kishi, aralash (ozroq lyuks, qolgani ekonom) salonda 314 kishi va ekonom salonda 350 kishi;
- Yuk ko‘tarish quvvati – 42 tonna;
- Yoqilg‘i sig‘imi – 88 000 kg;
- Maksimal tezligi – soatiga 950 kilometr;
- Yoqilg‘i sig‘imi bir marta to‘ldirilganda uchish masofasi – 5 250 km;
- Maksimal uchish balandligi – 12 000 metr.
“Il-86” samolyotiga SSSRning o‘zida ishlab chiqarilgan to‘rtta dvigatel o‘rnatilgandi. Biroq ular ishonchli emasdi. Shu sababli katta va og‘ir samolyotning parvozida muammolar yuzaga kela boshlaydi.
Ko‘p o‘tmay “Ilyushin” konstruktorlik byurosi “Il-86” samolyotini sal mukammallashtiradi. Shundan so‘ng uni “Il-86V” va “Il-86D” nomi ostida ishlab chiqara boshlashadi.
Mukammallashtirilgan deyilgan “Il-86V” va “Il-86D” samolyotlarida dvigatel o‘zgargandi. Sovetlar unga ilk marotaba Britaniyada tayyorlangan turboreaktiv Rolls-Royce RB211-22V dvigatellarini o‘rnatadi.
Yana “Il-86V oddiy “Il-86”dan yo‘lovchi o‘rni ko‘pligi bilan farqlanadi. Bu samolyotga 450 nafargacha yo‘lovchi sig‘ardi. Biroq “Il-86V” ko‘pi bilan 3600-4000 kilometr masofagacha uchardi.
“Il-86D” modelining saloni lyuks bo‘lib, unga 330 yo‘lovchi sig‘ardi va 9 000 kilometrgacha parvoz qila olardi.
Keyinchalik 1988 yilda “Il-86D” modeli asosida “Il-90” samolyoti ishlab chiqariladi. Bu samolyot ham ommalashmagan va undan bor-yo‘g‘i 33 dona ishlab chiqarilgan.
“Il-86” samolyotlarining keyingi taqdiri
1991 yilda SSSR parchalanib ketadi va oqibatda juda ko‘plab zavod fabrikalar to‘xtab qoladi. Shu jumladan, “Il-86” samolyotlarini ishlab chiqargan korxonalar ham. Buning ustiga, Rolls-Royce ham dvigatel bermay qo‘yadi.
O‘sha paytda AQShning General Electric va Fransiyaning SNECMA kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan CFM International qo‘shma korxonasida tayyorlangan dvigatellardan foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Biroq bu ham amalga olishmaydi.
Garchi rasmiy ma’lumotlarda “Il-86” samolyotlari 1997 yilgacha ishlab chiqarilgan deb berilsa-da, aslida ular SSSR parchalanib ketguncha tayyorlangan. Shunchaki tayyorlab qo‘yilgan samolyotlarning sinov parvozlari keyin o‘tkazilgandi.
“Il-86” samolyotlari 1976 yildan 1990-yillar boshigacha 15 yil davomida bor-yo‘g‘i 106 dona ishlab chiqarilgan. Ya’ni o‘rtacha yiliga 7 donadan tayyorlangan.
Taqqoslash uchun, “Tu-154” samolyotidan 1970 yildan 1990-yillar boshigacha ming donadan oshiq ishlab chiqarilgan.
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiyada faqat harbiy samolyotlar tayyorlovchi korxonalar ishlashda davom etdi. Fuqaro aviatsiyasi uchun ishlagan korxonalar yopilib ketadi yoki boshqa narsa ishlab chiqaradi.
Sovet davrida faoliyat ko‘rsatgan konstruktorlik byurolarining aksariyati hozir ham ishlayapti. Biroq SSSR parchalanib ketgandan so‘ng bironta yangi samolyot loyihasi qilinmadi.
Natijada 1991 yildan boshlab Rossiyada tuzilgan ko‘plab aviakompaniyalar AQShning Boeing va Yevropada ishlab chiqariladigan Airbus samolyotlarini xarid qilishdi. Bugun ham asosan shu ikkita kompaniyalari samolyotlaridan foydalanishmoqda.
2000-yillar boshida Pavel Suxoy nomidagi konstruktorlik byurosi tomonidan yangi samolyot loyihasi tayyorlanadi. 2007 yilda Sukhoi Superjet 100 deb nomlangan yangi yo‘lovchi samolyoti ishlab chiqariladi.
Sukhoi Superjet 100 samolyoti o‘lchami juda kichik, unda bor-yo‘g‘i 87 nafardan 103 nafargacha yo‘lovchi o‘rni bor. Qolaversa u faqat yaqin masofalarga ucha oladi.
Shu sababli bu samolyot ham ishonchni oqlamadi. Sukhoi Superjet 100 samolyotidan 2007-2023 yillar oralig‘ida bor-yo‘g‘i 200 donadan oshiqroq ishlab chiqarilgan.
2012 yildan 2019 yilgacha Sukhoi Superjet 100 samolyotlaridan beshtasi turli sabablar bilan halokatga uchradi va ko‘plab yo‘lovchilar halok bo‘lishdi. Bu ham samolyot ommalashishiga to‘siq bo‘ldi.
Rossiya so‘nggi 32 yilda tuzukroq samolyot ishlab chiqara olmayotganining asosiy sababi sifatida bu mamlakatda ishonchli va zamonaviy dvigatellar ishlab chiqarilmasligi ko‘rsatiladi.
Rossiya fuqaro aviatsiyasi sanoatining barbod bo‘lishiga asosan shu omil sabab bo‘lgan.
Boeing va Airbus esa uzoq yillardan buyon Amerikaning Pratt & Whitney va General Electric hamda Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyalari bilan hamkorlik qilib keladi va ularda tayyorlangan dvigatellardan foydalandi.
O‘quvchilarda, rossiyalik aviasozlar ham Pratt & Whitney va General Electric hamda Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyalaridan dvigatel olsa bo‘lmaydimi degan savol tug‘ilishi mumkin.
Gap shundaki, so‘nggi 30 yilda yo‘lovchi samolyotlariga talab keskin oshib ketdi. Natijada samolyot dvigatellarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga ham ko‘plab buyurtmalar tushdi.
Vaziyat shu darajaga keldiki, sifatli aviadvigatel olish uchun hutto buyurtma bergandan keyin ham bir necha yili kutish kerak. Bunday sharoitda Pratt & Whitney va General Electric hamda Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyalari azaliy mijozlari Boeing va Airbus kompaniyalarini kuttirib rossiyalik aviasozlarga dvigatel sota olmaydi.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda samolyot tayyorlashda so‘nggi texnologiyalar ham qo‘llanyapti va ular ham Rossiyada ishlab chiqarilmaydi. G‘arb kompaniyalari esa xuddi dvigatel bilan bo‘lgani kabi o‘zida talab ko‘pligi uchun bermayapti.
Balki muammoning boshqa, masalan, siyosiy sabablari ham bordir. Lekin nima bo‘lganda ham rossiyalik aviasozlar G‘arbdan ishonchli dvigatellarni va boshqa ehtiyot qismlarni ololmayapti. Oqibatda fuqaro aviatsiyasi uchun zamonaviy samolyotlar tayyorlanmayapti.
Ma’lumot uchun, yaqinda Rossiya ommaviy axborot vositalari bu davlatda Yakovlev konstruktorlik byurosi tomonidan loyihalashtirilgan yangi torfyuzelajli samolyotning sinovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani haqida xabar berishdi.
Xabarda aytilishicha, bu samolyotning ishchi nomi MS-21 bo‘lib, undan joriy yil foydalana boshlanadi. Shundan so‘ng samolyot Yak-242 nomini oladi.
Bu samolyot uch xil jihozlanadi va ularga 132, 163 va 196 nafar yo‘lovchi o‘rni bo‘ladi. Yangi samolyot qanchalik ishonchni oqlaydi, buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha esa Rossiya asosan G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlardan foydalanishda davom etyapti.
Ma’lumot uchun, 2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng Boeing va Airbus kompaniyalari Rossiya foydalanayotgan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi. O‘shandan buyon bu davlat aviakompaniyalariga tegishli samolyotlarning bir nechtasida texnik nosozlik kuzatildi.
Il-86 samolyotlaridan foydalanish
Il-86 samolyotlari tayyor bo‘lar ekan, “Aeroflot”dan tashqari sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar ham unga qiziqish bildirishadi. Jumladan, 1988 yilda GDRning “Interflug” aviakompaniyasi ikkita Il-86 samolyotlariga buyurtma beradi. Biroq aviakompaniya Il-86 larlardan ko‘ra Airbus A310 samolyotlarini afzal ko‘radi va sovetlarga berilgan buyurtmani bekor qiladi.
Garchi samolyot ishonchli bo‘lmasa ham undan uch donasini xorijga sotishga muvaffaq bo‘lishadi. Il-86larga Xitoyning «China Xinjiang Airlines» aviakompaniyasi xaridor bo‘ladi.
Samolyotlar Xitoyga 1991-1993 yillarda yetkazib beriladi. Biroq 2003 yilda Xitoy ulardan foydalanishni to‘xtatadi va Il-86lar Rossiyaga qaytarib yuboriladi.
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Il-86 samolyotlari qaysi respublikalarga berilgan bo‘lsa, o‘zlarida qoladi. O‘zbekistonda ham bunday turdagi samolyotlar bo‘lgan. Rossiya o‘zida qolganlari shu davlat aviakompaniyalari tomonidan ishlatiladi.
2000-yillar boshlarida Yevropa Ittifoqi juda baland ovoz chiqaradigan samolyotlar parvozini taqiqlaydi. Shundan so‘ng Il-86 larning parvozlari to‘xtatiladi. Ulardan faqat charter reyslarda foydalanishadi.
2008 yilda Rossiyada iqtisodiy inqiroz yuz berdi. O‘sha paytda bu davlatdagi aviakompaniyalar uzil-kesil yoqilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan va katta xarajatlarni talab qiladigan Il-86 samolyotlaridan butunlay voz kechishadi.
Il-86 samolyotining so‘nggi muntazam parvozi 2010 yilda Moskva-Simferopol yo‘nalishida amalga oshirilgan. Oradan bir yil o‘tgach Antaliya-Moskva yo‘nalishida so‘nggi charter parvozi amalga oshiriladi. Shu bilan Il-86 samolyotlarining parvozi butunlay to‘xtatiladi.
Aviakompaniyalar Il-86 larni sotuvga qo‘yishadi, biroq ularga tayinli xaridor chiqmaydi. Shundan so‘ng ularning aksariyati muzeylarga, aviatsiya bilim yurtlariga, qolgani metallolomga topshirib yuboriladi.
2020 yilda turli joylarda bor-yo‘g‘i 8 ta Il-86 samolyoti qolgan edi.
Bular:
- Kiyev aviatsiya muzeyida;
- Ulyanovsk fuqaro aviatsiyasi muzeyida;
- Novosibirskdagi Tolmachyovo aeroporti hududida yodgorlik sifatida;
- Sankt-Peterburgdagi “Xeli-drayv” vertolyot markazi hududida;
- BAAdagi Fujyeyra aerodromida (bu Il-86 “Global Aviation” aviatashuvchisiga tegishli;
- Sheremetevo aeroportida (Moskvadagi uchuvchilar tayyorlash bilim yurtiga berilgan);
- Domodedovodagi samolyotlar qabristonida (bu Arman havo yo‘llariga qarashli);
- Voronejdagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi hududida (so‘nggi samolyot zavoddan chiqarilgan holida qolib ketgan).
Il-86 samolyotlari bilan bo‘lgan “avariya”lar
Sverdlovsk, 1991 yil. Il-86 samolyoti bilan sodir bo‘lgan birinchi noxush hodisa 1991 yilda yuz bergan. Ichida 360 nafar yo‘lovchi bo‘lgan Il-86 Sverdlovsk viloyatida uchayotganida yong‘in kelib chiqadi.
Uchuvchilar darhol samolyotni Sverdlovsk (hozirgi Yekaterinburg) shahriga favqulodda qo‘ndirishadi va odamlar eson-omon evakuatsiya qilinadi. O‘shanda hech kim jabrlanmaydi, biroq samolyot yaroqsiz ahvolga kelib qoladi.
Dehli, 1994 yil. Hindiston poytaxtidagi aeroportdan havoga ko‘tarilayotgan Boeing 737 halokatga uchrab qulab tushadi. Shunda aeroportda turgan Il-86 ga uning bo‘laklari kelib tushadi.
Hodisa oqibatida Boeing 737ʼning to‘rt nafar ekipaji, Aeroflotning samolyotga xizmat ko‘rsatuvchi 4 nafar xodimi halok bo‘ladi. Il-86 jiddiy shikastlanadi.
Moskva, 1998 yil. Il-86 Sheremetevo aeroportiga qo‘nish chog‘ida “avariya”ga uchraydi. Bunga yomon ob-havo sharoiti va uchuvchilarning tajribasizligi sabab bo‘lgan.
Ushbu hodisada halok bo‘lganlar yoki tan jarohati olganlar haqida ma’lumot yo‘q. Biroq samolyot butunlay yaroqsiz bo‘lib qoladi va safdan chiqariladi.
Dubay, 2001 yil. Rossiyadan BAAga uchgan Il-86 Dubay aeroportiga qo‘nish chog‘ida uchuvchilarning tajribasizligi ortidan noxush vaziyatga tushib qoladi.
Hodisada hech kim vafot etmaydi. Biroq samolyot butunlay yaroqsizga aylanadi va safdan chiqariladi.
Moskva, 2002 yil. Ichida yo‘lovchilar bo‘lmagan Il-86 Sheremetovo aeroportidan uchish chog‘ida “avariya”ga uchraydi. Oqibatda samolyot butunlay yaroqsizga aylanadi va safdan chiqadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:39 / 21.11.2024
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
14:01 / 15.11.2024
Lavrov samolyotiga xorijda yonilg‘i quyishdan bosh tortishayotganidan shikoyat qildi
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
14:58 / 03.11.2024