O‘zbekiston | 10:43 / 07.02.2024
5167
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida poyezd nosozlik sabab 3 daqiqa harakatlana olmadi

Chilonzor yo‘nalishining “Hamid Olimjon-Amir Temur xiyoboni” metro bekatlari orasida harakatlanayotgan poyezd texnik nosozlik tufayli 3 daqiqa harakatlana olmagan. Shu sababli bu poyezd ortdan kelayotgan harakat tarkibi bilan tirkamaga olinib, tekshiruv yo‘lagiga yuborilgan.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt metrosining “Paxtakor” bekatida poyezd yo‘lovchilarni tushirib, bo‘sh holda keyingi bekatga ketayotgani, qarshi tomonga esa ancha vaqtdan beri poyezd kelmagani haqidagi xabarlar yuzasidan Toshkent metropoliteni rasmiy izoh berdi.

Qayd etilishicha, 7 fevral kuni soat 08:55 larda Chilonzor yo‘nalishining “Hamid Olimjon-Amir Temur xiyoboni” bekatlari oralig‘ida harakatlanayotgan poyezdda texnik nosozlik holati kuzatilgan. Buning natijasida poyezd 3 daqiqa vaqt davomida harakatlana olmagan.

“Shu sababli ortdan kelayotgan 4-sonli harakat tarkibi bilan tirkamaga olingan holda harakat tarkibi tekshiruv yo‘lagi tomon yuborilgan. Hozirgi vaqtda yo‘nalishda poyezdlar harakati belgilangan jadval asosida amalga oshirilmoqda”,– deyiladi rasmiy xabarda.

Toshkent metropoliteni keltirilgan noqulayliklar yuzasidan yo‘lovchilardan uzr so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni “Kosmonavtlar” metro bekatiga kirib kelgan harakat tarkibining vagon elektr qismida texnik nosozlik holati kuzatilib, kichik yong‘in chiqqandi.

15 yanvarda “Do‘stlik” bekatidan harakatlanayotgan poyezdning 4-vagonidagi elektr bilan ta’minlovchi himoya avtomatida texnik nosozlik kuzatilib, vagonning asosiy yoritish chiroqlari o‘chib qolgandi.

7 yanvarda esa “Yunus Rajabiy” bekatidan harakatlanishi lozim bo‘lgan poyezd vagonlaridan biri tutab ketgandi.

O‘tgan yili oktyabr oyida o‘tgan matbuot anjumanida bir guruh mas’ullar poytaxt metropoliteni tasarrufida 256 ta vagon mavjud ekanini, shularning 75 foizi xizmat qilish muddatini o‘tab bo‘lganini ma’lum qilishgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid