O‘zbekiston | 11:39 / 05.02.2024
8614
6 daqiqa o‘qiladi

“Kanatli jamoat transporti – o‘zini oqlamaydigan qimmat loyiha” – shaharsoz

Toshkentda barpo qilinishi mumkin bo‘lgan osma dor yo‘li jamoat transporti xavfsizlik, sig‘im va hatto narx jihatidan maqbul yechim emas. Keyinchalik bu loyiha xarajatlarini qoplay olmasligi ham mumkin. Shaharsoz Temur Ahmedov Kun.uz'ga bergan intervyusida bunday osma transportdan odatda tomoshabop manzillarda turistik maqsadlarda, masalan tog‘li manzarali joylarda foydalanilishini, jamoat transporti sifatida yo‘lovchi tashilmasligini aytmoqda.

25 yanvar kuni Toshkent shahar hokimiyati poytaxtning “Mahtumquli” ko‘chasi, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i yo‘lida Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda osma dor yo‘li jamoat transporti qurilishi mumkinligi haqida xabar berdi. Bu bo‘yicha ikki tomonlama investitsiya shartnomasi imzolangani hamda kanatli taksilarni yo‘lga qo‘yish borasidagi loyiha jamoatchilikka oldindan taqdim etilishi ham qayd etilgandi

Kun.uz'ga intervyu bergan shaharsoz Temur Ahmedovning fikricha, hozirda muammoga ko‘milib yotgan boshkentga bunday qimmat, xavfsiz bo‘lmagan loyiha kerak emas.

Osma dor yo‘lini jamoat transporti deb bo‘lmaydi. Chunki u asosan tog‘li joylarda yoki qandaydir katta bog‘ bo‘lsa, yerdan yurib emas, tepadan ko‘rish uchun qilinadi. Tog‘larda esa birinchidan yo‘l qurish qiyin, ikkinchidan esa odamlar u yerga chiroyli joylarni ko‘rish uchun borishadi. Sekin-shoshmasdan qarab, oilasi bilan aylanib yuradi.

Shunaqa joylarga borganda albatta chiptaning ham narxini to‘laydi. Chunki u yerga borishdan maqsad boshqa. Shunga muvofiq [bir yo‘lovchi uchun] ko‘p xarajat bo‘lsa ham tizim buni qoplaydi. Transport sifatida bunday tizimlar ba’zi davlatlar, masalan, Shveytsariyada ishlatiladi. Lekin u pastda joylashgan qishloqdan tepalikka chiqish uchun vosita bo‘lib xizmat qiladi. Chunki tog‘li joy. [Bunday joylarda] yo yo‘l, yo shunday kanatli transport qurishga to‘g‘ri keladi. O‘sha yerda ham yo‘lovchilar shoshmasdan chiqishadi, xavfsizlik uchun qilinadi”,– dedi shaharsoz.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, katta pul sarflanib bu loyiha amalga oshirilgandan keyingi muammolar talaygin. Masalan, biror sabab bilan transport harakati to‘xtasa yoki yo‘lovchilardan birining mazasi qochsa, evakuatsiya qilish masalasi yuzaga keladi.

Misol uchun, avtobus ishdan chiqsa, eshik ochiladi, tushib ketishadi. Metroda esa chiqib ketish uchun o‘zining maxsus yo‘llari bor. [Osma dor yo‘lida esa] tepada bo‘lganingizda kimdir kelib, chiqib tushirish kerak bo‘ladi. Bir narsa buzilsa, butun liniya to‘xtaydi, nechta kabinka bo‘lsa, uning ichidagi hamma odamlarni tushirish kerak bo‘ladi. Bu juda katta muammo keltirib chiqaradi. Yozda havo harorati 45 daraja bo‘lgan vaqtda bu ishlarni tez bajarish kerak bo‘ladi, odamlarning mazasi qochib qoladi.

Tirbandlikdan o‘tamiz deb buni ishga tushirishsa, lekin nimadir ishdan chiqsa, o‘t o‘chiruvchi mashinalar borib, narvonni qo‘yib, nechtasi chiqishi kerak bo‘ladi? Bu juda muammo bo‘ladi. Bundan tashqari, qancha odam bu tizimni ishlata oladi. Masalan, avtobusga 120 nafar yo‘lovchini o‘tkazasiz, shu bilan ketaverasiz. Bu yerda bitta kabinkaga 120 nafar odam sig‘maydi. 8 nafardan bo‘lsa, soatiga qancha aholi tashiladi? Boshqa jamoat transportlari, hatto takisga solishtirganda ko‘rsatkichlar juda past”,– dedi u.

Qolaversa, osma dor yo‘li qurilishi to‘liq xorijiy donor asosida moliyalashtirilishini, investorlar xarajatini chipta tushumlaridan qoplashini hisobga olsak, yo‘lkira narxlari ham qimmat bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa oddiy aholi qatlami uchun jozibador emas. Shaharsoz bu fikrni tasdiqlagan holda sarflangan mablag‘ o‘zini oqlamasligini, xarajatlarni qoplamasligini aytmoqda.

Hozir bizda avtobuslar[ning yo‘lkira narxi] karta bilan 1 ming 700 so‘m, naqd pulda esa 2 ming so‘m bo‘ladi. Bunday [qimmat] narx qo‘yilsa, hech kim [kanatli jamoat transportidan] foydalanmaydi. Deylik, yo‘lkira 4 ming so‘m bo‘lsin, bu o‘zini qoplamaydi. Bu yerda ko‘proq xarajat ekspluatatsiyaga ketib qoladi. Chunki mexanizmlari ko‘p.

O‘zini qoplash uchun esa tarif qimmatroq bo‘lishi kerak. 20 ming bo‘lsa, nima sabab osma dor yo‘liga chiqishim kerak? Undan ko‘ra, avtobusga o‘tiraman, manzilimga konditsioner bilan yetib boraman”,– deydi u.

Ahmedovga ko‘ra, dunyoda bir muddat yo‘llarda avtomobilga prioritet berib, keyinchalik bu xatosini tushunib yetgan rivojlangan shaharlar tajribasi yetarli. Ulardan andoza olgan holda Toshkentda ham odamlar mobilligini oshirish, qimmat bo‘lsa-da, joylarga tramvaylarni qaytarish mumkin. Aks holda, aholining orasida mobillikning tushishi keyinchalik salomatlik bilan bog‘liq, aynan semizlik kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Shaharsoz Temur Ahmedov bilan bo‘lgan to‘liq suhbatni shu yerda tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid