Jahon | 14:41 / 20.02.2024
6679
3 daqiqa o‘qiladi

YeI kengashi Qizil dengizda harbiy-dengiz operatsiyasini boshlashni ma’qulladi

Yevropa Ittifoqi kengashi Qizil dengizda Aspides harbiy-dengiz operatsiyasini boshlashni ma’qulladi. Germaniyaning «Gessen» fregati savdo kemalarini Yaman husiychilari hujumidan himoya qilish missiyasida ishtirok etadi.

Foto: Sina Schuldt/dpa/picture alliance

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Qizil dengizda kemalarni Yaman husiychilaridan himoya qilish uchun dengiz operatsiyasini boshlashni ma’qulladi. 19 fevral, dushanba kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, Yevropa harbiy kemalari va hamrohlik qiluvchi samolyotlari Qizil dengiz va qo‘shni dengiz hududlariga u yerdan harakatlanayotgan savdo kemalarini himoya qilish uchun yuboriladi. 

Yevropa Ittifoqi kengashining bayonotida aytilishicha, «Aspides operatsiyasi 2023 yil oktyabr oyidan beri husiychilar hujumlari xalqaro tijorat kemalarini nishonga olgan hududda Yevropa Ittifoqi dengiz kuchlarining mavjudligini ta’minlaydi». 

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi kengashi qarorini olqishladi. «Inqirozga javob berishdan tashqari, bu Yevropa manfaatlarini himoya qilish uchun dengizda kuchliroq Yevropa Ittifoqi mavjudligiga qaratilgan qadamdir», deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Nemis fregati Aspides operatsiyasida ishtirok etadi 

Missiyada bortida 240 nafar askar bilan Germaniyaning «Gessen» fregati ishtirok etadi. 143 metr uzunlikdagi, zenit-raketalar bilan jihozlangan kema 8 fevral kuni Vilgelmsxafendan O‘rta Yer dengiziga jo‘natildi. 

Bundan tashqari, Germaniya Gretsiyaning Larisa shahridagi operatsiya shtabini xodimlar va vertolyotlar bilan ta’minlash niyatida. 

Aspides deb nomlangan Yevropa Ittifoqi missiyasining bir yillik mandati Germaniya bundestagi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Ovoz berish 23 fevral, juma kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

Husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilmoqda

Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychi isyonchilari 2023 yil oktyabr oyida HAMAS harakati Isroilga hujum qilganidan beri Qizil dengizdagi tijorat kemalariga dronlar va raketalar bilan muntazam hujum qilib kelmoqda. Husiychilar Yaqin Sharqdagi mojaroga HAMAS tomonida kirganini e’lon qildi. AQSh va Britaniya o‘z ittifoqchilari ko‘magida yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab Yaman Respublikasidagi husiychilar nishonlariga yirik hujumlar uyushtirmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid