10:41 / 01.03.2024
4075

Bryussel Yevropa ittifoqining avval muzlatilgan mablag‘larini Polshaga o‘tkazdi

Polsha yangi hukumati Yevropa Ittifoqining adliya sohasidagi talablarini bajarishga kirishgach, Yevrokomissiya Varshava uchun mo‘ljallangan 137 milliard yevroni blokdan chiqardi.

Foto: Reuters

Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi bilan mojaro paytida muzlatilgan mablag‘larni Polsha uchun blokdan chiqardi. Varshava hokimiyati avval ushlab turilgan 137 milliard yevroni oladi, deb xabar qildi Bryussel departamenti 29 fevral, payshanba kuni. Dekabr oyida qasamyod qilgan yevropaparast Donald Tusk hukumati Yevropa Ittifoqining odil sudlov mustaqilligi sohasidagi talablarini bajardi va Polsha adliya tizimini isloh qilishni boshladi, deya tushuntirdi Bryussel.

Bu miqdorga Yevropa iqtisodiyotini pandemiya oqibatlaridan qutqarish dasturi doirasidagi deyarli 60 milliard yevro, shuningdek, turli sohalar, xususan, mintaqaviy rivojlanish va baliqchilikni moliyalashtirish dasturlari hisobidan 77 milliard yevroga yaqin mablag‘ kiradi. Ilgari muzlatilgan mablag‘lar Varshavaga bir necha bosqichda o‘tkaziladi. 

Bir necha kun oldin Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Varshavaga tashrifi chog‘ida Polsha hukumati YeI talablarini qondirish uchun katta sa’y-harakatlar qilganini aytdi. 

Varshavada YeI talablariga javob beradigan reja taqdim etildi 

Avvalroq Polsha adliya vaziri Adam Bodnar Yevropa Ittifoqining Polshaga qarshi davom etayotgan surishtiruvini tugatish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini taqdim etgan edi. Boshqa narsalar qatorida, gap 2017 yil oxirida boshlangan jarayonni to‘xtatish haqida ketyapti, uning doirasida Varshava Yevropa Ittifoqi kengashidagi ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Polshaga qarshi ish yuritish tugatilgandan so‘ng Vengriya bunday ish yuritiladigan yagona davlat bo‘lib qoladi. 

Bryussel va Polshaning avvalgi milliy konservativ hukumati o‘rtasida sud-huquq islohotlari bo‘yicha mojaro 2016 yil boshidan beri davom etmoqda. Polsha prezidenti Anjyey Duda umumiy yurisdiksiya sudlari to‘g‘risidagi qonunni imzolaganidan so‘ng, Yevropa komissiyasi Yevropa Ittifoqi tarixida birinchi marta uning Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiqligini tekshirish tartibini boshladi.

Bahsli sud-huquq islohoti adliya vaziriga sud raislarini lavozimidan ozod etish, ularni boshqa nomzodlar bilan almashtirish huquqini berdi. Vazifalaridan biri Yevropa qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo‘lgan Yevropa komissiyasi Varshavadan sud-huquq islohotini bekor qilishni yoki uni Yevropa Ittifoqi standartlariga moslashtirishni talab etdi.

Top