Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun imzolandi
Qonun bilan davlat mulkini xususiylashtirish tartibi va usullari belgilanmoqda. U uch oydan so‘ng kuchga kiradi.
Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 14 fevral kuni “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, davlat ko‘chmas mulk obektlari, davlat ulushlari (aksiyalari, ulushlari), davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari davlat mulki obektlari sifatida xususiylashtirilishi mumkin.
Davlat mulkini xususiylashtirish quyidagi usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi:
- auksion;
- tanlov savdolari;
- muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish;
- raqobatga asoslangan muloqot;
- birja savdolari;
- davlat unitar korxonasini yoki davlat muassasasini mulkiy majmua tarzida xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) davlat ulushi sifatida kiritish;
- davlat ulushlarini va davlat ko‘chmas mulk obektlarini xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) davlat ulushi sifatida kiritish;
- davlat unitar korxonasini yoki davlat muassasasini keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan ijaraga berish.
Davlat mulki to‘liq yoki qisman xususiylashtirilishi mumkin. Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirilmaydigan davlat mulki bundan mustasno.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi. Xususiylashtiriladigan davlat mulkining boshlang‘ich narxi vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan belgilanadi.
Qonunga ko‘ra, xususiylashtiriladigan davlat mulki bo‘yicha:
- davlat ko‘chmas mulk obektining oldi-sotdi shartnomasi vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari, xaridor hamda balansda saqlovchi ishtirokida, shu jumladan elektron shaklda tuziladi;
davlat muassasalarining, davlat unitar korxonalarining, xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushining oldi-sotdi shartnomasi vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari va xaridor o‘rtasida, shu jumladan elektron shaklda tuziladi.
Shuningdek, xususiylashtiriladigan davlat mulkining oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha barcha majburiyatlar bajarilganidan keyin, 5 ish kuni ichida xaridorga davlat xizmatlari markazlari orqali yoki YaIDXP (my.gov.uz) vositasida QR-kod qo‘yilgan holda mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi beriladi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Mavzuga oid
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
16:31 / 25.11.2024
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
11:50 / 20.11.2024