2024 yilda O‘zbekistonni eng issiq yoz kutayotgan bo‘lishi mumkin
Shuningdek, quruq kuz va sovuqroq qish ehtimoli ham borligi ta’kidlandi.
2024 yilda O‘zbekiston tarixidagi eng issiq yoz kuzatilishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
«Butunjahon meteorologlari prognozlariga ko‘ra, hozirda kuzatilayotgan El-Ninyo hodisasi 2024 yil apreligacha davom etadi. Ushbu hodisa 10 ta raqamli iqlim modellari hisob-kitoblarining o‘rtacha natijasidir. Keyinchalik, ilmiy asoslarga ko‘ra, O‘zbekistonda odatdagi issiq yoz fasli (Toshkentda havo harorati +40 darajagacha), quruq kuz va sovuq qish bilan tavsiflangan La-Ninyo jarayoni rivojlana boshlaydi. Quruq kuz, ya’ni yog‘ingarchilik miqdori me’yordan past bo‘lishi kutilmoqda», deyiladi xabarda.
Qayd qilinishicha, issiq yoz O‘zbekiston iqlimi uchun tez-tez uchraydigan hodisa. Bunda janub va cho‘l hududlarida +40...+45 darajagacha, qolgan hududlarda esa +40...+42 darajagacha issiq bo‘ladi. Eng issiq havo yoz oyida odatda 5-7 kun davom etadigan termal tushkunlik bilan bog‘liq va bunday holat 2-3 marotaba kuzatiladi.
Ma’lumot o‘rnida, «El-Ninyo» (ispancha – bolakay) ob-havo fenomeni o‘rtacha 2-7 yilda bir marta sodir bo‘ladi va odatda 9 oydan 12 oygacha davom etadi. Bu Tinch okeani markaziy va sharqiy tropiklarida suv yuzasidagi haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim rejimi hisoblanadi. «El-Ninyo» dunyoning ko‘plab qismlari va okean mintaqalarida harorat rekordlari va haddan tashqari issiq ob-havo sharoiti ehtimolini sezilarli darajada oshiradi.